Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NYT: Kiyev Donbass bo‘yicha g‘ayrioddiy taklif bilan chiqqan
Rossiya bosib olishga urinayotgan Donbassning bir qismini “Donnilend” deb atash taklifini bildirish orqali Ukraina muzokarachilari Donald Trampning manmanligiga ta’sir o‘tkazish va uni o‘z tomoniga og‘dirishga uringan. Bu haqda The New York Times gazetasi yozdi.
Foto: Hanna Sokolova-Stekh/DW
AQSh amaldorlari bilan muzokaralar chog‘ida Ukraina vakillari Rossiya hali ham harbiy yo‘l bilan egallashga urinayotgan Donbassning bir qismini “Donnilend” deb atashni taklif qilgan. The New York Timesʼning 21 aprel, seshanba kuni yozishicha, bundan maqsad AQSh prezidenti Donald Trampni o‘z tomoniga og‘dirish bo‘lgan. Gazeta bu ma’lumotni muzokaralar jarayonidan xabardor to‘rt nafar manbaga tayanib keltirgan.
“Donnilend” atamasi Donbass va Donald Tramp ismlariga ishora qiladi, shu bilan birga “Disneylend” so‘ziga hamohang eshitiladi. NYT qayd etishicha, uzunligi taxminan 80 kilometr va kengligi 60 kilometr bo‘lgan, aholisi kamayib ketgan va vayron bo‘lgan ukrain sanoat hududiga bunday nom berish g‘alati tuyulishi mumkin. Ammo bu, gazetaning yozishicha, hukumatlar Vashington qo‘llab-quvvatlovini olish uchun Trampning shaxsiy hissiyotiga murojaat qilayotgan global voqelikni aks ettiradi.
Gazeta suhbatdoshlaridan uch nafarining aytishicha, “Donnilend” nomi ilk bor ukrainalik muzokarachilardan biri tomonidan qisman hazil tariqasida tilga olingan. Bu bilan u AQSh ma’muriyatini Rossiyaning hududiy da’volariga qarshi qat’iyroq pozitsiya egallashga ko‘ndirishga uringan. Ukraina tomonining bu sa’y-harakatlari hozircha samara bermagan, ammo “Donnilend” atamasi shundan beri muzokaralarda ishlatib kelinmoqda, garchi u rasmiy hujjatlarda uchramasa ham.
NYT ma’lumotiga ko‘ra, ukrainalik muzokarachilar “Donnilend” hech bir tomonning to‘liq nazorati ostida bo‘lmasligi va bu holat Trampning yutug‘i sifatida taqdim etilishini taklif qilmoqda. Bu hudud Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralardagi asosiy bahsli nuqtalardan biri bo‘lib qolmoqda. Rossiya hukumati ushbu hududlarda demilitarizatsiya qilingan zona tuzishga roziligini bildirgan, biroq bu zona rossiyaliklar patruli nazoratida bo‘lishi shartini qo‘ygan. Kiyev esa AQSh Moskvadan bu shartlarni yumshatishga erishishini kutmoqda.
NYT manbalariga ko‘ra, ukrainaliklar hatto sun’iy intellekt yordamida “Donnilend” uchun bayroq va madhiya ham yaratgan. Bu hududning katta qismi Rossiya zarbalari natijasida vayron bo‘lgan. Bu ramzlar Amerika tomoniga taqdim etilgan-takdim etilmagani noma’lum. Gazeta yozishicha, fevral oxirida hududiy kelishmovchiliklar sabab muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, keyin esa AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi Amerika delegatsiyasining e’tiborini boshqa tomonga burgan.
Mavzuga oid
09:09
Rossiyada barcha “front uchun” ishlashi kerak - Putin
08:55
NATO Rossiya harbiy samolyotlarining Boltiq uzra parvozini to‘sdi
18:52 / 21.04.2026
Rossiya Qozog‘iston neftini Yevropaga yetkazib berishni to‘xtatadi
20:41 / 20.04.2026