Jamiyat | 11:40 / 02.02.2020
40883
6 daqiqa o‘qiladi

Termiz tumani hokimligi xalqning haqini «yig‘latib» beradimi?

Kimgadir qarz bergansiz. Ammo ma'lum muddat o‘tgach sizga o‘sha pul juda kerak bo‘lyapti. Aytaylik, qarzdorning hurmati bor. Qancha kuta olasiz? Aksiga olib, o‘sha qarzni ro‘zg‘oringizni tebratib turgan savdo do‘konini sotish evaziga berib turgan edingiz...

Termiz tumani «Soliobod» mahallasidagi bir guruh fuqarolar bergan qarzini qaytarib olishni bir necha yillab kutishdi. Ayrimlari hamon kutishmoqda.

Ma'lum qilinishicha, Termiz tumani hokimining 2014 yil 30 apreldagi qarori bilan «Soliobod» mahallasidagi savdo do‘konlari buziladi. Maqsad — hududlarning arxitekturaviy-rejalashtirish qiyofasini yanada yaxshilash, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obektlarini jadal rivojlantirish hisobiga qishloq aholisining turmush darajasini oshirish. Bu yaxshi albatta. Zamon o‘zgaryapti, barcha obektlar ham shunga monand bo‘lmog‘i kerak. Bugun buni tushunmaydigan fuqaro kam topilsa kerak.

Lekin savdo do‘koni zamonaviy bo‘lmagani uchun buzilishiga rozilik bildirgan Bahodir Bahromov tovon pulini osonlikcha ololmaydi. Tuman hokimligi do‘kon egalariga kompensatsiyani to‘lab berishdan avval sudlashishni ma'qul ko‘radi. Natijada obekti buzilgan fuqarolar oylar, yillarni hokimiyat, sud eshigida o‘tkazib yubordi.

Buni qarangki, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudi 2016 yilning 25 yanvarida ishni do‘kondorlarning foydasiga hal qilib bo‘lgandi. Ushbu qarordan keyin ham bir necha marta qovun pishig‘i o‘tdi. Ammo hamon hokimiyatning pul bergisi yo‘q. 2018 yilning 7 fevralida o‘sha sud hal qiluv qarorini yangi ochilgan holat bo‘yicha bekor qilish haqidagi arizani rad qilish to‘g‘risida ajrim qabul qildi.

E'tibor qiling, ushbu ajrimgayam ikki yil bo‘ldi!

Kun.uz saytiga Bahodir Bahromovning turmush o‘rtog‘i Muhabbat Choriyeva murojaat qilib, sud qarori bo‘lishiga qaramay, buzilgan do‘kon kompensatsiyasini ololmay yurgani haqida xabar berdi.

Termiz tumanida bo‘ldik. Muhabbat opa bilan suhbatlashar ekanmiz, imkon qadar u kishidan bosiqroq bo‘lishni iltimos qildik. M.Choriyevani va'da, aldov va sarsongarchiliklar ancha holdan toydiribdi.

Murojaatchi hamrohligida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Qalandarovning fikrini eshitdik.

Shuhrat Qalandarov vaziyatdan yaxshi xabardor ekanini bildirdi. Shuningdek, hokimlik nafaqat «Soliobod» mahallasi, balki tumandagi jami 13 nafar fuqaroga tegishli noturar binolar kompensatsiyasini to‘lab bermoqchiligini ma'lum qildi. Bu haqda 2019 yilning 28 noyabrida viloyat hokimi To‘ra Bobolov nomiga chiqarilgan xatni ham ilova qildi.

Ammo kutilganidek, bu asos ham murojaatchini qanoatlantirmadi. Yana o‘zini sarson qilishlari mumkinligini aytib, nolidi.

Shundan so‘ng taxminan qancha vaqtlarda fuqarolar tovon pulini olishi mumkinligini bilish maqsadida tuman moliya bo‘limi boshlig‘i O‘ktam Ko‘chkinov bilan telefon orqali bog‘landik. Moliya bo‘limi boshlig‘i Muhabbat Choriyevaning kompensatsiya pulini ko‘pi bilan uch kun ichida to‘lab berishini aytdi. Suhbatimizni eshitib turgan Muhabbat opaga bu javob ma'qul keldi.

Buni qarangki, biz bu murojaatni o‘rgandik, deb turganimizda yana bir fuqaro bizga aloqaga chiqdi. Tuman hokimining o‘sha qarori bilan Nafisa Isaqulovaning onasi Zarxol Mirzaqulovaga tegishli do‘kon ham buzilishga tushgan ekan. Kompensatsiya puli 50 403 000 so‘m etib belgilangan.

Darhaqiqat, hokim o‘rinbosari ko‘rsatgan o‘n uch kishilik ro‘yxatda Zarxol Mirzaqulovaning (vafot etgan) ham nomiga ko‘zimiz tushgandi. Qizi N.Isaqulovaning aytishicha, moliya bo‘limi hozircha faqat Bahodir Bahromovning tovon pulini to‘lab bermoqchi ekanligini ma'lum qilibdi. Murojaatchi «Biz yana qachongacha kutamiz, nega hammaga bir ko‘zda qaralmaydi?» deya e'tiroz qildi.

Ikki kundan so‘ng Muhabbat opa do‘koni evaziga 24 160 000 so‘m kompensatsiya puli to‘lab berilganini aytib, minnatdorchilik bildirdi.

Ammo Nafisa Isaqulova qo‘ng‘iroq qilib, hokimlik vakillari yana kutib turishni so‘raganidan nolidi.

Ikkinchi marta moliya bo‘limi rahbari O‘ktam Ko‘chkinov bilan bog‘langanimizda, xalq deputatlari tuman kengashining navbatdagi sessiyasida kompensatsiya masalasi kiritilishi va shundan so‘ng qolgan haqdorlarning ham tovon puli to‘lab berilishini aytdi. Shuningdek, 13 kishilik ro‘yxatdan jami besh kishining kompensatsiyasi to‘lab berilganini ilova qildi.

Ochig‘i, biz hokimlik manfaatiga to‘g‘ri kelsa hammasi qog‘ozdagidek bo‘lishiga, fuqaro manfaati turganda esa «dehqonchasiga» ishlashga o‘rganib qolganmiz. Ya'ni, istasak sessiyani kutamiz, istamasak — yo‘q. Ammo shunisiga ham rahmat.

Garchi qo‘pol o‘xshatishdir, ammo bu ham xalq maqoli: «Bola yig‘lamasa, ona sut bermaydi». Hokimlikning xatti-harakati shu naqlni eslatdi. Umid qilamizki, Termiz tumanida o‘z haqini ololmayotgan boshqa fuqarolari uzoq «yig‘lamaydi»lar.

Isomiddin PO‘LATOV, Kun.uz muxbiri.
Foto muallifi: Faxriddin HOTAMOV

Mavzuga oid