Yaponiya rasmiylarining Tayvan bo‘yicha ehtimoliy harbiy aralashuv haqida gapirgan gaplari Xitoy tomonidan «qizil chiziqdan o‘tish» deya baholanmoqda. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I tomonidan yakshanba kuni e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.

Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi 7 noyabr kuni «Xitoyning Tayvan atrofida dengiz blokadasi yoki boshqa harakatlari Yaponiya tomonidan harbiy javob uchun asos bo‘lishi mumkinligi»ni aytgan edi. Van I bu izohlar «shok holatini keltirib chiqarganini» aytdi.

«Yaponiya hozirgi rahbarlarining Tayvan masalasiga harbiy aralashuvga urinish haqidagi noto‘g‘ri signalni ochiqchasiga yuborgani, aytmasligi kerak bo‘lgan gaplarni aytgani va tegilmasligi lozim bo‘lgan qizil chiziqdan o‘tgani hayratlanarli», deya Xitoy bosh diplomatining so‘zlarini keltirmoqda Associated Pres.

Bu bayonot – keskinlikka hozirgacha eng yuqori martabali Xitoy rasmiysi tomonidan bildirilgan munosabat bo‘ldi. Van Xitoy «qat’iy javob berishi» kerakligini, barcha davlatlar esa «yapon militarizmining qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mas’ul» ekanini qo‘shimcha qildi.

Yaponiya va Xitoy keskinligi

O‘tgan oyda Yaponiya hukumatiga kelgan Takaichining pozitsiyasi avvalgi bosh vazirlarga qaraganda ancha keskin ko‘rinmoqda. Oldingi rahbarlar Xitoyning Tayvanga tahdidi borasida xavotir bildirgan bo‘lsa-da, Yaponiya qanday javob berishi haqida ochiq gapirmagan edi.

Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi / Foto: Bloomberg

Takaichining bayonotlari so‘nggi bir necha hafta ichida ikki davlat o‘rtasidagi keskinlikni oshirdi. Rasmiy Pekin BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga bu masalada xat yuborib, Takaichining «xalqaro huquq va diplomatik me’yorlarni qo‘pol buzganini» tanqid qildi.