Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Neft, takroriy hujum va siyosatchilarga ogohlantirish. Tramp matbuot anjumanida nimalar haqida gapirdi
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Venesuela vitse-prezidenti AQSh vitse-prezidentiga Amerikaning aytganlarini bajarishga tayyorligini bildirgan.
Foto: AFP
AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni hokimiyatdan ag‘darish maqsadida amalga oshirilgan operatsiya bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi.
U matbuot anjumanida Maduro va Venesuela kelajagi, AQShning rejalari borasida qator bayonotlar berdi.
AQSh prezidenti Venesuelaga takroriy hujum bo‘lishi mumkinligini aytish bilan birga, Venesueladagi siyosatchilarni ogohlantirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Maduro bunkerga yashirinishga uringan, lekin amerikalik harbiylar bunga yo‘l qo‘yishmagan.
“Katta otishma bo‘ldi. AQSh 47 soniya ichida hamma yerni tozaladi va Maduroning qochishiga imkon bermadi”, — dedi Tramp.
Trampning aytishicha, Maduro qarshilik ko‘rsatgan taqdirda o‘ldirilishi mumkin edi.
“Biz hujumning ikkinchi to‘lqinini amalga oshirishimiz ham mumkin, u yanada kuchliroq bo‘ladi, bunga tayyormiz. Venesueladagi barcha siyosiy figuralar tushunishi darkor – Maduro bilan yuz bergan holat boshqa har kim bilan ham sodir bo‘lishi mumkin”, - dedi u.
Tramp avvalroq AQShga nisbatan keskin bayonotlar bilan chiqqan Kolumbiya prezidenti Gustavo Petroni ham ogohlantirdi.
“Kolumbiya prezidenti o‘zini ehtiyot qilishi kerak”, - dedi u.
Tramp Venesuelani AQSh neftini tortib olishda aybladi.
“Venesueladagi butun neft infratuzilmasini amerikaliklar qurgan, sotsialistlar esa bularning barchasini bizdan tortib oldi. Venesuela shuningdek, AQShning milliardlab dollarlik aktivlari, platformalari va pullarini ham tortib oldi. Bunga qarshi hech kim hech narsa qilmadi. Amerika boshqa mamlakatlar uni talashiga yo‘l qo‘ymaydi. AQSh Venesueladan Amerika neft kompaniyalari uchun kompensatsiya undiradi”, - dedi Amerika rahbari.
“Narkokartellar juda shafqatsiz edi, lekin endi bunday bo‘lmaydi. Qurolli kuchlarimiz olib borayotgan chiroyli ishlarni e’tirof etish kerak. Boshqa mamlakatlarda ham, o‘zimizda ham. Buning ustiga, Maduro rejimi boshqa mamlakatlarning harbiy maslahatchilaridan foydalangan va kecha bizga qarshi xorijiy qurolni ishlatdi. O‘nlab yillar davomida boshqa ma’muriyatlar Venesuela ko‘rinishidagi mintaqaviy tahdidni inkor etib keldi, ba’zan esa hatto uning kuchayishiga ko‘maklashdi”, - dedi u.
Tramp matbuot anjumani davomida Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machadoni ham tilga olib o‘tdi.
“Machado Venesuela yetakchisi bo‘la olmaydi, unda yetakchilik qobiliyati yo‘q, u shunchaki yoqimtoy”, - dedi AQSh prezidenti.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Venesuela vitse-prezidenti AQSh vitse-prezidentiga AQSh nima desa shuni bajarishga tayyorligini bildirgan.
Donald Tramp Venesuela o‘z hududida xorijiy kuchlarni joylashtirgani va AQShga tahdid soluvchi hujum qurollarini sotib olganini aytarkan, agar zarur bo‘lsa AQSh Venesuelada o‘z qo‘shinlarini joylashtirishi mumkinligini ta’kidladi.
U Rossiya-Ukraina urushiga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Men Ukraina va Rossiya nizosini eng yengil nizo deb o‘ylagandim, ammo hozircha ularni yarashtira olmadim. AQSh Ukraina mojarosida pul yo‘qotmayapti, balki pul ishlayapti”, - dedi u.
Trampning qo‘shimcha qilishicha, u Putin bilan Maduro haqida hech qachon gaplashmagan. Donald Tramp Putin bilan Ukraina masalasidagi muloqotlardan ko‘ngli to‘lmayotgani, lekin tinchlik o‘rnatish masalasida oldinga siljish borligini ta’kidladi.
“Bu urush qonli hammomga aylandi va biz bunga chek qo‘yishni xohlaymiz. Bu Bayden, Zelenskiy va Putinning urushi”, — dedi u.
Mavzuga oid
22:30 / 04.01.2026
“Dunyodagi eng yirik neft zaxiralari AQSh raqiblari nazoratida bo‘lmasligi kerak” – Marko Rubio
16:45 / 04.01.2026
Maduro rejimi qulashi. So‘nggi ma’lumotlar
14:05 / 04.01.2026
Maduro ag‘darilgach, Venesuelada nimalar bo‘lmoqda – fotosuratlar
13:25 / 04.01.2026