Jahon | 13:56 / 29.12.2025
4192
8 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Tayvan atrofida mashg‘ulot boshladi: harbiylar orolni blokada qilishni sinovdan o‘tkazadi

Dushanba tongida Xitoy Tayvan atrofida «Adolat missiyasi–2025» yirik harbiy mashg‘ulotlarini boshladi. Harbiylar orolni o‘rab turgan dengiz va havo hududida real o‘q otish mashqlarini o‘tkazadi. Tahlilchilarga ko‘ra, Pekinning harakatlari oddiy tayyorgarlikdan tobora – «ehtimoliy hujum tayyorgarligi»ga o‘xshab bormoqda.

Foto: X/China Military Bugle

29 dekabr kuni Xitoy harbiylari Tayvan atrofida quruqlik, dengiz, havo va raketa bo‘linmalari safarbar qilinayotganini e’lon qildi. «Adolat missiyasi–2025» deb nomlangan yirik harbiy mashg‘ulotlar «muhim hududlarni blokada qilish va nazoratga olish»ni sinovdan o‘tkazadi. Xitoy Sharqiy Harbiy okrugi qo‘mondonligi e’loniga ko‘ra, Tayvan orolini o‘rab turgan beshta dengiz va havo hududida real o‘q otish mashqlari o‘tkaziladi.

Foto: Taiwan Security Monitor

Rasmiy bayonotga ko‘ra, dengiz va havo hududlaridagi mashg‘ulotlarga esminetslar, fregatlar, qiruvchi samolyotlar va bombardimonchilar jalb qilinadi. Shuningdek, mashqlar dengiz nishonlariga hujum qilish, mintaqaviy havo ustunligini egallash hamda suvosti kemalarini qidirish va ularga qarshi operatsiyalarni o‘z ichiga oldi.

Sharqiy Harbiy Okrug matbuot kotibi Shi Yi mashg‘ulotlar – «dengiz va havo hududlarida jangovar tayyorgarlik patrullari, to‘liq nazoratni qo‘lga olish mashqlari» hamda «asosiy portlar va muhim hududlarni blokada qilish va nazoratga olish»ga qaratilishini aytdi.

«Bu mashg‘ulot ‘Tayvan mustaqilligiʼ separatist kuchlari va tashqi aralashuvchilarga jiddiy ogohlantirishdir», — dedi Shi, AQSh va uning ittifoqchilariga ishora qilib. «Bu milliy suverenitetni himoya qilish va milliy birlikni saqlash uchun qonuniy va zarur choradir».

CNN nashrining yozishicha, Xitoy davlat OAVlarida esa yanada ochiqroq fikr bildirilgan. Xususan, harbiy tahlilchi Fu Nan mashg‘ulotlar nega aynan hozir o‘tkazilayotganiga izoh berib, bunga AQSh–Tayvan qurol bitimini sabab qilgan. Uni «hamkorlikdagi harakatlarning keskinlashuvi» deb atadi.

Foto: X/China Military Bugle

Nashrning yozishicha, ushbu mashg‘ulotlar e’lon qilinishi Xitoy ichki auditoriyasiga mo‘ljallangan millatchilik targ‘iboti bilan birga olib borilmoqda. Jumladan orolga alangali o‘qlar yog‘ilayotgan plakat e’lon qilinib, unga «Adolat o‘qi — nazorat va rad etish» degan yozuv yozilgan.

Tayvanning javobi

Tayvan hukumati mashg‘ulotlarni qoralab, Xitoyni «harbiy qo‘rqitish»da aybladi. Xususan, Tayvan prezidenti matbuot kotibi Karen Kuo bayonotida mashg‘ulotlar «Tayvan bo‘g‘ozi va Hind–Tinch okeani mintaqasidagi xavfsizlik va barqarorlikni ochiqchasiga buzmoqda» dedi.

Tayvanning yuqori martabali xavfsizlik rasmiysi Reutersʼga Xitoyning o‘nlab harbiy kemalari va samolyotlari orol atrofida harakatlanayotganini aytgan. Rasmiyga ko‘ra, ularning ayrimlari ataylab Tayvanning qirg‘og‘idan 24 dengiz mili masofadagi tutash hududiga yaqinlashmoqda.

Tayvan Mudofaa vazirligi o‘z sahifalariga AQShda ishlab chiqarilgan HIMARS raketa tizimlari, gaubitsalar va boshqa qurollar aks etgan videoni joyladi.

Tayvan Sohil qo‘riqlash xizmati esa Xitoy kemalari faoliyatiga javoban yirik kemalarni jo‘natganini va harbiylar bilan birgalikda dengiz yo‘llari va baliqchilik hududlariga ta’sirni kamaytirayotganini bildirdi.

Xitoy seshanba kuni 10 soatlik real o‘q otish mashqlari uchun Taypey havo hududida «vaqtinchalik xavf zonasi» e’lon qilgan. Oqibatda, Tayvan Aviatsiya idorasi xavfsiz va muqobil yo‘nalishlar belgilanayotganini ma’lum qildi.

Keskinlashgan vaziyat

Pekinning bu «harbiy o‘yinlari» mintaqa uchun nihoyatda keskin va nozik bir pallada boshlanmoqda.

So‘nggi haftalarda Tayvan bo‘yicha Yaponiya bosh vazirining bayonotlari tufayli Pekin va Tokio diplomatik tortishuvi boshlanib ketdi. O‘shanda Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi agar Xitoy Tayvanni kuch bilan egallashga urinsa, Yaponiya harbiy javob berishi mumkinligini aytgandi. Pekin bu gaplarni o‘z suverenitetiga bevosita tahdid sifatida qabul qilmoqda.

Tayvan harbiylari HIMARS uchirmoqda / Foto: Bloomberg

AQSh esa Xitoy Kommunistik partiyasining orol ustidan suverenitet da’vosini qabul qilmagan. Shuningdek, AQSh Tayvan bilan yaqin norasmiy aloqalarni saqlab keladi va so‘nggi yillarda ularni kuchaytirdi. AQSh qonun bo‘yicha orolni o‘zini himoya qilish vositalari bilan ta’minlashga majbur va unga mudofaa qurollari yetkazib beradi.

Xususan, dekabr oyida e’lon qilingan AQSh va Tayvan o‘rtasidagi 11,1 milliard dollarlik tarixiy qurol bitimi HIMARS raketa tizimlari, tankka va bronetexnikaga qarshi raketalar, dronlar, gaubitsalar va harbiy dasturiy ta’minotni o‘z ichiga oladi.

Pekin nazarida esa AQSh–Xitoy munosabatlaridagi asosiy «qizil chiziq» - aynan Tayvandir. Xitoy rasmiylari uzoq yillardan beri Taypey va Vashington o‘rtasidagi norasmiy aloqalarni qoralab keladi.

Shu bilan birga, Tayvan prezidenti Lay Ching-te 40 milliard dollarlik maxsus mudofaa budjetini tasdiqlatishga urinmoqda. Ammo bu hujjat muxolifat nazoratidagi parlamentda tasdiqlanishda qiyinchilikka duch kelmoqda.

Xitoy mashqlari haqidagi e’lonni tinglayotgan ayol – Tayvan. 29 dekabr, 2025 yil / Foto: Reuters

Bularning barchasi Pekinni g‘azablantirdi. Aslida, Xitoy Kommunistik partiyasi o‘zini o‘zi boshqarayotgan Tayvanni hech qachon nazorat qilmagan. Shunga qaramay, uni o‘z hududi deb hisoblaydi va zarurat tug‘ilsa, kuch bilan bo‘lsa ham, orolni qo‘lga olishga va’da bergan.

Reutersʼning tahlilchilarga tayanib yozishicha, Pekin mashqlari tobora oddiy tayyorgarlik bilan – ehtimoliy hujumga tayyorgarlik o‘rtasidagi chegarani xiralashtirmoqda. Bu esa AQSh va uning ittifoqchilariga minimal ogohlantirish bilan zarba berish imkonini beruvchi strategiya hisoblanadi.

So‘nggi yillarda Tayvanga bosim oshib bormoqda: Xitoy samolyotlari va kemalari deyarli har kuni Tayvan atrofida ko‘rinmoqda, shuningdek, keng ko‘lamli mashg‘ulotlar muntazam o‘tkazilmoqda. 

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid