Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Misrda tarixiy kelishuv: mintaqada uzoq muddatli tinchlikka umid paydo bo‘ldi
Misrning Sharm ash-Shayx kurort shahrida G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha sulh imzolandi. O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yakuniy kelishuvni AQSh, Qatar, Turkiya va Misr imzoladi. Uchrashuvga 30 ga yaqin davlat rahbari bordi, lekin Netanyahu ishtirok etmadi. Quyida bu kelishuv nimani anglatishi haqida.
Tramp uchib bordi
Oxirgi ikki yilda arab va musulmon davlatlari G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha juda ko‘p uchrashuv o‘tkazdi, biroq ulardan hech qanday naf bo‘lmadi. Misrdagi uchrashuvda ham tarkib deyarli o‘sha edi, faqat ular safiga Amerika ham qo‘shildi. Va shu birgina davlatning qo‘shilishi ko‘p narsani hal qildi — Tramp urushga yakun yasadi. Misrda rasman to‘rt davlat G‘azodagi urushda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha hujjat imzoladi. Katta ehtimol, Isroil kelishuvni buzmasligiga AQSh kafil bo‘ldi, HAMAS kelishuvni buzmasligini kim kafolatlashi noma’lum.
Darvoqe, bu muhim uchrashuvda HAMASni qo‘llovchi Eron tomoni qatnashmadi. Ma’lum bo‘lishicha, Misr Eronni taklif qilgan, lekin Tehron uchrashuv Amerika ta’sirida o‘tkazilgani uchun unda ishtirok etishni istamagan.
Sammitning asosiy mehmoni Donald Tramp kelishuv imzolanishidan avval Isroilga borib, do‘sti Netanyahu ishtirokida urush tugaganini e’lon qildi. Keyin Misrga borib barcha mehmonlar bilan uchrashdi. Sammitga arab va musulmon liderlaridan tashqari Yevropa davlatlari yetakchilari va BMT bosh kotibi ham bordi. Tramp barchani o‘ziga quloq soldirib nutq so‘zladi. Amerika prezidenti shu tariqa bu jiddiy kelishuv uning sa’y-harakatlari bilan amalga oshganini ko‘rsatgisi keldi go‘yo.
Tramp hujjatga imzo chekarkan «Bu kelishuv uchun uch ming yil ketdi, tasavvur qilyapsizmi?» dedi. Shuningdek, kelishuv uchinchi jahon urushining oldini olganini aytdi.
Netanyahusiz
Misrdagi kelishuv imzolanishida HAMASdan ham, Isroildan ham hech kim qatnashmadi. Erdo‘g‘an boshchilik musulmon davlatlar Netanyahu qatnashsa, sammitga boykot qilishlarini aytdi. Balki Tramp shu sabab Isroil bosh vaziriga bormaslikni aytgandir. Rasman Netanyahu yahudiylar bayrami sabab sammitda ishtirok etolmasligini aytdi.
Endi bu kelishuv nimani anglatishi haqida. Urushda g‘oliblar bo‘lmaydi, bu aniq, lekin har qanday urush tugashi bo‘yicha kelishuvda qaysidir tomon yutgan bo‘ladi. Misrdagi kelishuv Isroilning mag‘lubiyati bo‘lgani shubhasiz. Axir yaqindagina G‘azoni bosib olish, u yerni kurortga aylantirish, g‘azoliklarni boshqa davlatga quvib chiqarish haqida orzu qilayotgan Isroil Trampning bosimidan keyin jimgina 20 asir ozod qilinishini g‘alaba sifatida nishonlashga majbur bo‘ldi.
Isroil armiyasi G‘azoni to‘liq tark etadigan bo‘ldi, bo‘lgani vaqtincha 15 kishilik kengash boshqaradi va bu texnokratlar ham g‘azoliklar. G‘azoning bir qarichi ham Isroilga o‘tmaydi, sektor to‘laligicha Falastin davlati hududi sifatida qoladi. Demak, bu juda katta gapirib yuborgan Isroilning mag‘lubiyatidir.
Urushayotgan ikki tomonning bugungi holatini qarang: Isroilda hamon kuchli armiya, har qachongidan sergak maxsus xizmatlar va Amerikaday kuchli ittifoqchi bor. HAMAS esa maksimum G‘azoda vaqtincha politsiya vazifasini bajarish huquqini saqlab qolgan, ozroq quroli bor guruh. Va mana shu holatda ham HAMAS muzokaralardan g‘olib sifatida chiqmoqda.
HAMAS G‘azoni ortiq nazorat qila olmasa kerak va bu kelishuv eng avvali bo‘lgadagi jafokash Falastin xalqining sabriga mukofot bo‘ldi. Albatta, Isroil o‘n minglab tinch aholini o‘ldirdi, butun boshli millatni qirib yuborishga intildi, falastinliklar hech qanday kelishuvni bayramdek nishonlay olmaydi. Lekin eng yomon ssenariyda ular vatanidan quvilishi, shu bir parcha shaharlari ham Isroil tomonidan egallab olinishi mumkin edi. Ha, azizlar, Misrda g‘azoliklar uchun mavjud bo‘lgan eng maqbul kelishuv imzolandi. Hozirgi reallikda bundan ortig‘ini kutib bo‘lmaydi.
Eng muhimi
Bilasizmi, bu kelishuvda eng muhimi nima? Endi Isroil tomonda faqat bitta davlat qolgan bo‘lsa, Falastin tomonda o‘nlab kuchli davlat saf tortdi. Nafaqat arab davlatlari va musulmonlar, balki Yevropadagi kuchli davlatlar. Turkiya, Misr va Yevropa davlatlarining AQSh orqali Isroilga o‘tkazgan jiddiy bosimlari Misrdagi kelishuv imzolanishiga, urush tugashiga olib keldi. Oldingi videolarimizda aytganimizdek, endi AQSh Isroil uchun butun dunyo bilan teskari bo‘lmaydi, global kuch sifatida qolish uchun musulmonlar bilan hisoblashishga majbur. Turkiya boshchilik musulmon davlatlar urushni tugatish uchun hech narsa qilolmagani aytildi, lekin aynan shu Erdo‘g‘an boshchilik koalitsiya bosimi Amerikani Isroilga bosim o‘tkazishga majbur qildi.
Isroil va Falastindagi guruhlar o‘rtasidagi urush yangilik emas. Lekin bu galgi yakun kelajakda mintaqa ancha tinch bo‘lishiga umid berayotgandek. Chunki urushni tugatuvchi sammitda juda kuchli davlatlar qatnashdi, kafil bo‘ldi. Endi bu kuchli davlatlar hal qilishi kerak bo‘lgan yana bir muhim masala qoldi: G‘arbiy sohildagi Isroilning zo‘ravonligini to‘xtatish. Aslida mintaqadagi barcha urushlar aynan Quddusdagi Isroilning harakatlari sabab boshlanadi. Bu oson ish bo‘lmaydi, lekin dunyo tarixiy adolatni tiklashi kerak. Urushsiz, diplomatik yo‘l bilan, odamga o‘xshab. Hozir bu uchun chindan tarixiy imkon paydo bo‘ldi.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
14:06
AQSh harbiylari Venesuela sohillari yaqinida yana bir neft tankerini qo‘lga oldi
23:40 / 20.12.2025
Netanyahu Tramp bilan Eronga yana hujum qilish masalasini muhokama qilmoqchi
15:41 / 20.12.2025
Isroil sulhga qaramay G‘azodagi boshpanaga hujum uyushtirdi: kamida 6 kishi halok bo‘ldi
08:45 / 19.12.2025