Jahon | 13:51 / 22.04.2026
7327
4 daqiqa o‘qiladi

Tuapseda Ukraina hujumidan keyin «neft yomg‘iri» yog‘di

Qora dengiz sohili yaqinida esa neft to‘kilishi oqibatida ulkan dog‘ paydo bo‘lgan.

Foto: Planet Labs PBC / Reuters / Scanpix / LETA

20 aprel kuni Rossiyaning Tuapse shahrida «neft yomg‘iri» kuzatildi – bu ukrain harbiylarining mahalliy portdagi neft quyish terminaliga hujumidan keyin ro‘y bergan.

«Tevarak-atrof moyli parda va qora sharchalar bilan qoplandi. Avvaliga oddiy chang deb o‘ylagandik, lekin keyinroq bu yonib ketgan neft qoldiqlariga o‘xshab ketishini tushundik», – degan guvohlar Astra nashriga.

Tuapsega dronlar hujumi dushanbaga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgandi. Hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lib, yana uch kishi yaralangan. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, dronlar bir necha binolarga, jumladan, ko‘p kvartirali uy, maktab, bolalar bog‘chasi, cherkov va muzeyga zarar yetkazgan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi hujumdan keyin dronlar nishoni Tuapsedagi dengiz terminali bilan birgalikda yagona ishlab chiqarish kompleksini tashkil etuvchi neftni qayta ishlash zavodi bo‘lganini ma’lum qildi.

Portda hujumdan keyin kuchli yong‘in boshlangan va bu yong‘in seshanba kuni ham to‘liq o‘chirilmagandi. Sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlar yong‘in ichida qolgan neft rezervuarlaridan chiqqan tutun 300 kilometrga cho‘zilgani va Stavropolgacha yetib borganini ko‘rish mumkin.

Rospotrebnadzor 20 aprel kuni «yong‘in hududidagi fuqarolar»ni derazalarni ochmaslik va uydan chiqmaslikka, zarurat tufayli ko‘chaga chiqqanda niqob va respiratorlardan foydalanishga chaqirgan. Shu bilan birga, bundan bir necha soat oldin (yong‘in allaqachon boshlanganida) region tezkor shtabi telegram-kanalida havodagi zararli moddalar miqdori «normadan oshmagani» ta’kidlangan edi. Tezkor shtab havoning holati kuniga uch marta o‘lchanishini ma’lum qilgan, lekin o‘tgan vaqt ichida o‘lchash natijalari haqida birorta ham xabar chiqarilmadi.

Ukrainaning Tuapsega bu safargi hujumi so‘nggi to‘rt kun ichida ikkinchisi bo‘ldi, bundan oldinroq dronlar shaharga 16 aprel kuni ham uchib kelgandi. O‘shanda ikki bola halok bo‘lib, yana yetti kishi yaralangandi. Portda ham yong‘in chiqqan va uni o‘chirishga uch kun vaqt ketgandi.

Tuapse, 2026 yil 20 aprel
Exilenova+
Tuapse, 2026 yil 20 aprel
Exilenova+
Tuapse, 2026 yil 21 aprel
Exilenova+
Tuapsedagi uylar sirtini neft mahsulotlari izlari qoplagan, 2026 yil 21 aprel
Tuapsedagi sohilda neft mahsulotlari bilan ifloslangan qushlardan biri. 2026 yil 21 aprel
«Razliv na svyazi»
Tuapsedagi plyajda neft mahsulotlari izlari, 2026 yil 21 aprel
Ekolog Jora Kavanosyan

20 aprel kuni region opershtabi birinchi hujumdan keyin Qora dengizda 10 ming kvadrat metr maydonda neft dog‘i paydo bo‘lganini xabar qilgandi; uni to‘xtatish uchun to‘siqlar o‘rnatilgan. Yoqilg‘i Tuapse daryosiga ham tushgan, u yerda ham holat nazoratga olingan.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid