O‘zbekiston | 12:09 / 28.03.2024
8243
2 daqiqa o‘qiladi

Kuchli shamol tufayli Toshkent viloyatida 12 mingdan ortiq iste’molchi elektrsiz qoldi

Kuchli shamol tufayli Toshkent shahridagi elektr uzatish tarmog‘i avariyaviy o‘chish ro‘y berdi. Buning oqibatida Toshkent viloyatidagi 12,5 mingdan ortiq iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan. Shuningdek, Chilonzor tumanida daraxt qulashi oqibatida gaz quvuri uzilib, 768 ta xonadon vaqtincha gazsiz qolgan.

28 mart kuni soat 09:33 da Toshkent shahrida kuchli shamol oqibatida 110 kVli «L-K-D» elektr uzatish tarmog‘i 60 MVt quvvat bilan avariyaviy o‘chdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Buning oqibatida Toshkent viloyatining Piskent, Quyi Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlarida yashovchi 12 ming 550 ta iste’molchi, shuningdek, kichik ishlab chiqarish sanoat korxonalari elektr ta’minotidan uzilgan.

Vazirlik hozirda iste’molchilarni boshqa manbalardan ta’minlash choralari ko‘rilayotganini ta’kidlagan.

Shuningdek, soat 10:20 da Toshkent shahri Chilonzor tumani 19-kvartal Xirmontepa mahallasida katta daraxt shamol oqibatida ildizidan qo‘porilib tushgani bois diametri 50 mm bo‘lgan past bosimli gaz quvuri uzilgan. Hududdagi 16 ta ko‘p qavatli uyning 768 ta xonadoni vaqtincha tabiiy gazsiz qolgan.

«Ayni paytda noqulay ob-havo (qattiq shamol va yomg‘ir) sharoitiga qaramasdan, maxsus brigadalar tomonidan ushbu nosozliklar bartaraf etilmoqda. Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid