O‘zbekiston | 18:46 / 02.11.2021
8348
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Yangi uy-joy massivlari narxini hozirgi darajada ushlab qolish zarur

Bugungi kunda uylarning bir kvadrat metri uchun narx 4,5 million so‘mni tashkil etmoqda. Shu bois, uylar narxini barqaror saqlab turish maqsadida yangi uy-joy massivlarini ichki va tashqi infratuzilma bilan ta’minlashga budjetdan har yili 1 trillion so‘m ajratiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini sifatli uy-joy bilan ta’minlash, «Yangi O‘zbekiston» mavzelarini barpo etish hamda shaharlar, tuman markazlari hamda aholi punktlarida ekologik vaziyat va havo tozaligini yaxshilash maqsadida «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda «Yangi O‘zbekiston massivlari»ni barpo etish uchun kelgusi yilda 15 trillion so‘m ajratilishi zarurligi aytildi. Bunda:

  • ko‘p qavatli uy-joy qurilishini investorlar o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi;
  • davlat yer ajratish va aholiga ipoteka kreditini berish majburiyatini oladi;
  • ipoteka kreditini berish uchun banklarga budjetdan auksion asosida resurs ajratiladi. Bunga Moliya vazirligi tomonidan 20 yil muddatga 11 trillion so‘m yo‘naltiriladi;
  • Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish va Moliya vazirliklari ehtiyojmand aholiga subsidiya beriladigan uy narxini belgilaydi;
  • 2022 yilda ehtiyojmand 10 mingta oilaga boshlang‘ich badal va foizlarni subsidiyalash uchun budjetdan 1,5 trillion so‘m ajratiladi.

«Yangi uy-joy massivlari narxini bu yilgi darajada ushlab qolish zarur. Aytish joizki, bugungi kunda uylarning bir kvadrat metri uchun narx 4,5 million so‘mni tashkil etmoqda.

Shu bois, uylar narxini barqaror saqlab turish maqsadida yangi uy-joy massivlarini ichki va tashqi infratuzilma bilan ta’minlashga budjetdan har yili 1 trillion so‘m ajratiladi.

Tadbirkorlik jamg‘armasi tomonidan quruvchilarga Markaziy bank stavkasidan oshgan qismi 24 oy davomida qoplab beriladi. Bu maqsadlar uchun budjetdan 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, kelgusi yili yangi massivlarda qurilayotgan uylarning 1 mingtasi ehtiyojmand oilalar va yolg‘iz ayollar uchun davlat tomonidan kafolatli sotib olinadi. Buning uchun 220 milliard so‘m mablag‘ qurilish tashkilotlariga oldindan o‘tkazib beriladi», deya prezidentning so‘zlarini keltiradi Kun.uz muxbiri.

Bundan tashqari, sement importi uchun imtiyozlar muddati yana bir yilga uzaytirilishi ma’lum qilindi.

«Shu bilan birga, bugun sement ishlab chiqaruvchilarga foyda solig‘i 20 foizdan 15 foizgacha, yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i esa 2 baravarga (1 tonnasi uchun 22,5 ming so‘mgacha) kamaytiriladi.

Bu esa 1 tonna sementning ishlab chiqarish tannarxini 7 foizga qisqartirish (354 ming so‘mdan 328 ming so‘mgacha) imkonini beradi. Bular ham uylarning narxini sezilarli tushirishga olib keladi.

Shuning uchun, viloyat hokimlari berilayotgan imkoniyatilar hisobiga uy-joy narxlarini kamida 30 foizga arzonlashtirish bo‘yicha mas’ul bo‘ladi va aynan shu masalada bugun hisobot beradi», dedi davlat rahbari.

Avvalroq, Kun.uz sement uchun soliq stavkasi pasaytirilgach narx qanchaga arzonlashi borasida maqola e’lon qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, prezident qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 oktyabrdan sement ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun foyda solig‘i 15 foizga, 2022 yil 1 yanvardan esa yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i 45 ming so‘mdan 22 ming so‘mga pasaytirilishi belgilangan.

Mavzuga oid