O‘zbekiston | 12:00 / 09.12.2023
5348
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zkimyosanoat» yana bir xalqaro reytingni qo‘lga kiritdi

Joriy yilning 6 dekabr kuni Moodyʻs xalqaro reyting agentligi «O‘zkimyosanoat» AJga B1 (barqaror) darajadagi xalqaro kredit reytingini taqdim etdi.

Foto: O‘zkimyosanoat

Kimyo sanoatini yangi darajaga olib chiqish maqsadida «O‘zkimyosanoat» AJ va tarmoq korxonalarining xalqaro reytinglarni qo‘lga kiritish borasida Moodyʻs hamda Fitch Ratings xalqaro reyting agentliklari bilan olib borgan ishlari yakunlandi.

Mazkur reyting darajasi «O‘zkimyosanoat» AJni jahonning mashhur investorlar bozorlariga aniq va ravshan biznes strategiyasiga, shaffof moliyaviy hisobotlariga va kuchli korporativ boshqaruv tizimiga ega ishlab chiqaruvchi korxona sifatida tanitib bormoqda. Qo‘lga kiritilgan mazkur yutuq kelgusida «O‘zkimyosanoat» AJning iqtisodiy barqarorligini yanada oshirishga xizmat qiladi hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda xorijiy kreditlarni davlat kafolatisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya mablag‘larini jalb qilish imkoniyatini beradi.

Avvalroq «O‘zkimyosanoat» AJ mamlakat kimyo sanoati tarixida ilk bor yirik xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings’ning BB- «Barqaror» toifasidagi xalqaro kredit reytingini qo‘lga kiritgandi.

Ma’lumot uchun: Fitch Ratings, Moodyʻs — Amerika korporatsiyalari bo‘lib, xalqaro reyting agentliklarining « BIG 3» dan o‘rin olgan. Kompaniyalar jahon kredit bozorlarini mustaqil va istiqbolli kredit reytinglari, tushunchalar va ma’lumotlar bilan ta’minlashga ixtisoslashgan.

Mavzuga oid