Jahon | 16:20 / 19.12.2025
9097
12 daqiqa o‘qiladi

Seversk qulash yoqasida: bu Slovyansk va Kramatorskka qanday xavf tug‘diradi?

Ukraina qurolli kuchlari Donetsk oblastining Seversk shahri atrofida 2022 yildayoq yirik platsdarm hosil qilib, sharqdan Slovyansk va Kramatorsk aglomeratsiyasiga o‘tishni to‘sib turgandi. Endi bu platsdarm yo‘q, Rossiya rasmiylari esa ushbu shahar olinganini e’lon qildi.

«Edelveys» 10-tog‘-shturm brigadasi Severskni mudofaa qilmoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 11 dekabr kuni bu haqda e’lon qilarkan, RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi ushbu aholi yashash manzilini 15 dekabrgacha egallashni va’da qilgan bo‘lgani va bu va’dani bajarganini qayd etgan.

Rossiyaning «Yug» qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni Sergey Medvedev ushbu shahar qo‘lga kiritilishi kelgusida Slovyansk tomon yurish uchun qulay sharoit yaratganini ta’kidlagan. Ushbu shahargacha 30 km masofa qolgan.

Rossiyalik harbiylar Seversk ustidan nazorat o‘rnatilgani tasdig‘i sifatida shaharning turli nuqtalarida Rossiya bayroqlari osilgani aks etgan videokadrlarni ko‘rsatishgan.

Rossiya mudofaa vazirligi Rossiya Federatsiyasi harbiylari Seversk markazida o‘z bayrog‘ini shahar ustidan nazoratni tasdiqlash uchun namoyish etayotgani tasvirlangan kadrlarni e’lon qildi, 11 dekabr

Ukraina qurolli kuchlarining frontning ushbu uchastkasi uchun mas’ul bo‘lgan 11-armiya korpusi qo‘mondonligi esa Seversk taslim bo‘lgani haqidagi xabarlarni inkor etmoqda.

«Severskda dushmanlar bormi? Ha, bor. Ular shaharni to‘liq nazorat qilyaptimi? Yo‘q, nazorat qilmayapti. Muntazam ravishda ularni yo‘q qilish ishlari olib borilmoqda… Shuning uchun vaziyat murakkab, shahar uchun kurash davom etmoqda», – degan 11-armiya korpusi spikeri Dmitro Zaporojyets.

Ammo 15 dekabr kuni u BBC Ukraina xizmati bilan suhbatda «shaharning faqat bir qismi» Ukraina qurolli kuchlari nazoratida ekanini aytdi. U tafsilotlarga to‘xtalmagan.

«Severskni hozircha izohsiz qoldiraman. Vaziyatni barqarorlashtirish tadbirlari olib borilmoqda», – degan u.

Odatda Ukraina armiyasida «barqarorlashtirish tadbirlari» deganda dushmandan ozod qilingan hududda yoki jangchilarni qayta joylashtirish paytida mustahkamlanib olish bo‘yicha operatsiyalar nazarda tutiladi.

Shahar mudofaasidagi 54-alohida mexanizatsiyalashgan brigada bayonotiga ko‘ra, rossiyalik harbiylar anchadan buyon tumanli havodan foydalangan holda shaharga kirishga urinishlarni amalga oshirayotgani ma’lum qilingan. Natijada ularning bir qismi shahar chekkalaridagi binolarda va yerto‘lalarga o‘rnashib olgan.

«Seversk dushmanning doimiy bosimi ostida qolmoqda: ularning bir qismi shahar ichkarisiga kirib olishga urinmoqda, boshqalari mustahkam joylashib olish umidida shaharning kirish joylarida harakatlanmoqda», – deyiladi brigadaning 16 dekabr kungi bayonotida.

DeepState va Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) tomonidan tayyorlangan xaritalarda Severskning kamida sharqiy qismi rossiyalik harbiylarning to‘liq nazorati ostida ekani ko‘rsatilgan, g‘arbiy qismi esa hech bir tomon nazorat qilmayotgan «kulrang zona» sifatida belgilangan.

BBC’ning Ukraina qo‘mondonligidagi manba Ukraina qurolli kuchlari hamon shaharning g‘arbiy chekkasida, Baxmutk daryosi ortidagi pozitsiyalarni saqlab qolayotganini ma’lum qilgan. Ammo shahar yaqin vaqtlar ichida qulashi muqarrar, deb hisoblaydi suhbatdosh.

Ayni vaqtda Ukraina qurolli kuchlarining asosiy vazifasi – Rossiya armiyasining Slavyansk va Kramatorsk tomon harakatini to‘xtatib turish bo‘ladi.

Qayd etish kerakki, Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi oktyabr oyidayoq o‘zining frontdan har kungi hisobotlarida «Seversk yo‘nalishi» bo‘yicha ma’lumot berishni to‘xtatgandi. Uning o‘rniga «Slovyansk» yo‘nalishi paydo bo‘lgan.

Rossiya armiyasi Seversk platsdarmini qanday qilib yo‘qqa chiqardi?

Sentyabr oyida Rossiya armiyasi Severskdagi guruhga janubdan ham, shimoliy qanotdan ham rejali ravishda bosim qilishga kirishdi. Oy oxirida ukrain qo‘shini Serebryansk o‘rmonidan siqib chiqarildi.

Severskiy Donetskning shimoliy sohilidagi ushbu o‘rmonzorlar qariyb uch yil mobaynida og‘ir va mashaqqatli janglar maydoniga aylandi hamda Ukraina qurolli kuchlarining Seversk platsdarmining shimoliy qanotini himoya qildi.

Rossiya armiyasi endi bu hududdan kuchlarni to‘plash va janubga, Serebryanka va Dronovka qishloqlariga hujum qilish uchun foydalanadi. Noyabr oyi boshida bu yo‘nalishda oldinga siljish ularga Severskdan shimoldagi tepaliklarga chiqish va shaharni asosiy yer bilan bog‘lovchi logistika yo‘nalishlarini uzib qo‘yish imkonini berdi.

Rossiya armiyasi bunga parallel ravishda shahar janubidagi Zvanovka, Vemka va Svyato-Pokrovskoye qishloqlari yaqinidagi tepaliklarga va ukrainlarning logistika yo‘llariga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

Ukraina qurolli kuchlarining frontning ushbu qismida mudofaalanayotgan O‘ninchi tog‘-shturm brigadasi 5 dekabr kuni Svyato-Pokrovskiy yaqinidagi mudofaa saflariga rossiyalik harbiylar yashirincha kirib kelgani haqida xabar bergandi.

Ukrainlar Severskda o‘rnashib olishga urinayotgan rossiyalik harbiylarga zarba berish uchun dronlardan foydalanmoqda. Ayni paytda shaharning katta qismi Rossiya nazorati ostida.

Hozirda Severskdan janubda va shimolda joylashgan bu hududlarning barchasi Ukrainaning DeepState tahliliy portali xaritasida «kulrang zona» sifatida ko‘rsatilgan.

Urushni o‘rganish institutining amerikalik tahlilchilari esa Rossiya harbiylarining bu hududda oldinga siljishini hozircha tasdiqlay olmagan.

Suxaya daryosi qirg‘oqlari va Ray-Aleksandrovka, Nikolayevka va Raygorodok qishloqlari tomon g‘arbga yo‘nalish – Rossiya armiyasining keyingi harakatlari uchun yaqqol vektor bo‘lib xizmat qiladi.

To‘g‘ri, frontning bu qismida operativ zaxiralarsiz Rossiya Ukraina mudofaasini tezda yorib o‘tishi amalda imkonsiz ish. O‘z navbatida, Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi ham qo‘shimcha kuchlar olib kelinmagan taqdirda, Seversk ustidan nazoratni qaytarishga umid qila olmaydi.

Boshqa yo‘nalishlardagi vaziyat

Boshqa yo‘nalishlarda Rossiya hujumlarining faolligi biroz pasaygan.

Agar noyabr oyida har kuni kamida 200 ta, ayrim kunlarda esa 300 ga yaqin o‘t ochilishi qayd etilgan bo‘lsa, dekabr oyi o‘rtalariga kelib ularning soni deyarli ikki baravarga kamaydi.

Hozirda kuniga o‘rtacha 150-160 marta o‘t ochilishi qayd etilmoqda.

Rossiya armiyasi o‘z e’tiborini bir nechta ustuvor yo‘nalishlarga qaratishda davom etmoqda va shu yo‘nalishlarda sezilarli yutuqlarga erishishga harakat qilmoqda.

Birinchi navbatda – bu Pokrovsk, Mirnograd, Gulyaypole, Kupyansk, Konstantinovka va Vovchansk shaharlaridagi harbiy harakatlardir.

Rossiya rasmiylari bosib olingani haqida allaqachon uch marta hisobot bergan Pokrovsk-Mirnograd aglomeratsiyasi bo‘yicha esa, dekabr oyi o‘rtalarida ham bu ma’lumotlar jang maydonidagi haqiqatga to‘g‘ri kelmayapti.

Hatto operativ zaxiralarni – 76-havo-desant diviziyasini jalb qilish ham Rossiya Federatsiyasiga Pokrovskning shimoliy qismini «qo‘lga olish» va uni nazorat qilish imkonini bermadi.

Ukrainlar o‘z pozitsiyalarini saqlab qolishda davom etmoqda va shaharning noyabr oyidan beri Rossiya armiyasi tomonidan nazorat qilinayotgan markaziy va janubiy qismlariga vaqti-vaqti bilan reydlar uyushtirmoqda.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy va Desant-shturm qo‘shinlari qo‘mondoni Oleg Apostol Pokrovsk yo‘nalishidagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish paytida

Ukraina qurolli kuchlarining mudofaa tartibini cho‘zish va «yupqalashtirish» uchun Rossiya armiyasi so‘nggi haftalarda Pokrovsk g‘arbidagi Grishino qishlog‘iga bosimni kuchaytirdi. Qishloq har kuni Rossiya aviatsiyasining hujumlariga uchramoqda, bundan tashqari, Rossiya armiyasi ushbu aholi yashash punktiga zirhli tank kolonnalari bilan bostirib kirishga bir necha marta muvaffaqiyatsiz urinishlarni amalga oshirdi. Texnikalar harakati oldindan aniqlanib, aholi punktiga kirishda yo‘q qilingan.

