Jahon | 22:54 / 05.01.2026
18729
7 daqiqa o‘qiladi

«Karakas asiri»: Maduroni nega buncha oson olishdi?

O‘tgan yilning ilk muhim voqeasi Donald Tramp prezidentlikka qaytgani bo‘lgandi. Bu yil ham Tramp yangi yil kirib kelishi bilan dunyo matbuoti uning nomini aytib bong urishini epladi. Shoumen axir!

Tramp buyrug‘i bilan amerikalik harbiylar 30 million odam yashaydigan butun boshli davlat prezidenti Nikolas Maduroni o‘g‘irladi. Yarim tunda, xotini bilan yotoqxonada uxlab yotgan prezident Maduroni oyog‘ini yerga tekkizmay olib qochishdi. Buni hech kim sezmay ham qoldi. Operatsiya shunchalik tez bo‘ldiki, dunyo nashrlarida bu haqda xabarlar chiqqanda Nike brendining qimmatbaho kiyimini kiyib olgan Maduro Amerika harbiy kemasida Nyu Yorkka qarab yo‘lga chiqib bo‘lgandi. Ko‘p o‘tmay tarmoqda xuddi 2003 yil Saddam Husaynni qo‘lga olishgandagi kabi Maduroning ham qo‘li bog‘liq rasmlari tarqaldi...

Yashin tezligidagi operatsiya

Maduroni qo‘lga olish operatsiyasi katta tezlikda o‘tkazildi. Voqealar rivojiga qarang: Amerika harbiy kemalari Venesuela qirg‘oqlariga kiradi, bortdagi vertolyotlar Amerika maxsus xizmatining «Delta» elit bo‘linmasi harbiylarini olib Karakas tomon uchishni boshlaydi. Yuzlab qiruvchi samolyotlar vertolyotga yo‘l ochib, havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqa to‘siqlarni yo‘q qilib boradi. Maxsus kuchlar Maduroning qattiq qo‘riqlanadigan qarorgohiga kuch bilan yorib kirib, prezident va uning xotinini oladi-da, Venesueladan chiqib ketadi. Va eng dahshati – mana shuncha voqea yarim soat atrofida bo‘lib o‘tadi.

To‘g‘ri, operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rilgan, razvedkachilar, harbiylar tun-u kun uxlamay barcha ishni pishitib qo‘ygan, lekin Maduroni qo‘lga olish operatsiyasining asosiy qismi yarim soatda amalga oshadi. Amerikalik harbiylar istagan odamlarini olgach, okop qazmadi, artilleriyani joylashtirib, Venesuela endi bizniki demadi, «Karakasni uch kunda olamiz» ham demadi, shunchaki operatsiyani yumaloq yostiq qilib, xuddi hech nima bo‘lmaganday mamlakatdan chiqib ketishdi. Yarim soat ichida! Agar bunaqasi Hollywood filmlarida bo‘lsa, rejissyorni bo‘rttirishda ayblagan bo‘lardik. Axir butun boshli mamlakat prezidentini boshqa mamlakat harbiylari shuncha vaqt ichida o‘g‘irlab ketishiga ishonib bo‘larmidi? Lekin o‘sha harbiylar Amerika maxsus xizmatlarining «Delta» bo‘linmasi zobitlari bo‘lsa, bunga ishonsa bo‘larkan.

Maduroni qo‘lga olish operatsiyasi xuddi Pokistonda Usama bin Lodinni ushlash amaliyotini eslatdi. O‘shanda ham maxsus kuchlar vertolyotda bin Lodinning uyiga kirib nishonni yo‘q qilishadi-da, arvoh kabi voqea joyidan «juftakni rostlagandi». Ammo bu gal natija ancha yaxshi – bin Lodinning jasadini olib ketishgandi, Maduroni tirik, eson-omon, qo‘liga suv berib olib ketishdi.

Mumkin ekan-da?

Maduroni qo‘lga olish zamonaviy dunyo tarixida uchramagan voqea bo‘ldi. Shaxsan men qaysidir davlat boshqa davlat prezidentini olib qochganini eslolmayman. Lekin 2022 yil 24 fevralda aqldan ozishni boshlagan dunyoda endi ko‘p narsa mumkin ekan. Tramp bejizga Pentagonni Urush vazirligi deb qayta nomlamagan, bejizga AQSh milliy xavfsizlik strategiyasini yangilamagan ekan.

Vashington shu vaqtgacha Lotin Amerikasi davlatlariga siyosiy ta’sir ko‘rsatishga urinar, u yerdan kelayotgan narkotik va noqonuniy migrantlarni diplomatchasiga to‘xtatishga urinardi. Lekin hech kimga o‘xshamaydigan Tramp hech kimga o‘xshamaydigan qarorlar qabul qilishda davom etmoqda. Olti yil avval Eron bosh harbiysi Qosim Sulaymoniyni Kongressdan bexabar o‘ldirtirgan Tramp bugun butun boshli qo‘shni davlat prezidentini oyog‘ini yerga tekkizmay Nyu Yorkka olib keltirdi.

Ukrainada urush boshlangach, Rossiya sanksiyalarga qaramay, dunyo siyosatida tobora kuchli pozitsiya egallab boraverdi, «Biz Yevropa markazida urush ochamiz va hech kim bizga xalaqit berolmaydi, aralashgan javob beradi», deyishdi. Urush cho‘zilgan sayin go‘yoki Xitoy Rossiyaga ta’sir qila oladigan yagona davlatday ko‘rina boshladi.

Yumshoq kuch, diplomatiya, yana bir balo terminlar o‘rtaga chiqdi. Go‘yoki Amerika endi dunyodagi asosiy hal qiluvchi kuch emasday ko‘rinib qoldi. Va ajoyib kunlarning birida Tramp barcha savollarni yopdi, yarim soat ichida butun dunyoga muvozanat hamon o‘zgarmaganini ko‘rsatdi. Rossiya va Xitoy xavotir bildirishdan nariga o‘tmadi. Vaholanki, qo‘lga olingan diktator ularning do‘sti edi. Bu voqeani qo‘llash yoki qo‘llamaslik boshqa masala, lekin reallik mana shu: Amerika bu hamon o‘sha Amerika ekan.

Aytgancha, Maduroni qo‘lga olish jarayonida deyarli qarshilik bo‘lmaganini ta’kidlash kerak. Albatta, oddiy xalq xohlaganida ham qarshilik qila olmasdi, Amerika og‘ir tanklarda loy kechib chegaradan kirib o‘tirgani yo‘q, hammasi juda tez bo‘lib ketdi. Lekin Maduro ketganidan keyin ham venesuelaliklar ko‘z yosh to‘kayotgani yo‘q, «Bizning Maduromizni qaytib bering», deb maydonlarga chiqmayapti. Qaytanga bayram qilayotganlar ko‘proq...

Dunyodagi eng katta neft zaxirasiga ega bo‘lgan davlatni qashshoqlik yoqasiga keltirgan sinior Maduroni xalqi qutqarib qololmadi, qutqarishni istagani ham yo‘q. Chunki odamlarni aldab bo‘lmaydi.

Aytgancha, biz Maduroni qo‘lga olish operatsiyasini Amerikacha «SVO» deb nomladik. Farqi shundaki, amerikaliklar o‘tkazgan «maxsus harbiy amaliyotda» biz bilgan boshqa «SVO»dagi kabi afisha vahimali bo‘lmadi, «poytaxt uch kunda olinishi» ham aytilmadi, patriot artistning g‘alaba konserti ham anons qilinmadi. Shunchaki kirishdi, olishdi va ketishdi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid