O‘zbekiston | 14:38 / 16.09.2023
23349
5 daqiqa o‘qiladi

Tashabbusli budjetning ikkinchi mavsumida 1187 ta loyiha g‘olib bo‘ldi

Natijalar e’lon qilingach, yurtimizning barcha go‘shalaridagi g‘olib bo‘lgan mahallalarda bayram boshlanib ketdi. Fuqarolar birdamlik bilan o‘zlari misqollab yig‘gan ovozlar natijasidan xursand, albatta.

Qayd etib o‘tish lozimki, 2023 yilning ikkinchi mavsumi uchun «Tashabbusli budjet» uchun ovoz berish jarayoniga 9436 ta mahalladan 50 mingga yaqin loyiha ilgari surilgan edi. Ularning 33,5 mingtasi tasdiqlangan.

2023 yilning ikkinchi mavsumi uchun o‘tkazilgan tanlovda 1012 ta mahalladan 1187 ta loyiha g‘olib bo‘ldi. G‘olib loyihalarning summasi 1 trln 314 mlrd 565 mln 965,5 ming so‘mni tashkil etgan. Tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, 18 mln 115 ming 86 ta ovoz berilgan.

2023 yilning birinchi mavsumiga solishtiriladigan bo‘lsa, ilgari surilgan tashabbuslar soni biroz kamaygan — birinchi mavsumda tashabbuslar soni 55 ming 970 ta edi. Ularning 33 ming 680 tasi tasdiqlangan edi. Ovoz berish soni ortgan. Birinchi mavsumda 16 mln 129 mingta ovoz to‘plangan edi. Birinchi mavsumda tashabbuslar uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar hajmi ham qariyb ikki barobar ko‘p edi — 2 trln 882,9 mlrd so‘m.

2023 yilgi ikkinchi mavsumda eng yuqori natijani 20 ming 120 ovoz bilan Andijon viloyati Baliqchi tumani «Sherobod» MFY Mustaqillik ko‘chasiga asfalt qoplamasi yotqizish loyihasi (1 mlrd 320 mln so‘m) qo‘lga kiritgan bo‘lsa, atigi 171 ovoz to‘plagan Sirdaryo viloyati Shirin shaharchasidagi Ixtisoslashtirilgan maktabiga tashqi hojatxona qurish (350 mln so‘m) loyihasi ham g‘olib bo‘lgan.

Ikkinchi mavsumda ilgari surilgan takliflarning 15 ming 140 tasi (31 foiz) ichki yo‘llarni ta’mirlashga oid. 14 ming 835 ta taklif (30 foiz) mahalla hududini obodonlashtirish tadbirlariga qaratilgan. Maktablar bo‘yicha 6 ming 820 ta (14 foiz), bog‘chalar bo‘yicha 3024 ta (6 foiz), tibbiyot muassasalari bo‘yicha 3100 ta (6 foiz) taklif kelib tushgan.

Ilgari surilgan va g‘olib bo‘lgan loyihalarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ichki yo‘llarni (piyodalar yo‘lakchasi, yo‘l o‘tkazgichlar) ta’mirlash bilan bog‘liq tadbirlar eng ko‘p g‘olib bo‘lgan — 446 ta loyiha.

Keyin o‘rinda umumta’lim maktablarini ta’mirlash va moddiy texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari turibdi — 236 ta loyiha.

Uchinchi o‘rinda sog‘liqni saqlash muassasalarini ta’mirlash va moddiy texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari turibdi — 217 ta loyiha.

Qolgan barcha g‘olib bo‘lgan tashabbuslar 288 tani tashkil etadi. Ya’ni tashabbusli budjet aynan qaysi sohalar ko‘proq e’tiborga muhtoj ekanini ham ochib bermoqda. Ma’lumot uchun: 2023 yilgi birinchi mavsumda maktablarga oid loyihalar eng ko‘p g‘olib bo‘lgandi.

Tashabbus bildirish bo‘yicha Surxondaryo viloyati boshqa hududlardan yaqqol ajralib turgan edi. Viloyatdagi 238 ta mahalladan jami 12 ming 279 ta taklif kelib tushgan. Bu jami tashabbuslarning 25 foiziga teng. Taqqoslash uchun: bu borada ikkinchi yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahriga tegishli bo‘lib, poytaxtliklar portalga 4020 ta taklif kiritishgan edi.

Viloyatlar kesimida olib qaralsa eng ko‘p g‘olib bo‘lgan loyihalar Toshkent viloyatida — 122 ta. Ikkinchi o‘rinda Samarqand viloyati — 113 ta. Uchinchi o‘rinda Qashqadaryo viloyati — 100 ta.

Qolgan hududlarda erishilgan natijalar quyidagicha: Toshkent shahri (98), Farg‘ona viloyati (97), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (92), Namangan viloyati (84), Andijon viloyati (83), Surxondaryo viloyati (77), Buxoro viloyati (74), Sirdaryo viloyati (73), Xorazm viloyati (66), Navoiy viloyati (58) va Jizzax viloyati (50).

Raqamlarga qarab, joylarda muammolar hal bo‘layotgani sababli tashabbuslar soni kamayayotgani, yangi loyihalar uchun ovoz to‘plashda fuqarolarning faolligi ortganini sezish mumkin. Surxondaryodagi 12 mingdan ziyod loyihadan atigi 77 tasi g‘olib bo‘lgani hali viloyatda qilinadigan ishlar juda ko‘pligidan dalolat berib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida bildirganiga ko‘ra, endi «Ochiq budjet» loyihalarida g‘olib bo‘lish uchun 1,5 ming ovoz yetarli bo‘ladi. Buning uchun yil yakunigacha yana 1,2 trln so‘m ajratilishi mumkin. Demak, birdamlik ko‘rsatib, g‘olib bo‘lgan tashabbuslar soni yana ortadi.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Mavzuga oid