6 aprel kuni soliq maslahatchilari, auditorlar va buxgalterlar ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda Vazirlar Mahkamasining 2021 yildagi 595-son qarori, xususan, uning 6-band “g” kichik bandi atrofidagi muammolar muhokama qilindi.
“Turon himoyasi” advokatlik firmasi direktori Shokir Boqiyevga ko‘ra, mazkur qaror tadbirkorlar uchun eng og‘riqli masalalardan biriga aylangan.
“595-qaror – bugun tadbirkorlar uchun eng og‘riqli nuqtalardan biri. Qarorda aniq belgilangan: agar korxona kirimida mahsulot bo‘lmasa, hisob-faktura rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak edi. Bu vazifa 2021 yilda Soliq qo‘mitasiga yuklatilgan. Lekin amalda buning aksi kuzatilmoqda”, – deydi u.
Boqiyevning ta’kidlashicha, buning oqibatida halol ishlayotgan tadbirkorlar javobgar bo‘lib qolmoqda.
“Afsuski, bugun tovarni sotgan emas, balki sotib olgan tadbirkor jazolanmoqda. “Obnal” bilan shug‘ullanuvchi korxona topiladi, u bir mardikorni rasmiylashtirib qo‘yadi – u esa qamoqda o‘tiribdi. Natijada barcha soliq majburiyatlari halol ishlayotgan korxona gardaniga tushmoqda”, – deydi mutaxassis.
Uning aytishicha, bu masala Oliy sudgacha yetib borgan.
“Kuni kecha Oliy sud qaror chiqardi. Kulgili holat – masala shu darajaga yetib bordi. Davlat xavfsizlik xizmati bilan tuzilgan ayrim shartnomalar qalbaki deb baholangan, lekin Oliy sud bunga to‘g‘ri huquqiy baho berdi. Endi savol tug‘iladi: agar hatto shu tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar haqiqiy emas deb topilsa, tadbirkor kim bilan ishlashi kerak?” – deydi Boqiyev.
Advokat ayrim tadbirkorlar oylar davomida o‘z muammolarini hal qila olmayotganini ta’kidladi.
“Bir tadbirkor bir yarim yil sudda yurdi. QQS guvohnomasini tiklash bo‘yicha sud qarori chiqqaniga 4 oy bo‘ldi, lekin hali ham tiklab berilmadi. Bunga hech kim javob bermaydi”, – deydi u.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ham muammoning tizimli ekanini qayd etdi.




















