Jamiyat | 14:26 / 17.09.2021
18267
3 daqiqa o‘qiladi

Kuniga 200 ming so‘m daromad qiladigan 14 yoshli hunarmand qiz

Amudaryo tumanining Do‘rman qishlog‘ida Rasul Xo‘jayev 10 yildan beri tunukasozlik bilan shug‘ullanadi. U qizi va o‘g‘liga kasb sirlarini o‘rgatmoqda. Kun.uz Rasul Xo‘jayev xonadonida bo‘ldi.

Rasul akaning o‘g‘li Ruslanbek Xolboyev 7-sinfda, qizi Sevinchoy Xolboyeva esa 8-sinfda o‘qishadi. 13 yoshli Ruslanbek o‘qishdan bo‘sh paytlari otasiga yordam bersa, Sevinchoy ikki yildan beri mustaqil faoliyat olib boradi.

Qahramonimiz Sevinchoy hozir 14 yoshda. Hunarmandchilikni otasidan 2 yilda to‘liq o‘rganib olgan. O‘zining aytishicha, sohaga qiziqish 6-7 yoshlarida boshlangan.

 “Otamga 6 yoshimda shogirdlikka tushganman. Oxirgi ikki yilda sohani aniq o‘rganishga kirishdim. Boshida 2-3 oygacha shunchaki jarayonni kuzatib yurdim. Keyin nimadir yasashga o‘tdim. Ochig‘ini aytaman 3-, 4-urinishlardan keyingina ishim o‘xshashni boshladi. Ungacha ancha metall bo‘laklarini yaroqsiz qilib qo‘yganman”, — deydi Sevinchoy Xolboyeva

Yosh hunarmand qiz ikki yildan beri mustaqil faoliyat olib boradi. Sevinchoy hozirda 20 ga yaqin uy-ro‘zg‘or buyumlari va tunuka ishlab chiqarmoqda. U o‘ziga uy ichida alohida ustaxona ochib olgan. Otasi Rasul akaning aytishicha, qizi ishlayotgan paytda hech kim bezovta qilishi mumkin emas. Sevinchoy bir o‘zi, mustaqil ishlashni yaxshi ko‘radi.

Boshida qilayotgan ishimga kulganlar ham bo‘ldi. Ularga unchalik e'tibor bermadim. Oxiri o‘rganib ketarman dedim. Hozirga kelib o‘sha kulganlar uyalib qolishdi. Endi ko‘chadagilar ham, maktabimdagilar ham menga ishonishadi”, — deydi yosh hunarmand qiz.

Usta qizning aytishicha, kunlik daromadi 100-150 ming so‘m atrofida. O‘qish bo‘lmagan kunlari bu raqam 200 ming so‘mgacha yetishi ham mumkin ekan. U ertalab soat 05:00 turishga odatlangan. Birinchi qiladigan ishi ustaxonasini ochib, tozalash bo‘ladi. Kun davomida uy ishlari va o‘qishdan ortib, soat tungi 24:00 gacha ishlashi ham mumkin.

Shuhrat Saidahmadov, Kun.uz muxbiri.

Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid