O‘zbekiston | 08:59 / 18.12.2021
2381
1 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 226 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan MChJ aniqlandi

Foto: Hududgaz Navoiy

Navoiy shahridagi MChJlardan biri tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 11 300 ta xonadonning bir kunlik iste’moliga yetadigan gazdan o‘g‘rincha foydalangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 13 dekabr kuni o‘tkazilgan profilaktik tadbirda Navoiy shahridagi MChJlardan biriga qarashli issiqxonada tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ulanib, gazdan foydalanib kelinayotgani ma’lum bo‘lgan. Buning oqibatida ta’minot korxonasiga 226 million 560 ming so‘mlik zarar yetkazilgan. Ya’ni isitish mavsumida taxminan 11 300 ta xonadonning bir kunlik iste’moliga yetadigan tabiiy gaz hisobga olinmay sarf qilingan.

Holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilgan.

Oldinroq Navoiyda 295 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holati aniqlangandi.

Mavzuga oid