O‘zbekiston | 21:57 / 20.04.2022
13991
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlaridan foydalanishda telefon raqami orqali shaxsni tasdiqlash mumkin bo‘ladi

1 avgustdan boshlab davlat xizmatlaridan foydalanishda mobil-ID tizimi joriy etiladi. Bunda fuqaroning mobil telefon raqami uning shaxsini tasdiqlashda elektron raqamli imzo vazifasini bajaradi.

Foto: my.gov.uz

O‘zbekiston prezidenti “Davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmon imzoladi.

Farmonga binoan, 2022 yil 1 avgustdan boshlab davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni identifikatsiyalash uchun mobil-ID tizimi joriy etiladi.

Mobil-ID tizimi –“Elektron hukumat” tizimida shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi.

Fuqaro mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan o‘tish uchun:

  • DXM yoki notarial idoraga murojaat qilsa: shaxsini tasdiqlovchi hujjatning aslini taqdim etishi lozim. Shundan so‘ng uning yuzi rasmga tushiriladi, barmoq izi olinadi va telefon raqami YaIDXPdagi shaxsiy kabinetga bog‘lanadi.
  • YaIDXPning mobil ilovasidan foydalansa: masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qo‘llaniladi hamda mobil telefon raqami YaIDXPdagi shaxsiy kabinetga bepul bog‘lanadi.

DXMlar yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022 yil 31 dekabrga qadar tekin bo‘ladi. 2023 yil 1 yanvardan boshlab BHMning 2 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undirilgan holda amalga oshiriladi.

Mobil-ID tizimi foydalanuvchilari elektron raqamli imzoni qo‘llamagan holda barcha davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin (moliyaviy xizmatlar bundan mustasno).

Fuqaroning YaIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladigan barcha xabarnomalar uning xohishiga ko‘ra va belgilangan to‘lovlar asosida mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalangan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuboriladi.

Mavzuga oid