Jahon | 19:24 / 06.11.2025
3162
6 daqiqa o‘qiladi

Isroilning yangi xavfsizlik doktrinasi: Suriya janubi bufer zonalarga bo‘linadimi?

Isroil manbalariga ko‘ra, Tel-Aviv Suriya bilan chegarani bir qancha yangi bufer zonalarga ajratish tashabbusini ilgari surgan. Urushni o‘rganish instituti bu sxemani mamlakat xaritasida aniq tasvirlab bergan edi. Kun.uz’ning «Geosiyosat» dasturida Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert, professor Farhod Karimov ushbu demilitarizatsiya taklifining mohiyati, strategik maqsadlari va uning mintaqaviy oqibatlarini xaritalar uzra tahlil qildi.

Isroil tomonidan Suriya xaritasida ko‘rsatilgan ranglar nimani anglatadi?

Farhod Karimov: Isroilning xavfsizlik konsepsiyasi va doktrinasi shundan iboratki, unga qarshi bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday omillar va kuchlarni Isroil faqat o‘z hududida emas, balki uning tashqarisidagi hududlarda ham yo‘q qilish huquqiga ega, deb qabul qilingan. Dunyo buni rasmiy ravishda tan olmasligi mumkin, lekin Isroil bu prinsipni o‘z siyosatiga asos qilgan va uni amalga oshirishda faqat AQSh cheklovchi rol o‘ynashi mumkin, boshqa davlatlarda bunday bosim darajasi yo‘q. Bu doktrinaga binoan, Isroil shimoldan kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarni (masalan, Livandagi Hizbullohni) Livan hududida ham, Suriya hududida ham yo‘q qilish yoki qurolsizlantirish huquqini o‘zida ko‘radi. Asad davrida Isroil vaqti-vaqti bilan raketa va havo hujumlari orqali Hizbulloh hamda Eron va Suriyadagi ishtirokchilarni nishonga olgan; hatto Damashqdagi ayrim diplomatik korpuslarga ham raketa zarbasi yo‘llagan holatlar ham kuzatilgan. 1967 yilda bosib olingan hududlar va so‘ngra 1974 yilga oid voqealar ham muhim rol o‘ynaydi. 1974 yilgi bitim (31 maydagi shartnoma) natijasida AQSh va BMT tashabbusi bilan Isroil ba’zi hududlarni bo‘shatib, ularning ba’zilari BMT maxsus kuchlari tomonidan neytral (bufer) zona sifatida nazorat ostiga olinishi qayd etilgan. Bu holat 2011 yilga yaqin va hattoki Asad hokimiyati ag‘darilguncha saqlanib turgan. Hozirgi taklif va konsepsiya Suriyadagi yangi hukumat shakllanguncha Isroil o‘z xavfsizligini mustahkamlash uchun Suriyaning janubida to‘rt qismdan iborat neytral, qulay hudud yaratishni taklif qilmoqda. Ushbu taklifning asosiy elementlari:

  1. 1967 yil hududlari o‘z holicha qoladi (Isroil ularni topshirishni maqsad qilmaydi).
  2. Ko‘k rangli hududda xalqaro kuchlar (masalan, BMT nazorat kuchlari) joylashtiriladi, bu hudud 1974 yilgi holatga ishora qiladi.
  3. Sariq rangda ko‘rsatilgan hudud Damashqqa yaqinroq, ba’zi joylarda hattoki Damashqqa borib taqalishi mumkin bo‘lgan demilitarizatsiyalangan, ya’ni og‘ir artilleriya va muntazam armiya joylashtirilishini taqiqlovchi reja nazarda tutiladi.
  4. Qo‘shimcha himoya sifatida Suvayda provinsiyasidan tortib Iordaniya chegarasigacha bo‘lgan hududni havo uchun yopiq (no-fly) zonasi sifatida e’lon qilish taklif etilmoqda, bu hududga havo kemalari va harbiy uchuvchilar kiritilmasligi ko‘zlangan.
  5. Xaritada ko‘k va sariq ranglar bilan belgilangan hududlarning aniq chegaralari Isroil konsepsiyasida ochiq qolmoqda, Isroil ko‘k hududni (1974 yilgi holat) kengaytirishi yoki sariq hududni Damashqqacha cho‘zishi mumkinligi inkor etilmayapti. Shunday qilib, reja ham amaliy, ham g‘oyaviy jihatdan Isroilga maksimal xavfsizlik kafolatini yaratishga qaratilgan.

Nega Isroil Suriyani bunday qismlarga ajratyapti?

Farhod Karimov: Isroil talqiniga ko‘ra, hozirda Hizbulloh faoliyati qayta jonlanib, o‘zining og‘ir artilleriyasi va raketa tizimlarini yangilamoqda. Tel-Aviv fikricha, bu faoliyat ortida Eronning faollashuvi sezilayotgandek. Isroil uchun asosiy xavf manbai sifatida Eron tomonidan qurol-logistika va uning ehtiyot qismlarining Suriyaning shimoli va Livan orqali yetkazib berilishi ko‘rsatilmoqda. Shu bilan birga, ushbu ma’lumotlarning barchasi uchun aniq va mustahkam dalillar borligi ommaviy tarzda tasdiqlanmagan. Isroil bu turdagi xavotir va loyihalarni hatto Asad hokimiyati davrida ham ilgari surganini unutmaslik kerak. Misol uchun, tarixiy kontekstda Jo‘lan tepaliklari va atrofida yuz bergan o‘zgarishlarga murojaat qilinsa, 1974 yildan so‘ng, AQSh bosimi ostida Al-Qunaytira shahri va atrofidagi ba’zi hududlar Suriya nazoratiga qaytarilgan, ammo Isroil Qunaytira viloyatining to‘liq topshirilmasligini talab qilgan. 1971 yilda taklif qilingan ayrim rejalar esa Janubiy Suriyani demilitarizatsiyalash va butunlay harbiylashtirilmagan hududga aylantirishni nazarda tutgan, biroq BMT, AQSh va xalqaro hamjamiyat to‘liq qo‘llab-quvvatlamagani uchun bu reja amalga oshmagan. Hozirgi kunda, Isroil nazarida Suriyada markazlashgan kuch yo‘qligi va Suvayda provinsiyasida Ash-Shar’aga qarshi druzlar bilan bo‘lgan ziddiyatlar mavjudligi tufayli, ular bu eski loyihani qayta tiklash uchun asos borligini aytmoqda. Isroil bu vaziyatni druzlarni himoya qilish, kichik millatlarni markaziy hokimiyatdan ajratmaslik kabi sabablar bilan tushuntirishga intilmoqda va butun Janubiy Suriyani nazoratsiz «bufer zona»ga aylantirishni maqsad qilayotgani iddao qilinmoqda.

Suhbatni batafsil YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid