Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
FLEX dasturi uchun AQShga borgan o‘zbekistonlik maktab o‘quvchisi jinsiy zo‘ravonlikka uchradi
2025 yilda FLEX dasturining o‘zbekistonlik bitiruvchilaridan biri bo‘lgan qiz madaniy almashinuv uchun AQShga borganida jinsiy zo‘ravonlikka duch keldi. AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi Kun.uzʼga aytishicha, ayni dam vaziyat nazoratga olingan va elchixona qizning otasi bilan doimiy aloqada. Qiz O‘zbekistonga qaytarilgan.
Foto: Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan surat
FLEX (Future leaders exchange) – AQSh hukumati tomonidan to‘liq moliyalashtiriladigan xalqaro madaniy almashinuv dasturi bo‘lib, asosan bitiruvchi 9-11-sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan. Unda qatnashganlar AQShdagi maktabda bir yil davomida bepul o‘qish va amerikalik mezbon oila bilan yashash imkoniga ega bo‘ladi. M. ismli o‘zbekistonlik qiz ham 60 nafar bitiruvchi safida bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, u Indiana shtatidagi kichik shaharchada yashovchi, farzandsiz musiqa o‘qituvchilarining oilasiga joylashtirilgan.
Uning ota-onasi bu oila bilan videomuloqot orqali tanishgan. Oila bundan oldin ham boshqa mamlakatlardan kelgan o‘quvchilarni qabul qilganini aytib, ota-onaning ishonchini qozongan. M. AQShga borgach, oradan biroz muddat o‘tgach otasiga mezbon oiladagi erkak noo‘rin harakatlar qila boshlagani va unga “jinsiy tajriba orttirish”ni taklif qilganini aytgan.
Qiz bu voqea haqida FLEX dasturi koordinatoriga ham aytgan hamda koordinator qizni himoya qilish uchun uni to‘liq izolyatsiyaga olgan.
“Qizimni darhol boshqa oilaga ko‘chirib yuborishdi, lekin bu haqida biz bilan kelishishmadi. Bu xabarni menga ertasi kuni (9 soatlik vaqt farqini hisobga olib) FLEX dasturining Toshkentdagi ofisi ma’lum qildi. Ammo qizim aynan qayerda va kim bilan ekanini aytishmadi”, - deydi ota. Bu haqida esa gender zo‘ravonligiga qarshi media Nemolchi.uz xabar bergan.
Otasi qizi bilan bog‘lanishga harakat qilganida, uning telefoni o‘chirilgan bo‘lgan, messenjerlarda yuborilgan xabarlar ham javobsiz qolgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, koordinator qizdan “xavfsizlik chorasi” sifatida telefonini o‘chirib qo‘yishni so‘ragan. AQShdagi mahalliy koordinator ham, vaqtincha qabul qilgan oila ham qizning otasi bilan aloqaga chiqmagan.
Qizga esa “biz sizning ota-onangizga biror ma’lumot berishga majbur emasmiz” deyilgan. Shundan so‘ng otasi Michigan universitetida dars beradigan do‘stidan qizini borib ko‘rishni so‘ragan. Ammo dastur vakillari tashrif uchun ruxsat yo‘qligini aytib, bunga ham yo‘l bermagan. Faqat otaning qat’iy talablaridan keyingina uchrashuvga ruxsat berilgan. U qizining jismoniy jihatdan sog‘lom ekaniga amin bo‘lgan, biroq qiz psixologik bosim ostida ekanini aytgan.
Qizning otasi FLEX dasturi rahbariyatiga – Vashingtonga rasmiy maktub yo‘llab, o‘zini qiynayotgan savollarni ilova qilgan. Avvalo, kim bilan kelishib yangi oilaga berib yuborganlik uchun izoh so‘ragan.
“Afsusdamiz, ammo biz o‘z vakolatlarimiz doirasida ish tutdik. Dastur avvalgidek faoliyatini davom ettiradi”, - deyilgan Vashingtondan kelgan javob xatida.
Shundan so‘ng ota qizini darhol O‘zbekistonga qaytarishni talab qilgan. Uning aytishicha, qizi uyga qaytgach, AQSh Davlat departamenti unga FLEX dasturining “bitiruvchisi” maqomini bergan. Holbuki, qizi 10 oylik dasturda atigi bir yarim oy qatnashgan.
“Bu bizni jim qilish uchun berilgan arzon tasalli bo‘ldi”, - deydi ota.
Jabrlangan qizning oilasi Bola huquqlari bo‘yicha ombudsman ofisiga hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga murojaat qildi. Ombudsman ofisi esa murojaat Tashqi ishlar vazirligiga yuborilganini bildirgan. Bolalar ombudsmani Kun.uzʼning bu boradagi so‘roviga hali javob qaytargani yo‘q.
Vazirlik vakillari esa O‘zbekiston Adliya vazirligi bilan bog‘lanib, FLEX dasturining Toshkentdagi direktorini vaziyatga izoh berish uchun uchrashuvga taklif qilgan. Biroq u savollarga javob bermasdan, uchrashuvni tark etgan va savollarga yozma ravishda javob berishini aytgan.
Otaning qo‘shimcha qilishicha, bu dastur doirasida M. duch kelgan holat yagona emas.
Kun.uz ushbu holat yuzasidan AQShning O‘zbekistondagi elchixonasidan izoh so‘radi. Diplomatik idora vaziyatdan xabardor, biroq maxfiylik masalalari hamda AQSh qonunchiligi talablaridan kelib chiqib, ushbu holatning aniq tafsilotlarini ommaviy ravishda izohlay olmasligini ma’lum qildi.
Elchixona qizning otasi bilan aloqada ekanini va vaziyatga jiddiy yondashayotganini qo‘shimcha qilgan.
“FLEX dasturida bunday holatlarga javob berish va voyaga yetmaganlarni himoya qilish bo‘yicha belgilangan protokollar mavjud, o‘tkazilgan tekshiruv natijasida aynan shu holatda ham ushbu protokollar bajarilgani aniqlandi. Almashinuv dasturlarida qatnashayotgan o‘quvchilarning xavfsizligi va farovonligi ustuvor vazifa bo‘lib qoladiʼ, deyiladi elchixona taqdim etgan munosabatda.
Mavzuga oid
11:02 / 04.04.2026
Tramp FTB direktorini ishdan olish haqida o‘ylamoqda
09:18 / 04.04.2026
Tramp 1,5 trln dollarlik harbiy budjetni talab qildi
09:11 / 04.04.2026
Eron: AQSh Yaqin Sharqda yana bir jangovar samolyotini yo‘qotdi
13:13 / 03.04.2026