O‘zbekiston | 12:58 / 02.02.2017
19892
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda Damas rusumidagi avtomashinalarda yo‘lovchi tashish davom etadi

Andijon  Respublikamizda aholi zich istiqomat qiladigan viloyatlardan biri. Ma'lumki, hududagi  aholining ko‘pligi va ularning o‘z xizmat vazifasi va yumushlarini bajarishi,  umuman olganda “A” nuqtadan “B” nuqtaga o‘z vaqtida yetib borishlari  uchun transport xizmati ko‘rsatishga alohida e'tibor qaratish lozim.

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahri ichida Damas rusumidagi avtomashinalariga yo‘lovchi tashish bo‘yicha cheklov qo‘yilayotgani haqida gap-so‘zlar tarqalgani haqidagi xabarlardan so‘ng masalaga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz’ning Andijondagi muxbiri Avtomobil va daryo transporti agentligining Andijon hududiy bo‘limi rahbari Murodjon  Haydarovga yuqoridagi savol bilan murojaat qildi. 

“Viloyatimizda aholiga avtotransport xizmati ko‘rsatuvchi 175 ta korxona faoliyat ko‘rsatadi. Ular tarkibida olti yarim mingga yaqin  Damas transport vositalari mavjud. Ushbu korxonalarda insonlarni uzog‘ini yaqin qilish uchun xizmat ko‘rsatayotgan haydovchilar har kuni tongda tibbiy ko‘rikdan va yo‘riqnomadan o‘tib, o‘z yo‘nalishlarida aholiga namunali xizmat ko‘rsatish uchun yo‘lga chiqadilar. Ularga yo‘lovchilar bilan muomala madaniyati haqida alohida tushuntirish ishlari olib borilib, yo‘l kira narxi aniq belgilab berilgan.                

Viloyatda aholiga transport xizmatini namunali tashkil etish maqsadida tegishli idoralar mutasaddilaridan alohida guruh tashkil etilgan bo‘lib, ushbu guruh noqonuniy yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanayotgan haydovchilar bilan alohida ish olib bormoqda va ularga qonun doirasida chora ko‘rilayotir. Axir aholi tashishga ruxsatnomasi yo‘q bo‘lgan haydovchi hohlagan yo‘nalishida o‘ziga ma'qul kelgan yo‘l kira narxini qo‘yib faoliyat yuritishi mumkin emas-ku? Jamoat transporti tartibli bo‘lishi kerak. To‘g‘ri kelgan joyda to‘xtab, qonuniy faoliyat yuritayotgan transport vositalariga halaqit bermasligi lozim. Ayni paytda hududimizdagi yo‘nalishlarda qonuniy faoliyat yuritayotgan Damas  transport vositalariga yo‘lovchi tashish uchun hech qanday ta'qiq yo‘q”, dedi Murodjon  Haydarov.        

Ma'lumot o‘rnida shuni aytib o‘tmoqchimiz, viloyatda aholiga transport xizmatini yanada takomillashtirish maqsadida   2017—2021 yillarda Andijon shahriga 319 ta avtobus, 490 ta mikroavtobus keltiriladi. 2018 yilning birinchi yarmigacha bo‘lgan muddatda yo‘lovchilar tashish transportida yo‘lkira uchun naqd pulsiz haq to‘lash tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishi ko‘zda tutilgan. 

 

Mavzuga oid