O‘zbekiston | 08:55 / 05.06.2024
9272
3 daqiqa o‘qiladi

Hududlarda joylashgan yirik bozorlar temir panjaralar bilan o‘rab olinadi

2024 yil 1 oktyabrga qadar hududlarda joylashgan yirik bozorlar, ularning kadastr hujjatlariga asosan, shaharsozlik me’yorlaridan kelib chiqqan holda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar mablag‘lari hisobidan temir panjaralar bilan o‘rab olinishi rejalashtirilmoqda.

Foto: Kun.uz

“Yirik bozorlarda jamoat tartibini saqlashni ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Yirik bozorlarda jamoat tartibini saqlashni ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom, O‘zbekiston hududida joylashgan yirik bozorlar ro‘yxati tasdiqlanadi.

Belgilanishicha:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida joylashgan yirik bozorlarda jamoat tartibini saqlash Milliy gvardiya organlari tomonidan, boshqa hududlardagi yirik bozorlarda jamoat tartibini saqlash ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi;
  • tegishli idoraviy qo‘riqlash va yong‘indan saqlash xizmatlari mavjud bo‘lmagan yirik bozorlar Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya yoki Favqulodda vaziyatlar vazirligi organlari bilan obektlarni qo‘riqlash va yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish bo‘yicha shartnomalar tuzishga majbur;
  • yirik bozorlarga tashrif buyuruvchilar shaxsiy buyum va qo‘l yuklarini ko‘zdan kechirish uchun taqdim etishga, zarur hollarda, xodimning talabiga ko‘ra ko‘rikdan o‘tishga majbur;
  • yirik bozorlar ularda jamoat tartibini saqlashni ta’minlash uchun talab etiladigan zamonaviy texnik xavfsizlik vositalari bilan majburiy tartibda jihozlanadi;
  • xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan yirik bozorlarda jamoat tartibini saqlashni ta’minlash uchun talab etiladigan yong‘inga qarshi himoyalash va zamonaviy texnik xavfsizlik vositalari bilan ta’minlash xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
  • yirik bozorlarda tashkil etiladigan mavsumiy yarmarkalar o‘tkaziladigan joylarni belgilash bozorda jamoat tartibini saqlashga mas’ul bo‘lgan ichki ishlar, Milliy gvardiya yoki Favqulodda vaziyatlar vazirligi organlari rahbarlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

  • 2024 yil 1 oktyabrga qadar hududlarda joylashgan yirik bozorlarni ularning kadastr hujjatlariga asosan, shaharsozlik me’yorlaridan kelib chiqqan holda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar mablag‘lari hisobidan temir panjaralar bilan o‘rab olinishini ta’minlaydi;
  • xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan yirik bozorlarni jamoat tartibini saqlash bo‘yicha qo‘riqlash muhandislik-texnik vositalari bilan jihozlashning belgilangan talablar asosida amalga oshirilishini ta’minlaydi;
  • Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizom talablari yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ko‘rib borilishini ta’minlaydi;
  • yirik bozorlar va tadbirkorlik sub’yektlariga o‘rnatilgan zamonaviy texnik xavfsizlik vositalari Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy bo‘linmalari situatsion markazlariga integratsiya qilinishini hamda obektlardagi qo‘riqlash texnik vositalarining ma’lumotlari operator xonasiga uzatilishini ta’minlaydi.

Mavzuga oid