O‘zbekiston | 23:13 / 07.08.2020
10590
3 daqiqa o‘qiladi

COVID-19dan davolash standartlarini buzgan xususiy klinikalar litsenziyasi bekor qilinadi - vazirlik

O‘zbekistonda COVID-19 bemorlarini davolovchi xususiy klinikalar ustidan nazorat kuchaytiriladi. Vazirlik davolash standartlari buzilsa, klinikaning litsenziyasi sud orqali bekor qilinishidan ogohlantirdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligida COVID-19 infeksiyasini aniqlash va davolashda qatnashayotgan xususiy tibbiyot muassasalarining vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda vazir o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov COVID-19 infeksiyasini davolayotgan nodavlat tibbiyot muassasalarida o‘tkazilgan monitoring natijalari to‘g‘risida ma'lumot bergan.

Ma'lum qilinishicha, Toshkentda jami 14ta xususiy klinika koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilmoqda. Shulardan faqat 7tasi davolashni boshlash uchun sanitariya-epidemiologiya qoidalari va davolash standartlariga rioya qilish bo‘yicha Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan shartnoma imzolagan.

«COVID-19 infeksiyasini davolayotgan xususiy tibbiyot tashkilotlarining aksariyatida zarur tibbiy asbob-uskunalar yetishmaydi, tegishli mutaxassislar mavjud emas. Eng achinarlisi, ular orasida sanitariya-epidemiologiya qoidalariga hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan standartlarga rioya qilmasdan ish yuritayotganlari mavjud.

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti Anesteziologiya va reanimatologiya kafedrasi assistenti Alla Rosstalnaya xususiy klinikalarda COVID-19 infeksiyasidan davolanayotgan bemorlarga yuritilgan kasallik tarixlarini tahlil qilar ekan, ularga keragidan ortiq dori-darmonlar, tegishli ko‘rsatma mavjud bo‘lmasa-da, ikki va undan ortiq antibiotiklar berilgani, davolash standartlariga zid ravishda infuzion suyuqliklar quyilganligini ko‘rsatib berdi.

Mutaxassislarning xulosalariga ko‘ra, COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanishning dastlabki bosqichida turli infuzion suyuqliklar bilan davolash, bittadan ortiq antibiotikni qo‘llash kasallikning tez sur'atlarda og‘ir shakliga o‘tib ketishga sabab bo‘lmoqda. Monitoring davomida xususiy tibbiyot tashkilotlarida aynan shunday xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etildi», – deyiladi rasmiy relizda.

Ta'kidlanishicha, yig‘ilishda SSV Lisenziyalash va akkreditatsiyalash boshqarmasiga hududiy sanitariya-epidemiologiya tashkilotlari bilan birgalikda xususiy tibbiyot tashkilotlarining koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan bog‘liq faoliyatini monitoring qilib borish, davolash standartlarini buzgan xususiy klinikalarga nisbatan qat'iy choralar ko‘rish, shu jumladan, ularning litsenziyalarini bekor qilish bo‘yicha sudlarga da'vo arizalarini kiritish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Mavzuga oid