O‘zbekiston | 20:25 / 29.03.2017
13062
4 daqiqa o‘qiladi

Tabiatni muhofaza qilishga doir qonun hujjatlari yanada takomillashtirildi

2017 yil 29 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2016 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdilar. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda.

Ta'kidlanganidek, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2016 yildagi faoliyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini bajarishga, qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga hamda atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasidagi davlat nazoratini kuchaytirishga, mamlakatdagi ekologik holatni sog‘lomlashtirishga qaratildi.

Hisobot davrida insonlar salomatligini mustahkamlash, ekologik muvozanatni, jonli tabiat turlarining boyligini va genetik fondini, ekologik tizimlar rang-barangligini saqlab qolish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, ekologik xavfsizlikni ta'minlashga, tabiat obektlari bilan bog‘liq madaniy merosni saqlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borildi.

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining tabiatni muhofaza qilishga doir qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish maqsadida tegishli vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda 6 ta qonun loyihasining yangi tahriri, Vazirlar Mahkamasining 10 dan ortiq qarori tayyorlangani va shundan 8 tasi qabul qilingani qayd etildi.

Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijro etilishi ustidan olib borilgan nazorat davomida 18 270 dan ziyod mansabdor shaxs va fuqaro ma'muriy javobgarlikka tortildi, 2 400 dan ortiq korxona va tashkilotlarga da'vo kiritildi, 4,13 mlrd. so‘m undirildi.

2016 yilda ishlab chiqarishning texnologik jarayonlari uchun, xizmatlar, ekologik xavfli chiqindilarni va mahsulotlarni olib kirish hamda olib chiqish uchun 3 860 dan ortiq ekologik sertifikat berildi. 27 500 ta loyiha davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazildi, 3 350 dan ortiq ekologik norma belgilandi. Davlat ekologik ekspertizasining tavsiyalariga muvofiq energetika, neftgaz, metallurgiya, kimyo, qurilish tarmoqlarining, sanoat, kommunal va qishloq xo‘jaligining 318 ta xo‘jalik yurituvchi sub'yektida energiya tejovchi, kam chiqindi chiqaradigan texnologiyalar joriy etildi. Ekologik, shuningdek idoraviy va jamoat nazoratini amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda.

2013–2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi atrof muhitini muhofaza qilish bo‘yicha harakat dasturini bajarish choralari ko‘rildi. Orolbo‘yi mintaqasini ekologik sog‘lomlashtirish bo‘yicha choralar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Orol dengizining qurib qolgan tubidagi 76,1 ming gektar maydonda yangi ihota daraxtzorlari barpo etildi.

2016 yilda beshta xalqaro loyihani amalga oshirish davom ettirildi, 25 ta yangi xalqaro loyiha ishlab chiqildi va 2017 yilda 6 ta yangi loyihani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Hisobotni muhokama qilish vaqtida senatorlar ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan ishlash, biologik xilma-xillikni saqlash hamda ko‘paytirish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish sohalaridagi boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish zarurligiga e'tibor qaratdilar. Davlat ekologik nazorati, atrof muhit monitoringi, shuningdek xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan davlat organlarining infratuzilmasini va moddiy-texnik bazasini rivojlantirish muhimligini qayd etdilar.

Shundan so‘ng senatorlar Oliy Majlis Senatining Byudjyet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisini saylash, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisini tayinlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Mavzuga oid