O‘zbekiston | 20:40 / 29.06.2021
6046
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda maxsus komissiya ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish obektlari soat 22:00gacha ishlashiga ruxsat berdi

Foto: O‘zA

Qashqadaryoda maxsus komissiya viloyat hududida ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish obektlari soat 22:00gacha ishlashiga ruxsat bergan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 28 iyun kuni Qashqadaryo viloyat maxsus komissiyasining viloyatdagi epidemiologik vaziyatga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda Respublika maxsus komissiyasi tomonidan joriy etilgan cheklovlar tasdiqlangan. Faqat Respublika komissiyasi tasdiqlagan bir cheklov o‘zgartirilgan.

Maxsus komissiyaning qarorida joriy yilning 28 iyunidan boshlab respublika bo‘ylab ko‘ngilochar obektlar – restoran, tungi klublar, diskoteka, karaoke, bilyard zallari va kompyuter o‘yinlari markazlari hamda umumiy ovqatlanish obektlari – kafe, oshxona, choyxonalar ishlashiga soat 8:00dan 20:00gacha ruxsat berilgan.

Qashqadaryo viloyatida esa ko‘ngilochar obektlar – restoran, tungi klublar, diskoteka, karaoke, bilyard zallari va kompyuter o‘yinlari markazlari hamda umumiy ovqatlanish obektlari – kafe, oshxona, choyxonalar ishlashiga soat 8:00dan 22:00gacha ruxsat berilmoqda.

Qayd etilishicha, bu o‘zgarish viloyat hokimi tomonidan taklif etilgan va viloyat maxsus komissiyasi tomonidan ma'qullangan.

Bundan tashqari, Qashqadaryoda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar va ushbu infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida Qarshi shahridagi «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MChJ balansidagi «Geolog» sport majmuasida tashkil etilgan COVID-19 taqsimlash markazi faoliyati qayta tiklanadi.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining qarorlari bilan joriy etilgan tartib va cheklovlarga qo‘yidagi qo‘shimchalar kiritildi:

  • joriy yilning 28 iyunidan 12 iyuliga qadar Toshkent shahriga qo‘shni viloyatlardan avtotransport (avtobus, avtomobil) vositalari orqali o‘ta zarurat bo‘lmagan hollarda kirish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatildi;
  • xavfosti guruhiga mansub aholi qatlamlari bilan birgalikda Toshkent shahri aholisining 18 yoshdan katta bo‘lgan barcha qatlami o‘zlari biriktirilgan oilaviy poliklinikalarda koronavirus infeksiyasiga qarshi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ixtiyoriy tarzda ommaviy emlanishi belgilandi;
  • joriy yilning 28 iyunidan boshlab respublika bo‘ylab ko‘ngilochar obektlar – restoran, tungi klublar, diskoteka, karaoke, bilyard zallari va kompyuter o‘yinlari markazlari hamda umumiy ovqatlanish obektlari – kafe, oshxona, choyxonalar ishlashiga soat 8:00dan 20:00gacha ruxsat beriladi;
  • ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish obektlarida tashrif buyuruvchilarga ushbu muassasalarning umumiy sig‘imi 50 foizidan qat'iy oshirmagan holda xizmat ko‘rsatish belgilandi.

Mavzuga oid