O‘zbekiston | 19:17 / 17.02.2020
66791
4 daqiqa o‘qiladi

San'atkorlar qancha soliq to‘lashi ma'lum bo‘ldi

Xonandalar ikki xil usulda – qat'iy belgilangan miqdordagi yoki topgan daromadiga qarab hisoblanadigan soliq to‘lashlari mumkin. Qat'iy stavkaga asosan, Toshkent shahrida xizmat ko‘rsatuvchi san'atkor oyiga 225 ming so‘m, tuman markazlari va qishloqlarda 50 ming so‘m to‘laydi.

Foto: Flickr / Ben Grey

Bugun, 17 fevral kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida soliq sohasidagi o‘zgarishlar haqida ma'lumot berildi.

Tadbirda san'atkorlar daromadining soliqqa tortilishi borasida ham so‘z bordi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Lisenziya to‘lovi 4 barobarga kamaydi

Konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanish uchun jismoniy shaxslar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi kerak. Shundan keyin «O‘zbekkonsert»dan litsenziya olish talab etiladi.

2020 yildan boshlab san'atkorlar ham soliqqa tortila boshlashi munosabati bilan, litsenziya uchun to‘lanadigan davlat boji miqdori 4 baravardan oshiqroqqa kamaytirilgan.

Boj miqdori – har bir ijrochiga berilgan reytingga mos tarzda tabaqalashtirilgan. Bunda san'atkorlar 6 toifaga bo‘linadi: O‘zbekiston xalq artisti unvoniga ega xonandalardan tortib, mahalliy otarchilargacha.

Bojning eng arzon miqdori 6-toifadagi san'atkorlar uchun belgilangan – 3 mln so‘m.

Soliq to‘lashning ikki xil shakli

San'atkor o‘z xohishiga qarab, qat'iy belgilangan miqdordagi soliq yoki deklaratsiya asosida daromad solig‘ini to‘lashdan birini tanlashi mumkin.

Agar daromadlari 100 million so‘mdan oshsa yoki aylanmadan soliq 1 milliard so‘mdan ortiq bo‘lsa, qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i to‘lanadi.

1. Qat'iy belgilangan miqdordagi soliq

Soliq stavkasi hududlar kesimida belgilanadi.

Toshkent shahrida xizmat ko‘rsatuvchi san'atkor – oyiga 225 ming so‘m, viloyatlar markazlarida – 150 ming so‘m, tuman markazlari va qishloqlarda esa 50 ming so‘mdan soliq to‘laydi.

Agar san'atkor ma'lum vaqt xizmat ko‘rsatmay tursa (masalan, to‘ylar kam bo‘ladigan qishda), guvohnomasini vaqtincha topshirib, faoliyatini to‘xtatib turishi mumkin. Bunda xizmat ko‘rsatmagan davri uchun soliq majburiyati yuzaga kelmaydi.

2. Deklaratsiya asosidagi daromad solig‘i

«Yo‘q, men qat'iy soliq to‘lamayman, men daromad olsamgina shu daromadimga muvofiq soliq to‘layman, deydigan bo‘lsa, ular deklaratsiya asosida solish to‘lashi mumkin», – deydi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Jahongir Abdiyev.

Bu shaklda soliq to‘lashni tanlagan san'atkor barcha xarajat va daromadlari hisobini yuritishi kerak.

«Aytaylik, xizmat ko‘rsatish orqali 100 million so‘m daromad oldi. Shundan xarajatlarni chegaralab tashlaydi – birinchi navbatda litsenziya uchun to‘langan davlat boji. Qo‘shiq yozdirsa, uning xarajatlarini chiqarib tashlaydi. Umuman, ijodi bilan bog‘liq qanaqa xarajat bo‘lsa, barchasini chegirib tashlaydi. Shundan keyin, agar foyda ko‘rgan taqdirdagina, soliq to‘laydi», – dedi Abdiyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, faoliyat bilan bog‘liq xarajatlarga to‘yga borish-kelish, mashinasiga yoqilg‘i quyishgacha bo‘lgan chiqimlar ham kiradi.

«Albatta, har bir xarajat tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Muammo ham shunda. Ochiqcha aytsak, daromad va xarajatlarni ko‘rsatib, ochiq ishlaydigan paytimiz keldi. Agar shaffof ishlasak, hech qanday muammo bo‘lmaydi», – dedi Jahongir Abdiyev.

Ma'lumot uchun, san'atkorlardan yig‘ilgan soliqning 30 foizi respublika davlat budjetiga, 70 foizi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi.

Mavzuga oid