O‘zbekiston | 20:17 / 17.09.2024
9325
2 daqiqa o‘qiladi

Eshak go‘shtini iste’mol uchun ishlatiladigan go‘sht toifasiga kiritish nazarda tutilmagan - Qonunchilik palatasi

Palata spikerining o‘rinbosari Odiljon Tojiyevning ma’lum qilishicha, bunday tushunmovchilik palata tomonidan tarqatilgan matbuot xabarnomasidagi tahririy xato tufayli kelib chiqqan. Ko‘rib chiqilayotgan qonun go‘sht iste’moli haqida emasligi ma’lum qilindi. Noto‘g‘ri talqindagi axborot Qonunchilik palatasining rasmiy kanalidan, shuningdek, Kun.uz sahifalaridan ham o‘chirildi.

Illyustrativ foto: Vladimir Astapkovich

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Odiljon Tojiyev hayvonlarni identifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun bilan bog‘liq tushunmovchilikka izoh berdi.

Avval xabar berilganidek, bugun, 17 sentabr kuni Qonunchilik palatasi “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Odiljon Tojiyevga ko‘ra, qonun loyihasi Qishloq xo‘jalik vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilik qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, joriy yilning 5 avgust kuni qonun tashabbuskori tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilgan.

Qonun loyihasi bilan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan (parvarish qilinadigan) va urchitiladigan uy hayvonlari – qoramol, qo‘y va echki, cho‘chqa, ot, eshak, tuya, it va mushuklarning identifikatsiya qilinishi (vizual yoki elektron birkalarni hamda elektron mikrochiplarni hayvonlarga o‘rnatish) nazarda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, loyihani ko‘rib chiqish jarayonida deputatlar tomonidan eshak, it va mushukning identifikatsiya qilinishining asosliligi bo‘yicha e’tirozlar bildirilgan.

E’tirozlar qonun tashabbuskorlari tomonidan qabul qilinib, loyiha birinchi o‘qishda ma’qullangan taqdirda, ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida olib tashlanishi qayd etilgan.

“Qonun loyihasida eshak go‘shtini iste’mol uchun ishlatiladigan go‘sht toifasiga kiritish nazarda tutilmagan.

Umuman bu qonun go‘sht iste’moli haqida emas, balki hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish, kuzatish munosabatlarini tartibga soladi. Matbuot xabarnomasidagi tahririy xato tufayli tushunmovchilik kelib chiqqan”, – deya ma’lum qildi Odiljon Tojiyev.

Ayni paytda Qonunchilik palatasining Telegram-kanalidan tushunmovchilikka sabab bo‘lgan post o‘chirilgan.

Mavzuga oid