O‘zbekiston | 19:17 / 27.07.2018
44181
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: jinoyatchilikka qarshi kurashishda haligacha eskicha ishlash tizimidan voz kecha olmayapmiz

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 iyul kuni jinoyatchilikning oldini olish, davlat idoralari va jamiyatning bu boradagi mas'uliyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda parlament va hukumat a'zolari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari qatnashdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qonun ustuvorligini ta'minlash va jinoyatchilikni jilovlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Sohani takomillashtirishga oid 80 dan ortiq qonun hujjati qabul qilindi. Ichki ishlar idoralari tuzilmasi to‘liq yangilandi. Ilgari barcha xodimlarning 60 foizi shahar va tuman boshqarmalarida, 40 foizi joylarda faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda xodimlarning 65 foizi aholiga yaqin ishlash uchun mahallalarga yo‘naltirildi. 

2017 yilda jinoyatlar 2016 yilga nisbatan 16 foizga, joriy yil 6 oyida esa 39 foizga kamaygan. Lekin qasddan odam o‘ldirish, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, talonchilik, bosqinchilik, o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlarining soni yuqoriligicha qolgan.

“Agar hamma birdek jon kuydirib, oilalar muammolaridan to‘liq xabardor bo‘lib, ularni hal etishga ko‘maklashgan, jinoyatchilikning barvaqt oldini olganda edi, bugun natijalar umuman boshqacha bo‘lardi. Afsuski, jinoyatchilikka qarshi kurashishda haligacha eskicha ishlash tizimidan voz kecha olmayapmiz. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bu faoliyatga ko‘rsatkichlarni oldingi davr bilan taqqoslash orqali baho berib kelmoqda. Aslida bitta bo‘lsa ham jinoyat bo‘lgani hammamizni tashvishga solishi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha ishni butunlay yangicha tizimda tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. “Jinoyat haqiqati va adolati” deb nomlangan bu tizimga muvofiq jinoyat sodir etilganligi bo‘yicha respublikadagi mas'ul rahbarlar joylarga borgan holda uning sabablarini o‘rganadi, muhokamasini tashkil qiladi, shunday holat takrorlanishining oldini olishga qaratilgan aniq choralar ko‘radi, televideniye, radio va gazetada bong uradi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining joriy yil 19 iyundagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta'minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi joriy etilgan edi. Unga ko‘ra, Toshkent shahrida sektorlar kesimida 73 ta ichki ishlar bo‘limi tashkil etilib, aholiga yanada yaqinlashtirildi. Ichki ishlar organlari xodimlari, Milliy gvardiya va jamoatchilik vakillari ishtirokida tun-u kun 3 smenada ish yuritish yo‘lga qo‘yildi. 

Davlat rahbari Toshkentda boshlangan mazkur amaliyotni yil oxirigacha boshqa hududlarda ham joriy etish zarurligini ta'kidladi. 

Mavzuga oid