O‘zbekiston | 14:27 / 27.03.2021
4910
4 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qon davlat texnologiyalar universiteti tashkil etiladi

Prezidentning “Qo‘qon davlat texnologiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligining Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filiali negizida Qo‘qon davlat texnologiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Quyidagilar universitet faoliyati asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • texnika va texnologiya sohasi ehtiyojlaridan kelib chiqib, mehnat bozoridagi raqobatbardosh oliy ma'lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha chuqur bilimga ega kasb mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz tizim yaratish;
  • o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni, shu jumladan zamonaviy ta'lim texnologiyalarini tatbiq etish, ochiq axborot-ta'lim muhitini ta'minlash;
  • o‘quv va ilmiy-tadqiqot  laboratoriyalarining zamonaviy moddiy-texnika bazasini shakllantirish;
  • talabalarning o‘quv jarayonida olgan nazariy bilimlarini ishlab chiqarish amaliyoti bilan uzviy bog‘liqligini ta'minlash maqsadida zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat yurituvchi ishlab chiqarish korxonalarida malakaviy amaliyotlarni tashkil etish, bitiruvchilarni ish bilan ta'minlash bo‘yicha maqsadli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • universitetning respublika va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida chet el fuqarolari uchun ta'lim olish imkoniyatini kengaytirish va ilg‘or xalqaro tajribalarni tatbiq etish;
  • qo‘shma ta'lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amaliyotda qo‘llash, universitet professor-o‘qituvchilari malakasini oshirish, bitiruvchilarni respublika va xorijiy oliy ta'lim muassasalari hamda ilmiy markazlarida magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash maqsadida respublika va xorijdagi yuqori malakali professor-o‘qituvchilar hamda malakali mutaxassislarni keng jalb etish;
  • texnika va texnologiya sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion izlanish hamda tadqiqotlar olib borish, ular natijalarini, shu jumladan raqamli va boshqa zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha istiqbolli, innovatsion, amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish;
  • respublika sanoat va iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy qilish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, ta'lim oluvchilar innovatsion g‘oyalarini amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb etish.

Belgilab qo‘yilishicha, universitetda o‘quv jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi hamda talabalarni qabul qilish soni har yili belgilanadigan O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish davlat buyurtmasi parametrlari doirasi va to‘lov-kontrakt asosida aniqlanadi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filialida tahsil olayotgan talabalar 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab universitetda o‘qishni davom ettiradi.  

Farg‘ona viloyati hokimligi 2021 yil iyun oyiga qadar universitet yangi kampusini qurish maqsadida Qo‘qon shahar hududidan 10 gektar yer ajratish choralarini ko‘radi.

Farg‘ona viloyati hokimligi universitet faoliyatini samarali tashkil etish uchun jalb etiladigan malakali professor-o‘qituvchilarni xizmat uylari bilan ta'minlash maqsadida Qo‘qon shahar, Yangi Chorsu ko‘chasi, 219-uyda joylashgan binodagi 7ta xonadonni universitet balansiga o‘tkazish choralarini ko‘radi.

Mavzuga oid