O‘zbekiston | 15:58 / 01.05.2026
4435
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta oxirida harorat biroz pasayadi va yomg‘ir yog‘adi

Dam olish kunlari O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Harorat +22…+25 daraja atrofida bo‘ladi. Ayrim joylarda shamol kuchayib, chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston bo‘yicha may oyining birinchi kunlarida bahoriy ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet.

Respublika hududining katta qismida yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Navoiy viloyati shimolida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Buxoro viloyatida va Navoiy viloyati janubida asosiy yomg‘irlar bugun yog‘adi, 2–3 may kunlari esa faqat ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

1 may kuni respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13–18 metr/soniyagacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Juma kuni kunduzi havo harorati asosan +27…+30 daraja, dam olish kunlari esa +22…+25 daraja bo‘ladi. Shimoli-g‘arbiy hududlarda juma kuni eng salqin +20…+23 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda, yakshanba kuniga borib esa havo harorati +27…+30 darajagacha ko‘tariladi.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 1–3 may kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan kuzatiladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkent shahrida juma kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +28…+30 daraja bo‘ladi.

Shanba va yakshanba kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kechalari +13…+15 daraja, kunduz kunlari +22…+24 daraja bo‘ladi.

1–2 may kunlari shamol tezligi 10–12 metr/soniyagacha kuchayishi, bugun kunduzi shaharning ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid