Jahon | 15:21 / 06.10.2024
7099
7 daqiqa o‘qiladi

«U g‘olib bo‘lishi kerak». Ilon Mask Trampni qo‘llab-quvvatladi

Milliarder respublikachilarning saylovlarda hal qiluvchi ovozlar olinadigan Pensilvaniya shtatidagi mitingida ishtirok etdi.

AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lgan Donald Tramp saylovoldi mitinglarini davom ettirish uchun Pensilvaniya shtatidagi Batler shaharchasiga qaytdi, 13 iyul kuni aynan shu yerdagi mitingda unga suiqasd uyushtirilgandi.

Mitingda u bilan birga X ijtimoiy tarmog‘i egasi Ilon Mask ishtirok etib, yig‘ilganlarni 5 noyabr kungi saylovda Trampni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Bunday saylovoldi shousi Trampga Pensilvaniya saylovchilarining ovozini olib kelishda yordam berishi mumkin — bu eng katta ikkilanuvchi shtat bo‘lib, bu hududda o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, hozircha uning raqibi, vitse-prezident Kamala Harris ustunlik qilmoqda.

«Men bu yerda avval ham aytganimdek…» — Donald Tramp shanba kuni Pensilvaniya shtati Batler shahridagi chiqishini shu so‘zlar bilan boshladi. O‘q o‘tkazmaydigan oyna ortida turib uni tinglayotganlar bu hazilga qarsak chalishdi. Tramp 13 iyul kuni ham Batlerga kelgandi — o‘shanda uning hayotiga suiqasd amalga oshirilgandi.

Uni 20 yoshli Tomas Metyu Kruks o‘qqa tutgandi. Uning o‘qlari xato ketgan, ulardan biri faqat Trampning qulog‘ini yengil tirnab o‘tgandi. Kruks prezidentni qo‘riqlashga mas’ul bo‘lgan Maxfiy xizmat xodimlari otib tashlashidan oldin Tramp tarafdorlari bo‘lgan kishilardan birini o‘ldirishga va yana ikki kishini og‘ir yarador qilishga ulgurgandi.

Tramp o‘sha kun haqida eslarkan, uning uchun «vaqt 15 soniyaga to‘xtab qolgani»ni aytadi. U o‘ziga o‘q uzgan shaxsni «shafqatsiz maxluq» va «tiyiqsiz yovuzlik mahsuli» deb atagan.

O‘tgan vaqt mobaynida sobiq prezident va prezidentlikka nomzod hayotiga yana bir suiqasd amalga oshirildi, ammo Florida shtatidagi holatda unga o‘q uzilmadi, qo‘riqchilar jinoyatchini payqab qolishgach, u qochib ketdi, keyinroq ushlandi.

Pensilvaniyada merganlar uning xavfsizligini ta’minlagan, umuman, Batlerdagi miting joyida qo‘riqlash sezilarli darajada kuchaytirilgan.

«Bu ajoyib inson!»

Trampning Batlerdagi mitingda qilgan nutqi odatiy bayonotlar va va’dalardan iborat bo‘ldi: «korrupsiyalashgan tizim» bilan kurashish, AQSh tashqi siyosatiga «hurmat»ni tiklash, Amerikaga jinoyatchilar kirib kelayotgan «ochiq chegaralar»ni yopish.

U o‘z nutqini «Amerika orzusini qaytarish» va «har bir oilaga farovonlik» va’dasi bilan yakunladi.

Shuningdek, Tramp bir necha bor iyuldagi suiqasdni yodga olib o‘tdi, jumladan, o‘z siyosiy raqiblari to‘g‘risida fikr bildirish asnosida ularni o‘ziga «tuhmat qilish»da va «balki, hatto o‘ldirishga ham harakat qilgan bo‘lishi mumkinligi» haqida gapirgan.

Trampning Batlerda yig‘ilgan tarafdorlari uning bu so‘zlarini ham olqishlar bilan qarshilagan.

Ammo mitingda Tesla va SpaceX kompaniyalari asoschisi, X platformasi (sobiq tvitter) egasi Ilon Mask Batlerdagi tribunada paydo bo‘lgani ham katta taassurot qoldirdi, Tramp uni «bizga aql bovar qilmas kelajakni qurishda yordam beradigan ajoyib inson… u so‘z erkinligini saqlab qoldi va boshqa ko‘plab ajoyib narsalar yaratdi» deb tanishtirgan.

Alex Brandon / AP / Scanpix / LETA

Bu Mask Trampning saylovoldi tadbirlarida ilk bor ko‘rinish berishi bo‘ldi. U Batlerga bormoqchiligi haqida X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozgandi. «Qo‘llab-quvvatlash uchun boraman», — deya u Trampning Batlerga «tarixiy qaytish» haqidagi xabarini retvit qilish orqali Pensilvaniyaga safari haqida anons bergandi.

«Prezident Tramp Konstitutsiya va Amerikadagi demokratiyani saqlab qolish uchun saylovda g‘olib chiqishi kerak. U g‘alaba qozonishi lozim», — dedi Mask va kelganlarning barchasini ovoz berishda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishga chaqirdi va bu saylov «hayotimizdagi eng muhimi bo‘lishi mumkin» dedi. U Batlerda Trampga qilingan suiqasdni «chinakamiga xarakter sinovi» deb atagan.

U shuningdek, agar Tramp g‘olib bo‘lmasa, «bu so‘nggi saylovlar bo‘lib qolishi»ni aytgan.

O‘z chiqishi vaqtida Mask Trampning «Make America Great Again» saylovoldi shiori yozilgan kepka kiyib olgandi.

Yettita «jang maydoni»

Pensilvaniya — 5 noyabr kuni AQSh prezidentligi uchun bo‘lib o‘tadigan saylovlarda muhim shtatlardan biri hisoblanib, tahlilchilar saylovlar taqdiri aynan shu yerda hal bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda. Pensilvaniya ovoz berish natijalarini oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan ikkilanuvchi shtatlardan biridir, bu yerdagi saylovchilar bir safar respublikachilarga ovoz bersa, keyingi safar demokratlarni qo‘llaydi.

Bunday shtatlar soni yettita: Pensilvaniyadan tashqari, Arizona, Viskonsin, Jorjiya, Michigan, Nevada va Shimoliy Karolinada ham saylovchilar oldindan hech bir partiyaga moyillik bildirmaydi. Nomzodlar ham saylov kampaniyasining oxirgi qismida aynan shu hududlarga e’tibor qaratib, katta resurs sarflaydi: eng ko‘p mitinglar shu shtatlarda o‘tkaziladi, televizion reklamaga eng ko‘p mablag‘ sarflanadi. Bu shtatlarni battleground — «jang maydoni» deb ham atashadi.

So‘nggi ijtimoiy so‘rovlar ushbu shtatlarda Tramp va Kamala Harris o‘rtasidagi farq juda kichikligini ko‘rsatgan, Pensilvaniyada rasman Harris oldinroqda bo‘lsa-da, u Trampni atigi 1 foizga ortda qoldirmoqda.

Demokratlar nomzodi ham shanba kuni ikkilanuvchi shtatlardan biri — Shimoliy Karolinada miting o‘tkazdi, u «Helen» to‘fonidan jabrlangan odamlarga yordam ko‘rsatayotgan ko‘ngillilar bilan uchrashdi.

Mavzuga oid