O‘zbekiston | 14:20 / 17.06.2023
13130
3 daqiqa o‘qiladi

“Erkak kishi bajargan ishni ayollar ham eplaydi” – 60 yoshida ham tandir yasayotgan ayol hikoyasi

Olmaxon G‘oziyevaning bilagida erkak kishining kuchi bor. 60 yoshni qarshilagan ayol 40 yildirki tandir yasaydi. Kelin bo‘lib tushgan xonadonda qaynotasidan tandir yasashni o‘rgangan.

Furqat tumani Ko‘kdo‘ppi qishlog‘ining oddiy xonadonida bir kunda 30 tagacha tandir yasaladi. Olmaxon opa tandirlarni 50 ming so‘mdan sotadi, nochor oilalarga tandirlar ehson qilinadi. Tinib-tinchimagan ayol endilikda o‘z hunarini kelini va nabiralariga o‘rgatyapti. Mehnatda chiniqqan ayolda tinim yo‘q. Tomorqasiga kartoshka, pomidor, qalampir ekib, dehqonchilikdan ham zavq oladi.

“1984 yilda turmushga chiqdim. Kelin bo‘lib tushgan xonadonda tandir yasab sotishar ekan. Bir hafta kelinlik gashtini surdim. Oradan 10 kun o‘tib qaynotam tandir yasashni o‘rgatishga tushdi. To‘g‘risini aytsam, o‘sha paytda qaynotamni yomon ko‘rgandim. Yangi kelinman, u esa menga erkaklar bajaradigan hunarni o‘rgatardi. Qaynotam olti o‘g‘liga tandirchilikni o‘rgatgan ekan. Shu qatori olti kelin ham bu hunarni o‘rgandik. Ota-onam kelin bo‘lib tushgan yangi uyimda hunar o‘rganayotganimni eshitib xursand bo‘ldi. Qaynotam bizga yaxshilik qilib ketganini keyinchalik anglab yetdim. Bu hunarning boshini tutib kam bo‘lmadik. Qishloqda yashasak-da, ustimiz bud, qornimiz to‘q.

Oilaviy bo‘lib ishga kirishsak bir kunda 30 tagacha tandir yasaymiz. Turmush o‘rtog‘im ikkimiz esa 6-8 ta yasay olamiz. Uyda yordamchi yo‘qligida bir o‘zim amallayman. Tandirning donasini 50 ming so‘mdan sotamiz. Ehtiyojmand oilalarga bepulga beraman. Har yili kamida 6 oilaga tandir ehson qilamiz. Qo‘li yupqa oilalarga 20-30 ming so‘mdan ham sotamiz. Endilikda tandirchilikni kelinim va nabiralarimga o‘rgatyapman.

Jismoniy mehnat qilsam tanam yayraydi. O‘zimni yengil his qilaman. Tandirchilik og‘ir kasb, lekin ko‘nikib ketganman. Tandir yasash ishlari sabab turli tadbir, o‘tirishlarga dugonalarimdan bir-ikki soat kech boraman. Qo‘lida hunari bor inson kam bo‘lmas ekan. Shu hunar ortidan farzandlarimni uylab, joyladim.

500 ming so‘m pensiya olsam-da, davlat puliga qarab qolmaganman. To‘planib qolgan tandirlarni sotib yaxshigina pul jamg‘araman. Tomorqaga kartoshka, pomidor va turli sabzavotlar ekkanman. Hech kimga qaram bo‘lib qolgan joyimiz yo‘q. Hunar ortidan topgan daromadimiz ro‘zg‘or uchun yetib ortadi.

Ob-havo yaxshi bo‘lib tursa, dekabr oyigacha tandir yasaymiz. 60 yoshga kiryapman, shu yoshimda ham o‘zimni ancha tetik his qilaman. Chunki doimiy harakatdaman. Shukrki biror marta bemor bo‘lmadim. Qon bosimim ham yo‘q”, – deydi 60 yoshli tandirchi Olmaxon opa.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid