Botanika instituti olimlari fanga noma'lum o‘simlik turini aniqlashdi
Qayd etilishicha, fanga hozirda ma'lum bo‘lgan tur Alp mintaqasida 3000 metrdan balandlikda uchrasa, yangi topilgan o‘simlik turi adir mintaqasida 1000-1100 metr balandlikda o‘sadi.
Farg‘ona vodiysining shimoliy qismida olib borilgan dala tadqiqotlaridan birida ilmiy ekspeditsiya Qirg‘izistonga chegaradosh hududdan hozirgacha fanga noma'lum bo‘lgan yangi yovvoyi piyoz turini topdi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi axborot xizmati ma'lum qildi.
«O‘zbekiston yovvoyi piyozlarning kelib chiqishi va turlar xilma-xilligi mavjud hudud hisoblanadi. Terilgan gerbariy namunalari laboratoriya sharoitida tahlil qilinganda yangi topilgan o‘simlik turi fan uchun yangilik ekani aniqlandi.
Unga eng yaqin bo‘lgan o‘simlik turi Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalari hududlaridagi Baland tog‘ hududida o‘sadigan Allium minitum Vved, ya'ni kichik piyoz nomi bilan kiritilgan o‘simlikdir. O‘xshash belgilari ular gulining tuzilishi va oq rangda bo‘lishi, farqi esa ekologik makoni hisoblanadi», deyiladi akademiya xabarida.
Qayd etilishicha, Allium minitum, ya'ni fanga hozirda ma'lum bo‘lgan tur Alp mintaqasida 3000 metrdan balandlikda uchrasa, yangi topilgan o‘simlik turi adir mintaqasida 1000-1100 metr balandlikda o‘sadi.
«Hozirda mazkur o‘simlik turining guli tuzilishi bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, mazkur o‘simlikning urug‘i elektron mikroskop orqali o‘rganiladi. Shundan so‘ng Institut olimlari oxirgi xulosani beradi va unga nom qo‘yiladi. O‘rganish natijalari e'lon qilinadi», deyiladi xabarda.
Ma'lumot uchun, O‘zR FA Botanika instituti O‘zbekiston florasi laboratoriyasi hamda O‘zbekiston Milliy gerbariysining eng ustuvor yo‘nalishi - mamlakat hududida o‘sayotgan o‘simliklar bioxilma-xilligining inventarizatsiyasi va davriy inventarizatsiyasini amalga oshirish, o‘simlik turlarining tarqalishini geoaxborot texnologiyalar vositasida xaritalash va ma'lumotlar bazasini tuzishga qaratilgan.
Mavzuga oid
13:52 / 22.11.2024
AQSh O‘simliklar karantini agentligiga 205 ming dollarlik uskunalar topshirdi
14:08 / 05.11.2024
Sahroi Kabirni ko‘kalamzorlashtirish Yer iqlimiga qanday ta’sir qiladi?
17:08 / 21.09.2024
Olimlar ko‘zgu yordamida daraxtlarning o‘sishini tezlashtirishga muvaffaq bo‘ldi
13:08 / 05.09.2024