Qo‘shni Mirnogradda ukrain jangchilari shaharning markaziy va shimoliy qismidagi kichik hududni ushlab turishda davom etmoqda. Rossiya harbiylari janub va sharqdan bosim o‘tkazishga harakat qilmoqda, ular asta-sekin turar joy binolarida to‘planmoqda.

Ukraina qo‘mondonligiga ko‘ra, Rovnoye va Svetloye qishloqlari hududidagi logistika yo‘lagi hali ham Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida qolmoqda.

«Mudofaa kuchlari Mirnogradga logistika yo‘lagini barqarorlashtirish va kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni davom ettirmoqda. Svetloye va Rovnoye hududlarida dushmanning kichik guruhlari paydo bo‘lishi qayd etilmoqda, ular darhol yo‘q qilinmoqda», – deyiladi 7-armiya korpusining 16 dekabrdagi bayonotida.

Zaporijjya oblasti Gulyaypole rayonida murakkab vaziyat saqlanib qolmoqda. Noyabr oyidayoq Rossiya kuchlari Ukraina mudofaasidagi muvaffaqiyatsizlikdan foydalanib, shaharning sharqiy chekkasiga yaqinlashgandi. Ukraina qurolli kuchlari zaxiralarni ishga solish, xususan, shturmchi polklarni ko‘chirib kelish orqali vaziyatni barqarorlashtira oldi.

Ammo Rossiya Gulyaypolening sharqiy va janubiy qismlariga rejali ravishda bosim o‘tkazishda davom etmoqda. DeepState’ning 15 dekabrdagi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi shahar hududidan oqib o‘tuvchi Gaychur daryosini kechib o‘tib, janubiy chekka hududlarga kirishga muvaffaq bo‘lgan.

Qirol Daniil nomidagi 24-alohida mexanizatsiyalashgan brigada askarlarining mashg‘ulotlari. Bu tuzilma Konstantinovkaning janubiy chekkalarini himoya qiladi, u yerga ham Rossiya harbiy qismlari hujum qilmoqda.

Donetsk oblastidagi Konstantinovkaga kelsak, Rossiya rasmiylarining shahardagi turar joy binolarining 45 foizini nazorat qilish haqidagi bayonotlariga qaramay, bu ma’lumot tasdiqlanmayapti. Rossiya shturmchi otryadlari faqat janubi-sharqiy chekkadagi turar joy binolariga kirishga harakat qilmoqda, ammo mustahkam joylashib ololmayapti.

Xarkiv oblastidagi Vovchansk shahrining g‘arbiy qismida Rossiya harbiylari taktik muvaffaqiyatga erisha oldi, ammo ukrainlar hali ham shaharning janubiy va sharqiy chekkalarda o‘z pozitsiyalarini saqlab qolmoqda. Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi Kremlning shahar egallab olingani haqidagi bayonotlarini rad etmoqda.

Biroq, allaqachon qo‘shni Liman va Vilcha qishloqlari uchun janglar ketmoqda, bu qishloqlar shaharning janubi-g‘arbiy qismida, Xarkivdan Vovchanskka olib boradigan yo‘l yoqasida joylashgan.

«Vovchanskda Ukraina kuchlari Rossiya tomonining faol hujum qilishga urinishlariga qaramay, Volchya daryosi bo‘ylab mudofaani ushlab turibdi», – dedi 16 dekabr kuni Birlashgan kuchlar guruhi spikeri Viktor Tregubov BBC Ukraina xizmati bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining Kupyanskdagi muvaffaqiyatli qarshi operatsiyasi davom etmoqda. Bu yerda kuz davomida Ukraina bo‘linmalari tayyorlanib, shahardagi Rossiya bo‘linmalarining chekinish yo‘llarini bloklab qo‘ydi. Ukrainlar Oskol daryosining g‘arbiy sohilidagi bir qancha qishloqlarni ozod qilgan va Rossiyaning ilg‘or kuchlariga ta’minot yetkazib berish yo‘llarini uzib qo‘ygan.

Tregubovning so‘zlariga ko‘ra, dekabr oyi o‘rtalarida Kupyanskda 200 ga yaqin rossiyalik harbiy qamalda qolmoqda, ular markazdagi pozitsiyalarni saqlab qolishga harakat qilmoqda.

«Kupyansk ichkarisiga o‘rnashib olgan rossiyalik harbiylar qurshab olingan. Shahardagi sharoitlar va ayrim holatlarda tinch fuqarolardan tirik qalqon sifatida foydalanish bilan murakkablashgan bosqichma-bosqich tozalash ishlari olib borilmoqda, shuning uchun bu hali biroz vaqt oladi», – dedi u.

Mavzuga oid