Jahon | 07:15 / 03.03.2026
4273
3 daqiqa o‘qiladi

Trafik uchun kurash: dunyodagi eng ommabop saytlar

2026 yilda global veb-trafik nisbatan kam sonli platformalar qo‘lida jamlangan bo‘lib, ular milliardlab odamlarning axborot qidirishi, video tomosha qilishi, muloqot qilishi va onlayn xaridlarini amalga oshirishiga yo‘nalish beradi.

Foto: Depositphotos

Google va YouTube hali ham internet-e’tiborning nomutanosib ravishda katta ulushini ushlab turibdi va barcha raqobatchilardan ancha oldinda.

Shu bilan birga, yetakchilar tarkibi asta-sekin o‘zgarmoqda. ChatGPT dunyoda eng ko‘p kiriladigan saytlar qatoridan joy oldi — bu esa sun’iy intellekt (SI) vositalari qanday tez sur’atda texnologik yangilikdan kundalik ish quroliga aylanganini yaqqol ko‘rsatadi.

Semrush’ning 2026 yil yanvar oyi bo‘yicha tashriflar haqidagi eng so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, reyting bugun raqamli manzarani qaysi kompaniyalar shakllantirayotganini aks ettiradi. Qidiruv tizimlari va videoplatformalar internet faolligining asosi bo‘lib qolmoqda. Faqat Google’ning o‘zi keyingi beshta saytning jami trafigidan ham ko‘proq tashrifni jalb qiladi, YouTube esa dunyo miqyosidagi bosh video-hab maqomini yanada mustahkamlamoqda.

Top-20 ro‘yxatidan boshqa qidiruv platformalari ham o‘rin olgan: Bing (1,9 milliard tashrif) va DuckDuckGo (1,8 milliard). Hatto Yahoo ham ikkita domen orqali mavqeini saqlab qolmoqda — yahoo.com (2,3 milliard) va yahoo.co.jp (1,8 milliard). Bu qidiruv va portal xizmatlarining barqaror o‘rnini ta’kidlaydi.

Eng sezilarli o‘zgarishlardan biri — ChatGPT’ning paydo bo‘lishi. 2026 yil yanvar oyida 5,5 milliard tashrif bilan platforma dunyoda beshinchi o‘rinni egalladi — u Reddit (5,1 milliard), Wikipedia (4,3 milliard) va X (3,8 milliard)dan ham oldinda.

ChatGPT ilk marta 2024 yil boshida — ishga tushirilganidan bir yildan sal ko‘proq o‘tib top-15 ro‘yxatiga kirgan. Uning shiddatli o‘sishi SI-vositalarning kundalik ish jarayonlariga qanchalik chuqur integratsiyalashganini ko‘rsatadi: matn yozish va tadqiqotlardan tortib, dasturlash va g‘oyalar generatsiyasigacha.

Ijtimoiy platformalar hamon hal qiluvchi ahamiyatga ega. Facebook (9,5 milliard tashrif) va Instagram (6,1 milliard) yetakchi beshlikka kirdi, X (3,8 milliard) va TikTok (2,2 milliard) esa global auditoriyasini saqlab qolmoqda.

Eng ko‘p tashrif buyuriladigan saytlar qatorida yirik elektron tijorat platformalari ham bor: Amazon (2,5 milliard) va Temu (1,6 milliard). Bu onlayn riteylning ulkan ko‘lamini aks ettiradi.

Shu bilan birga, Netflix (1,5 milliard) va Weather (1,6 milliard) ko‘ngilochar kontent hamda tezkor ma’lumotlar barqaror ravishda ulkan, takroriy trafik keltirishini namoyon qiladi.

Umuman olganda, ro‘yxatda hali ham AQSh kompaniyalari ustun — top-20ning mutlaq ko‘pchiligini ular tashkil qiladi. Biroq reytingda Xitoy, Kanada va Fransiyadan bo‘lgan platformalar ham bor, bu esa zamonaviy raqamli ekotizimning global tusga ega ekanini ko‘rsatadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid