Jamiyat | 11:25 / 12.01.2020
40606
12 daqiqa o‘qiladi

«Ota-bobomiz shu suvdan ichib kelgan». Yangiqo‘rg‘on hokimligi mutasaddisi minglab odamlar ariqdan suv ichishiga xotirjam qaraydimi?

Vodiydagi eng so‘lim, havosi toza, tabiati betakror maskanlardan biri Namangan viloyatida joylashgan. Bu – Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Nanay qishlog‘idir. Katta qishloq. Unda 13 ming nafardan ziyod aholi yashaydi.

E’tiborlisi, Nanayda havo harorati yilning to‘rt fasli davomida vodiyning boshqa joylaridagidan 10 daraja past yuradi. Yozi doim g‘ir-g‘ir shabboda, qishi doim qorli bo‘lgan tog‘ qishlog‘i. Bir vaqtlar nafaqat qo‘shni respublikalardan, balki uzoq yurtlardan ham odamlar Nanayga dam olgani, sog‘ligini tiklagani kelishgan. Turizm gullab-yashnagan.

 Biroq bugungi Nanayda kamchiliklar juda ko‘p. Muammolar bisyor bo‘lgan joyda turizmni rivojlantirish haqida o‘ylab ham bo‘lmaydi.

 Murojaat ortidan Namanganning chekka qishlog‘i tomon yo‘l oldik. Vodiyning boshqa hududlarida yashovchi odamlar «g‘archillagan» qorni ko‘rmaganiga bir necha yil bo‘ldi. Nanayda esa hammayoq oppoq qorga burkangan edi.

«Haliyam ariqdan suv ichamiz. Ichimlik suvi tizimi inshootlari yo‘q bo‘lib ketdi»

 Nanayda bo‘lib, minglab aholining og‘riqli muammosi bo‘yicha qishloq odamlari, nuroniylar bilan suhbatlashdik. Ular tuzalmas dardga aylanib ketayotgan ichimlik suvi muammosi haqida gapirib berishdi.

 «Sizga Nanay qishlog‘i toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmayotgani haqidagi muammolar bilan murojaat qildik. Bir necha yildan beri tuman va viloyat hokimlari, prokurorlariga, ichki ishlar tizimi mutasaddilariga arz qilib kelyapmiz.

 Qishloqdagi mavjud suv tortish nasoslari yo‘q bo‘lib ketgan. Inshootlar atrofidagi maydonlari dacha sifatida qaror chiqarib, berib yuborildi.

 Hududimizda to‘rtta maktab, to‘rtta bog‘cha, poliklinika va shifoxona bor. Ular ham toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. Ariqda oqayotgan suvni tortib ichishadi. Nanayga shaharcha maqomi berilgan. Lekin qishlog‘imizda na kanalizatsiya bor, na ichimlik suvi. Mana shu Qirg‘izistondan oqib kelayotgan suv bahor va yoz oylarida loyqa holda oqib keladi.

Uni ichish uchun avval bir necha kunlab tindirishga majburmiz. Odamlarga quvur orqali berilayotgan suv ham tepadagi hovuzdan berilayotgan ariq suvi. Filtrlanmagan, ichida turli narsalar oqib kelayotgan iflos suv. Qanday suv ichayotganimizni o‘zimiz bilamiz, lekin iloji yo‘q, ichamiz. Boshqa nima ham qilardik. Qishloqda shu ariqdagi suvdan bo‘lak sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan toza suvning o‘zi yo‘q.

 Qishlog‘imizning tabiati go‘zal. Kurort joylar. Odamlar yozda sayohatga kelishadi mana shu soyda cho‘milishadi. Qishda qordan zavqlangani kelishadi. Tabiati va havosi o‘zgacha bo‘lgani uchun uzoq yillar Nanayni toza suv bilan ta’minlagan «nasos»lar o‘rnidagi maydonlar dala hovli sifatida xususiylashtirilib olindi. Mutasaddilar o‘n minglab aholi suv bilan ta’minlanishi bo‘yicha qachon o‘ylanishadi, hayronmiz», deydi Bayozbek Sharipov.

Mutasaddi idoralarga hududdagi ichimlik suvi muammosi va hovuzlar atrofidagi mavjud yerlar dala hovlilar uchun berib yuborilgani bo‘yicha yozilgan arizalarni «Yangiqo‘rg‘on qishloq ichimlik suv» unitar korxonasi o‘rgangan. Tashkilot yo‘qolib ketgan hovuzlar o‘rniga yangi inshootlar qurilishi uchun noqonuniy berilgan yerlar masalasi 2019 yil oxirigacha bartaraf qilinishi bo‘yicha javob xati ham bergan.

 2019 yilning avgustida Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi tomonidan yuborilgan axborotda ham «Soy bo‘yi» MFYdagi ikkita tik quduq va 600 m3 hajmdagi suv saqlash inshooti (rezervuar) bo‘yicha loyiha tayyorlangani va ishlar 2019 yilning 3-choragida amalga oshirilishi rejalashtirilgani aytiladi.

Ayni paytda Nanaydagi beshta mahalla – «Qayroqi», «Namuna», «Soy bo‘yi», «Zarbdor» va «Do‘stlik» mahallalarida ichimlik suvi muammosi juda dolzarb.

 «Ichimlik suvi tizimi egasiz bo‘lib qoldi. Aholi ariqlardagi suvni ichib, ishlatyapti. Ko‘p marta kattalarga murojaat qildik. Birov quloq solmadi. Arizalarimiz deyarli ijrosiz qoldi. Ochiq havzada oqib kelgan suvdan foydalanish turli yuqumli kasalliklarni ko‘paytiradi», deydi Zuhriddin Abduvaliyev.

 Qishloqning yuqori qismidagi ariqdan kelayotgan suvni saqlab uzatish uchun bir vaqtlar bunyod etilgan hovuzni borib ko‘rdik. Tashlandiq hovuz ichiga loyqa o‘tirib to‘lib bo‘lgan. Hovuzni tozalashning iloji yo‘q. Atrofidagi yerlar dala hovli qurish uchun berib yuborilgan.

Qishloq aholisi ro‘zg‘orda foydalanayotgan ariqning boshlanish joyini ham ko‘rdik. Chiqindi to‘la ariqdan ichish va ishlatish uchun yaroqli bo‘lmagan suv oqib kelmoqda. 

 «Endi Prezidentimizning oldiga borishimiz qoldi, xolos...»

 Nanaydagi shifoxonada ham holat achinarli edi.

«Namuna» MFYda joylashgan tibbiy muassasada ishlatiladigan suv ariqdan «nasos» orqali suv minorasiga tortilib so‘ng tarqatiladi. Toza ichimlik suvi yo‘q. Xodimlar boshliqlaridan hayiqishdi chog‘i, intervyu berishdan qochishdi.

 O‘zbekiston va Yangi mahalla ko‘chalarida ariqdan ichishga yaroqsiz suvni tashib ichayotgan odamlar bilan suhbatlashdik.

Ariqdan suv tashiyotgan Rahimjon Mannonov necha yildan beri mahalla ahli ichish va ro‘zg‘or uchun suvni mana shu ochiq havzadan olishini ta’kidladi.

 «Kanalda suv ko‘payganda ba’zida tindirilgan suv kelib qoladi. Yoz, bahor oylari loyqa, iflos suvni iste’mol qilib yashayapmiz. Ichimlik suvi tizimi ancha vaqtdan beri yo‘q», deydi u.

Qishloq ulug‘laridan bo‘lgan Bekmirza hoji ota Abdurazzoqov tuman hokimiga qayta-qayta murojaatlardan naf bo‘lmaganini ta’kidladi.

 «Nanay qishlog‘ining eng katta muammosi – ichimlik, ya’ni toza suv ta’minoti masalasidir. Aholi turli chiqindilar tushib yotgan ochiq suvni ichib, yashab yuribdi. Tuman hokimi hududimizga necha marta kelgan bo‘lsa, har safar dardimizni aytamiz. O‘n marta kelgan bo‘lsa, o‘n marta aytgandirmiz. Foydasi yo‘q. O‘n besh yildan beri shu ahvol. Bir vaqtlar zo‘r ishlagan suv tizimi, uskunalar elektrdagi uzilishlar boshlanganidan so‘ng nasos kuyib qoldi. Tuzatib kelamiz», degan vajlar bilan sekin-sekin yo‘q bo‘lib ketdi. Maydonlari dala hovli qilib berib yuborildi.

 Ichimlik suvi muammosi bo‘yicha tuman hokimiga, viloyat hokimligiga bir necha bor murojaat qildik. Natija yo‘q. Endi Prezidentimizga borishimiz qoldi xolos.

 Mahallaning yo‘llari ham juda yomon. Tuman hokimi juda ko‘p keladi. Aytamiz. Hech bo‘lmasa shag‘allab bermaydi. Keyingi safar yana uyalmay kelaveradi», deydi u.

 Vahobjonning stadioni

 «Namuna» MFYda yashovchi Vahobjon Ismonboyev mahalla ahli yordami bilan tashlandiq joyda stadion tashkil qilibdi. Stadion atrofiga panjara qilish, turli sport anjomlari uchun Vahobjon o‘z mablag‘idan 7 million so‘mdan ziyod pul sarflaganini aytdi. Lekin, shug‘ullanish bepul ekan.

