O‘zbekiston | 17:56 / 04.12.2025
7285
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyatida «Sultonhovuz» suv ombori quriladi

Bu bilan Boyovut, Guliston, Sayxunobod, Sirdaryo va Mirzaobod tumanlaridagi 110 ming gektarda yiliga 2 marta hosil olish imkoniyati yaratiladi.

Foto: Kun.uz

Ekin yerlarida suv ta’minotini yaxshilash uchun kelasi yil Boyovutda sig‘imi 100 million kub metr bo‘lgan «Sultonhovuz» suv omborining qurilishi boshlanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 4 dekabr kuni Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, bu orqali Boyovut, Guliston, Sayxunobod, Sirdaryo va Mirzaobod tumanlaridagi 110 ming gektarda yiliga 2 marta hosil olish imkoniyati yaratiladi.

Prezident yerlarning meliorativ holatini saqlab turish uchun viloyatdagi 16 ming kilometr zovurlarni bosqichma-bosqich tozalash vazifasini qo‘ydi.

Qayd qilinishicha, viloyatdagi 200 ming gektarga yaqin ekin yerlari kuchli va o‘rta darajada sho‘rlangan. Sho‘rlangan yerlarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha pilot loyihani Sirdaryoda sinovdan o‘tkazib, natijasiga qarab, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.

Mutasaddilarga suv hisobini yuritish bo‘yicha Sirdaryoni namunali hududga aylantirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid