Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dell asoschisi amerikalik bolalarga boshlang‘ich investitsiya uchun 6 mlrd dollar pul tarqatadi
Maykl Dell va uning rafiqasi Syuzan yillik daromadi 150 mingdan oshmaydigan oilalarda yashovchi, 10 yoshgacha bo‘lgan jami 25 million nafar amerikalik bolaning investitsiya hisobvaraqlariga 250 dollardan mablag‘ kiritishini e’lon qildi. Avvalroq AQSh hukumati 2025-2028 yillarda tug‘ilgan barcha bolalarning investitsiya hisobvaraqlariga 1000 dollardan mablag‘ kiritishini bildirgandi.
REUTERS / Evelyn Hockstein
Dell kompaniyasi asoschisi Maykl Dell va uning rafiqasi Syuzan 25 million nafar amerikalik bolaning shaxsiy investitsiya hisobvarag‘iga 250 dollardan mablag‘ yo‘naltiradi.
Xayriya dasturi – oilalarning o‘rtacha (mediana) yillik daromadi 150 ming dollardan oshmaydigan mahallalarda yashovchi 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab oladi.
Xayriyaning umumiy hajmi – 6,25 mlrd dollar.
“Ishonchimiz komil, biz qila oladigan eng aqlli investitsiya – bu bolalarga investitsiyadir”, dedi Oq uydagi tadbirda xayriya dasturini e’lon qilgan Maykl Dell.
AQSh prezident Donald Trampning aytishicha, Dell oilasining bu xayriyasi – o‘rta sinf oilalarining farzandlariga Amerikaning iqtisodiy va fond bozoridagi o‘sishining ishtirokchisiga aylanish imkonini beradi. “Bu ularga Amerika orzusiga erishish uchun chinakam imkoniyat beradi”, dedi u.
Dastur taqdimoti Oq uyda, bevosita prezident ishtirokida o‘tganiga sabab, bu – “Invest America” tashabbuslaridan biri bo‘lmoqda. Bu tashabbus doirasida AQSh hukumati 2025-2028 yillarda tug‘ilgan barcha bolalarning investitsiya hisobvaraqlariga 1000 dollardan mablag‘ kiritishini e’lon qilgan. Dell oilasining 6 mlrd dollarlik xayriyasi hukumat dasturini kengaytiradi, chunki u orqali 2015 yildan keyingi davrda tug‘ilgan bolalar ham investitsiya hisobvarag‘iga ega bo‘ladi.
“Invest America” hisobvaraqlari kelasi yil 4 iyulda ochilishi reja qilingan. Undagi mablag‘lar investitsion boshqaruvchilar tomonidan arzon narxli va risklar diversifikatsiya qilingan indeks fondiga yoki shunga tenglashtirilgan moliyaviy vositaga yo‘naltiriladi. Bolalar 18 yoshga to‘lgach, hisobvaraqdan ta’lim olish, kasb egallash, birinchi uyini xarid qilish yoki biznes boshlash maqsadlarida foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Dellar oilasi xayriya dasturini e’lon qilishi ortidan, ularning xayriya jamg‘armasi bilan affillanmagan Dell kompaniyasining aksiyalari 3 foizdan ko‘proqqa qimmatladi.
Ma’lumot uchun, 60 yoshli Maykl Dell o‘z familiyasini bergan kompaniyasiga 1984 yilda asos solgan bo‘lib, hozirgacha boshqaruv raisi va bosh ijrochi direktor sifatida ishlab kelmoqda.
U biznesini 1000 dollar mablag‘ bilan boshlaganida, Texas universiteti yotoqxonasida yashardi. Hozir esa uning boyligi Forbes ma’lumotiga ko‘ra qariyb 150 mlrd dollarga teng.
Mavzuga oid
08:19
Tramp Kiyevga yordamni to‘xtatish bilan tahdid qildi
23:24 / 01.04.2026
«Aslo unutmaymiz» - Amerika NATOda yakkalanib qoldi
22:52 / 01.04.2026
Tramp shaxsan AQSh Oliy sudidagi eshituvga keldi
18:28 / 01.04.2026