Jahon | 08:05 / 09.06.2020
6315
4 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq o‘z hududida ichki turizmni tiklamoqchi. Ayrim davlatlar uchun taqiqlar saqlanib qoladi

Italiya iyun oyining boshidan yevropalik sayyohlar uchun o‘z chegaralarini ochdi. YeIning boshqa a'zolari ham shu oyning o‘rtalarigacha ochilish yo‘llarini ko‘rib chiqishmoqchi. Biroq Yevropaning koronavirus tarqalish ko‘rsatkichi yuqori hududlaridan keladigan sayyohlar, masalan britaniyaliklar uchun cheklovlar saqlanib qoladi.

Foto: Alkis Konstantinidis/Reuters

Buyuk Britaniya Ichki ishlar vaziri Priti Patel chetdan kirib keladiganlar 14 kunlik majburiy karantinga olinishi majburiyligini e'lon qilgan bir paytda, Italiya yevropalik sayyohlar uchun ochilganini aytmoqda, deb yozadi The Guardian.

8 iyundan boshlab Buyuk Britaniyaga kirib keladigan har bir shaxs 14 kunlik karantinda bo‘lishi lozimligi ma'lum qilingan. Faqat yuk tashuvchilar kabi chegarani tez-tez kesib o‘tuvchi kasb egalari bundan mustasno.

Yevropa Ittifoqi mintaqani 15 iyundan turizmga qayta ochish uchun a'zo davlatlarni hamkorlikka chaqirmoqda. Biroq a'zolar qit'ada koronavirus tufayli qayd etilayotgan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha Buyuk Britaniyadan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi Italiyadan keladigan sayyohlarni qabul qilishni unchalik xushlamayotganga o‘xshaydi.

Avstriya Tashqi ishlar vaziri Aleksandr Shallenber mamlakat chegaralari Italiyadan tashqari qolgan barcha chegaradoshlar uchun ochilishini ma'lum qildi.

«Biz koronavirusga aloqador barcha chegara va tibbiy tekshiruvlarni bekor qilmoqchimiz. Bu Germaniya, Lixtenshteyn, Slovakiya, Chexiya va Vengriya uchun amal qiladi. Afsuski, Italiyani hali bu ro‘yxatga kirita olmaymiz», – dedi Aleksandr Shallenberg bir necha kun oldin.

Germaniya rasmiylari ham shunga o‘xshash fikrda. O‘tgan hafta e'lon qilingan bayonotga ko‘ra, Germaniyada YeIning 27 a'zo davlati, jumladan, Islandiya, Norvegiya, Lixtenshteyn, Shveytsariya va Britaniya uchun 15 iyundan boshlab umumiy turizm to‘siqlari olib tashlanadi. Faqat buning uchun Germaniya to‘siqlarni olib tashlayotgan davlatlar ham o‘z hududlarida kirish taqiqlari va keng qamrovli cheklovlarini bekor qilgan bo‘lishi kerak.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xeyko Maasning ma'lum qilishicha, taqiqlar alohida davlatlarga sayohat qilish mumkin yoki mumkin emasligi haqidagi tavsiyalar bilan almashtirilishi rejalashtirilmoqda.

Agar Buyuk Britaniyada 14 kunlik majburiy karantin qoidasi davom etaveradigan bo‘lsa, rasmiy Berlin ham bu davlatga o‘ta zarur bo‘lmasa, tashrif buyurmaslik haqida ogohlantirishlar berib borishini ma'lum qildi.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri esa hali Buyuk Britaniya bilan karantin cheklovlarini olib tashlash bo‘yicha muzokaralar olib borilmagani va hozircha qat'iy kelishuv tamoyili amal qilishini aytdi.

Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte mamlakat YeI a'zolari va Shengen zonasidagi davlatlar uchun ochilishini e'lon qildi. Faqat Buyuk Britaniya infeksiya ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgani uchun istisno sifatida qoldirilmoqda.

Ispaniya esa virus tarqalishi sekin kechayotgan davlatlar uchun, ehtimol, 22 iyundan chegaralarini ochishi mumkinligini ma'lum qilmoqda. Shuning bilan mamlakatda koronavirus tufayli e'lon qilingan favqulodda vaziyat ham bekor qilinishi kerak.

Yevropa Ittifoqi may oyidan boshlaboq 15 iyundan o‘zaro sayohatlar amalga oshirilishini reja qila boshlagan, Yevrokomissiya rasmiy vakili bu borada a'zo davlatlarning «mustahkam hamkorlikdagi yondashuvi» muhimligini ta'kidlagan edi. Biroq agar qaysi davlat hukumati infeksiya ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan davlatlarga ochilishni xohlamasa, bu ham qabul qilinishi ma'lum qilingan.

«Biz a'zo davlatlarning o‘zlari hal qilishi kerak bo‘lgan masalalariga  aralashmoqchi emasmiz. Lekin vazifamiz chegaralar ochilishi borasida YeI a'zolarini yo‘riqnomalar bilan ta'minlashdan iborat.

Eng muhimi, bu borada diskriminatsiyaga yo‘l qo‘yilmasligi kerak. Ya'ni epidemiologik vaziyat o‘xshash bo‘lgan hududlarga bir xil shartlar qo‘yilishi kerak», – deydi YeI komissiyasi vakili.

Mavzuga oid