Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hadis: Umra-umragacha bo‘lgan xatolarga kafforatdir
“Umra” so‘zi lug‘atda “ziyorat” ma'nosini bildiradi. Shariatda esa Baytullohni ziyorat qilish va unda bajariladigan maxsus amallarga Umra deyiladi.
Alloh taolo Qur'oni karimda: “وأتموا الحج والعمرة لله” ya'ni “Haj va Umrani Alloh uchun mukammal ado eting”, - deydi.
Ushbu oyati karimaga binoan mo‘min-musulmonlar Haj va Umra ibodatini ado etadilar.
Tarixdan ma'lumki, Ibrohim alayhissalom o‘g‘li Ismoil alayhissalom bilan Ka'bani qurishadi. Baytullohning qurilishi bitgach, Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga odamlarni Baytullohni haj qilishga chaqirishni buyuradi. U Zot chaqiradilar, chaqiriqqa “Labbay” deb javob berganlar, hajga keladilar. Ka'bani tavof etish o‘shandan beri davom etib kelmoqda.
Ulu-l-'azm payg‘ambarlardan (alayhimussalom) keyin bu ibodatga ko‘plab bid'at-xurofotlar aralashib ketdi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom davrlariga kelib, Ka'baning ichida 360 ta but-sanamlar bo‘lgan. U Zot sollallohu alayhi vasallam Payg‘ambar qilib yuborilgach, Ka'bani but-sanamlardan tozaladilar. Ma'lumki, Umra ibodati aynan shu muqaddas joylarda ado etiladi. Umra sunnat amallardan bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u haqda shunday deganlar:
“الحج مكتوب والعمرة تطوع” ya'ni “Haj farz qilingan, Umra esa nafldir”. Umra ibodati uchun ulkan savoblar, darajalar va'da qilingan. Hadisi sharifda: “العمرة إلى العمرة كفارة لما بينهما” ya'ni “Umra-umragacha bo‘lgan xatolarga kafforatdir”. Barcha mo‘min-musulmonlar ulkan savoblardan va gunohlardan poklanishdan umidvor bo‘lgan hollarida bu ibodatni ado etishga intiladilar. Yaqin kunlarda bizning yurtimizdan ham mo‘min-musulmonlar Umra safariga yo‘l oladilar. Shu munosabat bilan Umra ibodati nimalardan iborat ekanligiga e'tibor qaratsak.
Ular quyidagilardan iborat:
1. Ehromga niyat bilan kirish
2. Ka'bani tavof qilish
3. Safo va Marva tepaliklari orasida sa'y qilish
4. Sochni oldirish yoki qisqartirish
Musulmon kishi uchun Umra eng yaxshi makonda, eng yaxshi holda ado etiladigan eng sharafli ibodatlardandir. Unda ig‘vo, gunoh ishlar va tortishuvlar yo‘qdir. Balki unda tahlil, takbir, duo, iltijo va Allohga itoat hamda qiyinchiliklarga bo‘ysunish bor.
Albatta, Umra ibodatini ado etish asnosida bir qancha tabarruk joylarni ham ziyorat qiladilar. Avvalo Madinai Munavvarada Payg‘ambarimiz alayhissalom masjidlarida namoz o‘qish baxtiga muyassar bo‘ladilar. Bu masjidda namoz o‘qishning fazli haqida Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom shunday deganlar:
“صلاة في مسجدي هذا خير من ألف صلاة فيما سواه إلا المسجد الحرام” ya'ni “Mening masjidimdagi bir namoz boshqasidagi mingtasidan yaxshidir, faqat Masjidu-l-Harom bundan mustasno”. Chunki Masjidu-l-Haromdagi bir namoz boshqa joylardagi yuz ming namozga tengdir. Shu bilan birga haj va umra qiluvchilarimiz Ravzada namoz o‘qish imkoniga ham ega bo‘ladilar. Ravza haqida Payg‘ambarimiz alayhissalom uni jannat bog‘laridan bir bog‘dir deganlar. U yerdagi ibodat va duolar shubhasiz qabuldir. Har bir ziyoratchi ushbu ibodatlarni ixlos va muhabbat bilan ado etishlari muhimdir. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hamda buyuk sahobalar Abu Bakr raziyallohu anhu va Umar raziyallohu anhularning qabrlarini ziyorat qilishib, ularga o‘z salomlarini aytadilar. Boshqa tabarruk masjidlarni ham ziyorat qiladilar.
Barcha umra qiluvchilar qatori bizning diyorimizdan ham borayotgan yurtdoshlarimizni Alloh panohida asrasin. Har bir ziyoratchi avvalo shunday ibodatlar unga nasib qilganligi uchun Allohga shukronalar aytib, bu ibodatni emin-erkin ado etishi uchun xizmat qilgan barcha azizlarning haqiga duo qilishlari ham o‘ta muhimdir. U yerdagi har bir kunni g‘animat bilib, ko‘proq ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishlarini Alloh nasib aylab, oilalari va yurtimizning haqiga qiladigan duolarini Alloh ijobat qilsin. Omin!
“USMON BIN MAZ'UN” jome masjidi imom xatibi
O‘tkir Hakimov
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondan bo‘lgan qariyb 5,35 ming ziyoratchi bahorgi mavsumda Saudiya Arabistoniga «Umra» (kichik haj) ziyorati uchun yo‘l olishadi. Bu haqda avval xabar berilgan edi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma'lumotlariga ko‘ra, bu mavsum davomida ziyoratchilarga Saudiya Arabistonida 8 nafar ishchi guruh, 8 nafar oshpaz va 27 nafar shifokorlar guruhi xizmat ko‘rsatadi.
O‘n kunlik umra safari davomida o‘zbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida 3 kun bo‘lib, «Nur Mavadda» mehmonxonasida istiqomat qilishi rejalashtirilgan. Makka shahrida esa Haram masjididan 500-600 metr masofada joylashgan «Abroj Kisva» mehmonxonasi ziyoratchilarni kutib olishga shay holatga keltirilgan bo‘lib, umrachilar u yerda 7 kun davomida bo‘ladilar.
Mavzuga oid
18:36 / 12.01.2026
Tojikistonda 2026 yilgi Haj ziyorati narxi arzonladi
09:46 / 25.12.2025
O‘zbekiston–Saudiya: Haj va Umra mavsumida viza bo‘yicha hamkorlik kuchaytiriladi
11:08 / 23.10.2025
O‘zbekiston fuqarolari endi Haj va Umraga onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin
23:02 / 16.10.2025