Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Denis Kapustin tirik ekani ma’lum bo‘ldi
Ukraina razvedkasi Ukraina tomonida jang qiluvchi rossiyaliklar bo‘linmasi komandirining o‘limi maxsus xizmatlar tomonidan sahnalashtirilganini ma’lum qildi. Bu amaliyot orqali RF tomonining uni o‘ldirish bo‘yicha rejasi yo‘qqa chiqarilgan.
Foto: AP
«Rus ko‘ngillilari korpusi» (RKK) komandiri Denis Kapustin Rossiya droni zarbasi oqibatida halok bo‘lmagan, u tirik, deya ma’lum qildi Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedkasi boshqarmasi (GUR).
Razvedka saytida 1 yanvar kuni «RF maxsus xizmatlari muvaffaqiyatlari» deb nomlangan video e’lon qilindi. Bayonotdan ma’lum bo‘lishicha, Rossiya maxsus xizmatlari Kapustinni o‘ldirish uchun buyurtma bergan va buning uchun 500 ming dollar ajratgan.
Ukraina razvedka xizmati bir oy davomida maxsus amaliyot o‘tkazgan, natijada Kapustinning hayoti saqlab qolingan, buyurtmachilar va ijrochilar aniqlangan, deyiladi xabarda.
Ukraina razvedka xizmati boshlig‘i Kirill Budanov videoaloqa orqali Kapustinni «hayotga qaytgani munosabati bilan» tabriklagan. «Bu doim yoqimli. Sizni yo‘q qilish uchun to‘langan mablag‘ kurashimizga yordam berganidan xursandman. Barchaga va shaxsan sizga muvaffaqiyatlar tilayman», – zayavil Budanov.
Kapustinning o‘zi ham ko‘rinish bergan video razvedkaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tarqatilgan. Videoda Ukraina razvedka xizmatining maxsus amaliyoti haqida hisobot bergan «Timur maxsus bo‘linmasi»ning komandiri va Kirill Budanovni ko‘rish mumkin.

RKK 27 dekabr kuni Nikitin va White Rex nomlari bilan ham tanilgan Denis Kapustin Zaporijjya yo‘nalishida Rossiya droni zarbasi oqibatida halok bo‘lganini xabar qilgandi.
Ukraina maxsus xizmatlari oldin ham bu kabi maxsus amaliyotlar haqida xabar bergandi. Xususan, 2018 yilda Ukraina nashrlarida jurnalist Arkadiy Babchenko Kiyevda otib ketilgani haqida xabar tarqatgan, «qotillik» joyidan olingan kadrlar namoyish etilgandi.
Ammo bir kun o‘tib Ukraina xavfsizlik xizmati Babchenko tirik ekanini ma’lum qildi. Idora suiqasd haqida xabar topgan va uning oldini olishga muvaffaq bo‘lgandi.
Kapustin haqida
Moskvada tug‘ilgan Denis Kapustin bolaligida ota-onasi bilan Germaniyaga ko‘chib ketgan, Kyolnda yashagan. U futbol fanatlari muhitida tanilgan, Rossiya, Ukraina va Yevropada aralash yakkakurash (MMA) turnirlarini tashkil qilgan, shuningdek White Rex sport ekipirovkasi brendini yaratgan — bu brendda niqoblangan natsistik ramzlarga ishora qiluvchi kiyimlar ishlab chiqarilgan. Masalan, «Qora quyosh» deb ataladigan neonatsistik ramz tushirilgan yoki 14/88 sonlari yozilgan futbolkalar.
2019 yil may oyida Germaniya Kapustinning Germaniyada doimiy yashash ruxsatnomasini bekor qilgan. Bu qaror Kapustin Kyolndagi ro‘yxatdan o‘tgan manzilidan hisobdan chiqarilganidan keyin qabul qilingan — u o‘sha yerda ancha vaqtdan beri yashamagan. Shuningdek, «erkin demokratik tuzum asoslarini buzishga intilish» aybi bilan Kapustinga Shengen hududidagi barcha mamlakatlarga kirish taqiqi joriy etilgan.
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlangan paytda Denis Kapustin Ukrainada yashagani, 2022 yilda esa o‘sha yerda RKKni tashkil etgani aytiladi. Uning bayonotlariga ko‘ra, bo‘linma tarkibiga «etnik ruslar» kirgan. RKK o‘zini Ukraina tomonida jang qilayotgan rus ko‘ngillilarining «harbiy-siyosiy tashkiloti» deb ataydi. U Ukrainaning 1991 yil chegaralaridagi hududiy yaxlitligini tiklash va «RFdagi amaldagi rejimni ag‘darish»ni o‘zining asosiy maqsadlari sifatida ko‘rsatadi.
RKK Rossiyada terroristik tashkilot deb tan olingan va taqiqlangan. 2024 yil noyabr oyida Denis Kapustin Moskvadagi 2-g‘arbiy okrug harbiy sudi tomonidan sirtdan umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan. U davlatga xiyonat, terroristik jamoa tuzish, terrorchilik harakatiga urinish va boshqa ayblovlar bilan ayblangan.
Kapustin 2023 yil 2 mart kuni Ukraina hududidan Rossiyaning Bryansk oblastidagi ikki qishloq — Sushani va Lyubechanega kirgan «Rus ko‘ngillilari korpusi» qurollangan jangchilari orasida bo‘lgan. Xabarlarga ko‘ra, ular fuqarolik avtomobilini o‘qqa tutgan, natijada 63 yoshli kishi vafot etgan va yana ikki kishi, jumladan 10 yoshli bola yaralangan. Shuningdek, otishmada Rossiyaning ikki chegarachisi ham yaralangan. Ushbu reyddan keyin Kapustin Rossiyada qidiruvga berilgan, 2023 yil aprelida Basmanniy tuman sudi uni sirtdan hibsga olgan.
2024 yil may va iyun oylarida RKK «Rossiya ozodlik legioni» bilan birga Belgorod oblastiga ham reydlar uyushtirgan.
Mavzuga oid
08:19 / 02.04.2026
Tramp Kiyevga yordamni to‘xtatish bilan tahdid qildi
20:56 / 31.03.2026
Rossiya Ukrainaga Donbassdan qo‘shinlarini olib chiqish uchun ikki oy muhlat berdi – Zelenskiy
22:42 / 28.03.2026
Eron Dubaydagi “Ukraina ombori”ga zarba berganini ma’lum qildi
10:18 / 28.03.2026