O‘zbekiston | 09:00 / 23.11.2019
24951
6 daqiqa o‘qiladi

Gerbariy haqida nimalarni bilamiz? O‘zbekiston milliy gerbariysiga fotosayohat

O‘zbekiston milliy gerbariysi dunyoda muqobili yo‘q ilmiy muassasa bo‘lib, O‘zFA Botanika instituti tasarrufiga kiradi. Bu muassasa Markaziy Osiyo o‘simliklari bo‘yicha dunyoda eng katta gerbariy hisoblanadi.

Botanika instituti direktori, Biologiya fanlari doktori, akademik Komiljon Tojiboyev Milliy gerbariy tarixi, gerbariy yig‘ish, uni ro‘yxatga olish, saqlash jarayoni va boshqalar haqida ma'lumot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gerbariyning ilk namunalari 1835-1840 yillardan boshlab terilgan. Gerbariylar butun Markaziy Osiyo bo‘ylab yig‘ilgan. Hozirgi kunda 1,5 milliondan ortiq namuna saqlanadi. Quyidagi suratda 1841 yilda terilgan gerbariy tasvirlangan.

Markaziy Osiyo hududida bu ishga dastlab rus tadqiqotchilari kirishgan. Shuningdek, mahalliy aholi orasidan ko‘ngilli tarzda noyob o‘simliklarni yig‘ib beruvchi insonlar ham bo‘lgan. Shunday insonlardan biri Musa Mahmud ismli kishi. U maxsus gerbariy teruvchi bo‘lgan.

Akademik Komiljon Tojiboyev Milliy gerbariyning bugungi kungacha qanday tarkibda yetib kelgani haqida ma'lumot berdi.

«Avval bu Markaziy gerbariy deb atalar edi. Bunga sabab turli hududlarda ilmiy muassasalarda ham gerbariy bo‘lgan. O‘tgan asrning 80-yillarida Toshkentdagi to‘rtta asosiy gerbariyni birlashtirish orqali tashkil qilingan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU), O‘simlik moddalari kimyosi va Botanika institutlarining gerbariylari hamda Tabiat muzeyidagi tarqoq holdagi gerbariylar birlashtirilib, Markaziy gerbariy holatiga keltirilgan. 2018 yilda prezidentimiz tomonidan Milliy gerbariy maqomi berildi. Bu yerda hozir 30 nafarga yaqin xodim ishlaydi», deydi u.  

Quyidagi suratdagi gerbariy tip namunalari kolleksiyasi fan uchun yangi deb topilgan o‘simliklarning birinchi namunasi bo‘lib, o‘simlikning pasporti sanaladi. Bu xonada 2 mingdan ortiq namuna saqlanadi.

Gerbariyni nomlashda fanga yangi o‘simlikni olib kirgan olimga uni nomlash ixtiyori beriladi. Biror hudud, birinchi namunani tergan olim nomiga yoki o‘simlikning qaysidir xususiyatiga qarab nom qo‘yiladi.

Akademik Komiljon Tojiboyev gerbariylarni raqamli formatga o‘tkazish ishlari ketayotgani xususida ma'lumot berdi.

«Hozirda gerbariylarni raqamli formatga o‘tkazish ishlari ketmoqda. Har bitta namuna skanerlanib raqamli formatga o‘tkaziladi. Undan keyin uning terilgan nuqtalari Google’dan aniqlanadi. Nuqtalar qo‘yilgandan keyin, aytaylik, tabiatda bo‘layotgan o‘zgarish qay darajada ketyapti, flora o‘simlik turlari o‘zgarishi, yo‘qolishi, kelib qolishi hamda ko‘payishini yillar davomida ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Gerbariyni boyitish uchun har yili bir yarim ming donadan uch mingtagacha namunalar olib kelinadi», deydi u.

Institut direktori gerbariy yig‘ish ahamiyati haqida gapirar ekan, uni yig‘ish va asrash fundamental xususiyatga egaligi, botanikada olib borilayotgan tadqiqotlarning hammasi gerbariyga asoslanishi, shuning uchun ham vaqt o‘tgani sayin ahamiyati ortib boraverishini ta'kidladi.

Gerbariylarni tizimga solish bo‘yicha o‘ziga xos sistema — engler sistemasi amal qiladi. Sistemaga ko‘ra, o‘simlikning paydo bo‘lishi va evolyutsion rivojlanish pog‘onasiga qarab ular joylashtirib chiqiladi va raqamlanadi. Butun dunyo bir nomdagi gerbariy bir raqam ostida saqlanadi. Dunyoning istalgan nuqtasidagi gerbariyda uni shu raqam bilan topish mumkin. Masalan, 1048 hamma joyda moychechaklar turkumi, 1049 esa — yovvoyi piyozlar.

Gerbariy terilayotganda nimalarga e'tibor qaratiladi?

O‘simlik topilgandan so‘ng daftarga uning topilgan joyi, hozirda GPS koordinatalari kiritiladi. U maxsus asbob bilan kavlab olinadi. Gerbariyga uning barcha asosiy organlari kirishi kerak: ildizi, poyasi, bargi va hokazo. Keyin ichi g‘ovak ikki karton orasiga oddiy qog‘oz (asosan, gazeta qog‘ozi) qo‘yilib, uning ichiga gerbariy qo‘yiladi. Qog‘ozning pastki qismiga yorliqcha yopishtiriladi.

Bir necha gerbariy yog‘ochdan yasalgan va tasma bilan bog‘lanadigan pressda siqiladi. Kuniga bir yoki ikki marta qog‘ozi almashtiriladi. Quritish bir haftadan o‘n kungacha davom etadi. Shunda haligi gerbariy qurigandan keyin hashak kabi uvalanib ketmaydi.

Bundan tashqari, zamonaviy metodlar asosida ham quritish mumkin. Gerbariyning eng asosiy dushmani har xil hasharotlardir. Quritilgan gerbariy institutga olib kelingandan so‘ng hasharotlaridan qutulish uchun -18 darajali muzlatgichga qo‘yiladi. Hasharotlarga qarshi kurashish uchun gerbariylarga yilda bir marta maxsus dori bilan ishlov beriladi.

Yigitali Mahmudov tayyorladi,
Fotolar muallifi: Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid