Jahon | 23:39 / 12.12.2023
24976
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada «Mangu olov»ni o‘chirib qo‘ygan o‘zbekistonlik bolalar oilasi bilan deportatsiya qilinadi 

Sud ularni deportatsiya qilish va jarimaga tortish haqida qaror chiqardi. 

Sankt-Peterburgning Krasnoselskiy tuman sudi Abror Ismoilov, Nargiz Ismoilova va Gulzot Botirovani Rossiya Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 18.8-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Avvalroq, ularning farzandlari «Mangu olov»ni qor bilan o‘chirib qo‘ygan edi. 

O‘zbekiston fuqarolari Rossiya hududida migratsiya organlarida ro‘yxatdan o‘tmagan holda istiqomat qilgani aniqlangan. Ular aybini tan olgani ta’kidlanmoqda. 

Sud ularning har birini majburiy deportatsiya bilan birga 5000 rubl (≈683 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortdi. 

10 dekabr kuni Sankt-Peterburgdagi Krasnoye Selo shahrida uch nafar bola «Mangu olov»ni qor bilan o‘chirib qo‘ygan edi. Politsiya ularning 10 va 14 yoshli aka-ukalar, shuningdek yana bir 12 yoshli o‘spirin ekanini aniqladi. Shundan so‘ng, Rossiya Ichki ishlar vazirligi bolalarning oilasi Rossiya hududida noqonuniy bo‘lib turganini va sudga murojaat qilmoqchi ekanini bildirdi. 

Rossiyada urushda halok bo‘lganlar xotirasiga yoqiladigan «Mangu olov»ga nisbatan sodir etilgan bezorilik harakatlari jiddiy huquqbuzarlik sanaladi.

 

Mavzuga oid