Prezident qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 oktyabridan sement ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun foyda solig‘i 15 foizga, 2022 yil 1 yanvardan esa yer qa'ridan foydalanganlik solig‘i 45 ming so‘mdan 22 ming so‘mga pasaytirilmoqda. Bu nimani anglatadi, narxlar qanchaga pasayadi, O‘zbekistonda sement ishlab chiqarish tendensiyasida nima o‘zgarishlar bo‘ladi? Kun.uz savollariga “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqarma boshlig‘i Botir Xo‘jabekov javob beradi.

– Yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasining pasaytirilishi nimani anglatadi?

– Tsement ishlab chiqarish amaliyotida avval ohaktosh portlatib, keyin uni maydalash orqali sement olinadi. Bir tonna ohaktosh olish uchun yer qa'ridan foydalanganlik solig‘i bor – 45 ming so‘m etib belgilangan. Bu bir tonna sementning 12-13 foizini tashkil qiladi. Bir tonna sement narxi 350 - 450 ming so‘m atrofida, 45 ming so‘m soliq bir tonnaga o‘tirsa, yer qa'ridan foydalanganlik solig‘i sement tannarxining 12-13 foizini tashkil qiladi. Yanada oddiy aytadigan bo‘lsak, ishlab chiqarilayotgan sement tannarxi 350-450 ming so‘m atrofida bo‘lsa, o‘shaning 45 ming so‘mi yer qa'ridan foydalanganlik solig‘idir.

Birjada sementning narxi 500-550 ming so‘m. 31 avgustda Prezidentning “Qurilish materiallari sanoatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 52-39-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, sement ishlab chiqarish korxonalari uchun 2021 yilning 1 oktyabridan foyda solig‘ini 20 foizdan 15 foizga tushirish belgilandi. Yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliqni esa 2022 yil birinchi yanvardan 45 ming so‘mdan 22,5 ming so‘mga tushirish belgilandi. Bu nimaga olib keladi? Birinchi o‘rinda mahalliy sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan sement tannarxi 22,5 ming so‘mga arzonlashadi (bir tonnasi).

Sababiki, bir tonna sement ishlab chiqarish uchun o‘rtacha bir tonna ohaktosh sarf etiladi (o‘rtacha birga birni tashkil etadi). Demak, bu sement korxonalarida ishlab chiqarilayotgan sement tannarxi pasaysa, taklif qilinayotgan mahsulotning boshlang‘ich narxini ham 22,5 ming so‘mga arzonlashtirish imkoniyati tug‘iladi. Tsement tannarxi 6-7 foizga arzonlashadi.

(Eslatma: sement tannarxining 6-7 foizga arzonlashi, 2022 yil boshida yer qa'ridan foydalanganlik solig‘i 22,5 ming so‘m bo‘lganda yuz beradi.)

– Boshqa davlatlarda qanday, masalan qo‘shnilarda?