O‘zbekiston | 18:24 / 15.03.2024
17620
2 daqiqa o‘qiladi

Chet tilini biladigan yoshlarning yuqori maoshli ishga joylashishiga yordam beriladi

Ingliz, fransuz, nemis, koreys, yapon, rus, xitoy va arab tillarini yaxshi biladigan yoshlar ayti kompaniyalariga ishga joylashtiriladi. Bunda talabgorning mutaxassisligi muhim emas. Bu yerdan so‘rovnomani to‘ldirib, ish uchun ariza berib qo‘yish mumkin.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda yashab turib, xorijiy ayti kompaniyalarda ishlash imkoniyati yaratilgani, buning uchun yoshlarga yordam berilishini ma’lum qildi.

Biz chet mamlakatlarga borib, O‘zbekistonning ayti imkoniyatlarini targ‘ib qilyapmiz. Ular yurtimizga kirib kelganidan so‘ng esa bizga chet tillarini mukammal biladigan yoshlar kerak. Ahamiyatli tomoni, ayti kompaniyalarda ishlash uchun faqatgina dasturchi bo‘lish shartmas, boshqa ko‘plab masofadan ko‘rsatish mumkin bo‘lgan xizmatlar bor. Bu juda imkoniyati keng soha, ushbu kompaniyalarda ishlash uchun chet tilini bilish, biroz salohiyat va harakat kifoya”, – dedi vazir 14 mart kuni bo‘lib o‘tgan anjumanda.

Ma’lum qilinishicha, hozir chet tilini yuqori darajada biladigan 10 ming nafar yoshga ehtiyoj bor. Yil oxirigacha bu ehtiyoj 70 mingdan oshishi kutilmoqda.

Anjumandan keyin vazirlik rasmiy sahifalarida xorijiy til sertifikati bo‘lgan yoki shunday yoshlarni tanigan aholiga murojaat qilib, so‘rovnoma to‘ldirishlarini so‘ragan. “So‘rovnomani to‘ldirib, o‘zingiz haqingizdagi ma’lumotlarni qoldirishingizni so‘raymiz. Biz siz bilan bog‘lanib, ayti kompaniyalarga ishga joylashishingizga yordam beramiz”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Bu havola orqali ro‘yxatdan o‘tib, so‘rovnomani to‘ldirishingiz mumkin.

Mavzuga oid