 «Atrofdagi yoshlar yoz oylari bu joyda futbol, tennis o‘ynashadi. Qishda boshqa shug‘ullanadigan joy yo‘q. Yog‘inli kunlar uchun naves qurdik. Biroq ustini yopishga mablag‘ yetmadi. Qishloq guzarida rekonstruksiya qilinayotgan madaniyat markazining eski shiferlarini so‘radim, berishmadi. Tuman hokimligiga ham stadionni rivojlantirish uchun ko‘mak so‘rab murojaat qilganman. Qog‘ozda yordam berilishini yozib jo‘natishibdi. Amalda esa yo‘q», deydi Vahobjon.

 Mahalla yoshlari uchun tashabbus bilan chiqqan Vahobjon ko‘makka muhtoj.

Yangiqo‘rg‘on tumani mutasaddilari Nanay muammolaridan xabardormi?

 Tuman hokimligida hokim o‘rinbosari Nodirbek Qosimxonovga uchradik. Mutasaddi mazkur masalada «Yangiqo‘rg‘on qishloq ichimlik suv» korxonasi rahbari Mirkamol Mirsaydullayev to‘liq ma’lumot berishini aytdi.

Yangiqo‘rg‘on hududidagi ichimlik suvi tarmoqlariga mas’ul bo‘lgan Mirsaydullayevning Nanay qishlog‘i bo‘yicha bergan izohi tushunarsiz bo‘ldi.

 «2019 yili Nanay qishlog‘idagi mahallalarni ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha katta ishlar qilindi. Qishloqning faqat bitta mahallasida suv tortish ishlarini qilish kerak. 13 ming aholining 85 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Faqat «Mamay» va «Qayroqi» mahallalarida muammo bor, ularni ham 2020 yilda hal qilamiz. Boshqa barcha mahallalarda ichimlik suvi mavjud», deydi mutasaddi.

 «Soy bo‘yi» va «Qayroqi» mahallalaridagi suv tarqatish va saqlash inshootlari hududi dala hovlilar qurish uchun berib yuborilgani haqidagi savolga ham Mirsaydullayevning ikki xil ma’nodagi izohi quyidagicha bo‘ldi: «Bu haqda men to‘liq ma’lumotga ega emasman. Ularning qo‘lida egalik huquqini beruvchi qarori bor... Bor deyishyapti... Lekin, xalqning talabi to‘g‘ri. O‘sha suvni yetkazish inshootlarini «vodazabor» deymiz. Chindanam qishloqqa suv yetkazish uchun yana bitta «vodazabor» qo‘shsak aholiga suv yetardi. Hozir hududda 13 ming aholi bor. Bitta inshoot 6,5 ming aholiga yetadi. Yana bitta inshoot qo‘shsak, barchani ta’minlaymiz. Joylarni ham qaytarib olamiz».

 Buni qarangki, aholi vakillari bizga aynan «Yangiqo‘rg‘on qishloq ichimlik suv» rahbari M.Mirsaydullayev imzosi bilan yo‘qolib ketgan hovuzlar o‘rniga yangi inshootlar qurilishi uchun noqonuniy berilgan yerlar masalasi 2019 yilning oxirigacha bartaraf qilinishi bo‘yicha javob xatini taqdim qilishgan edi.

 Ushbu mutasaddi Nanayning 85 foiz suv bilan ta’minlanganini kanaldan oqib kelayotgan suv ta’minotidan kelib chiqib aytgan ekan.

 «Ota-bobomiz shu suvdan ichib kelgan. Shu yil suv inshootlarini ta’mirlaymiz. Noqonuniy berilgan joylarni qaytarib olamiz. Joriy yilda barcha kamchiliklarni bartaraf etamiz», deydi u.

To‘g‘risi, ichimlik suvi ta’minoti rahbarining so‘zlaridan so‘ng uning va’dalariga ishonish-ishonmaslikni bilmay qoldik.

 Nanay ahli esa tarkibi sanitariya holatlariga javob bermaydigan oqin ariqdagi suvni 10 yillardan beri iste’mol qilib kelmoqda. To‘rtta maktab, uchta bog‘cha, ikkita tibbiyot muassasasi ham toza suvga muhtoj.

 Bugungi kunda rahbarlar oldiga aholi dardini tinglash va muammolarni tezlik bilan hal qilish talabi qo‘yilgan. O‘ylaymizki, Nanay qishlog‘idagi ichimlik suvi masalasi tez orada hal bo‘ladi.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov
Tasvirchi - Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzuga oid