Sport | 11:30 / 06.12.2017
23503
9 daqiqa o‘qiladi

Olimpiadada Rossiya madhiyasi yangramaydi. To‘liq tafsilotlar

Foto: Zuma/TASS

Rossiyalik sportchilar 2018 yili Pyongchangda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiada o‘yinlariga borishi mumkin, ammo Rossiya emas. Xalqaro olimpiya qo‘mitasining (XOQ) ijro qo‘mitasi 5 dekabr kuni Rossiya terma jamoasini olimpiadadan chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Janubiy Koreyada Rossiya bayroqlari ko‘tarilmaydi, Rossiya madhiyasi yangramaydi, sportchilarga Olympic Athlete from Russia (OAR) bayrog‘i ostida harakat qilishga ruxsat berildi. 

Jamoani bayroq va madhiyadan mahrum etish katta norozilik keltirib chiqardi. Bunday qaror chiqarilishi avvaldan kutilgandi, shunchaki 5 dekabrda ijroiy qo‘mitaning 14 vakili buni tasdiqladi.

Shu tariqa, Rossiya o‘yinlarning 120 yildan ortiq tarixi davomida ilk marta doping qoidalari buzilishi tufayli chetlatilgan terma jamoaga aylandi.

XOQ qarori

Foto: Sochi-2014 / Reuters 

5 dekabr kuni Shveytsariyaning Lozanna shahrida o‘tkazilgan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi yig‘ilishida quyidagi qarorlar qabul qilindi:

Rossiya 2018 yili Pyongchangda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiadadan chetlatiladi, qo‘mita maxsus komissiyasi turnirga neytral tomon vakili sifatida borishi mumkin bo‘lgan rossiyalik sportchilarni belgilab beradi. Bu komissiyani Fransiyaning sobiq sport vaziri Valeri Furneyron boshqaradi. Komissiya tarkibiga XOQ va WAFA vakillari kirishadi. 

Sochi-2014 o‘yinlarida ishtirok etgan mulozim, murabbiy va shifokorlarning birortasi qishki olimpiada o‘yinlariga kiritilmaydi. 

Rossiya sport vaziri Vitaliy Mutko va uning sobiq o‘rinbosari Yuriy Nagornix umrbod diskvalifikatsiya qilindi va hech qachon Olimpiya o‘yinlariga kiritilmasligi belgilandi. Shuningdek, RF vazirligi vakillarining birontasiga Olimpiada uchun akkreditatsiya berilmaydi. Sochi-2014 tashkiliy qo‘mitasi rahbari Dmitriy Chernishenko Pekin-2022 muvofiqlashtiruvchi komissiyasi tarkibidan chiqarildi.

Rossiya Olimpiya qo‘mitasi Mustaqil antidoping komissiya (ITA) tegishli tekshiruvlar o‘tkazish uchun sarflagan 15 million dollarni to‘lab berishi kerak bo‘ladi.

Rossiya xokkey terma jamoasi va kyorling terma jamoasi Olimpiadada ishtirok etishiga rasman ruxsat berilgan.

Foto: AFP

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi press-relizidan: XOQ Rossiya Olimpiya Qo‘mitasini chetlatdi va Pyongchangda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiada o‘yinlariga sportchilar alohida borishi uchun sharoit yaratib berdi. 

XOQning qarori nimaga asoslangan

Foto: Tomas Bax / XOQ 

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining doping mojarosini tekshirish bo‘yicha komissiyasi rahbari Samuel Shmid ma'lum qildiki, Rossiya terma jamoasi chetlatilishiga faqatgina Rossiya antidoping markazi rahbari Grigoriy Rodchenkovning ko‘rsatmalarigagina asoslanmagan.

«Qayd etishni istardimki, bizning tekshiruvlarimiz faqat janob Rodchenkovning ko‘rsatmalariga emas, boshqa dalillar va guvohlarga ham asoslangan», - dedi seshanba kungi matbuot anjumanida Shmid.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday dalillar qatorida o‘zaro yozishmalarni ham kiritish mumkin.

«Biz o‘z qarorimizni boshqa isbotlovchi ko‘rsatmalar bilan ham mustahkam asosladik», - deya qo‘shimcha qilgan Shmid.

Munosabat

Rossiya Olimpiya qo‘mitasi rahbari Aleksandr Jukov

Foto: Aleksandr Jukov / TV Tsentr

«Darhol aytaman, bu qarorda tushunarsiz joylar ko‘p. Ikkita ijobiy jihat bor. XOQ rossiyalik barcha «toza» sportchilarga ruxsat berdi. Shuningdek, rossiyalik sportchilar «olimpiya sportchilari» deb atalishadi. Ular bizni Rossiyada bu tizimga aylanganini (Maklaren hisobotidagi doping bo‘yicha ayblovlar) tan olishga majbur qilmoqchi bo‘lishdi. Biz buni hamisha inkor etamiz.

Qarorning yomon tomoni - sportchilarimiz bayroqsiz va madhiyasiz ishtirok etishi kerak. Ha, bu cheklov Olimpiadaning oxirgi kuniga qadar. Qishki Olimpiadadan keyin bu cheklov olib tashlanadi va rossiyalik sportchilar yakunlovchi marosimga o‘z bayroqlari ostida chiqishi mumkin». 

Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova

Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova feysbukdagi sahifasida XOQning qaroriga munosabat bildirdi.

«Hamkorlarimiz»ning bu qaroridan nimalar kutish mumkin? Lekin bizni izdan chiqara olishmaydi. Na jahon urushlari bilan, na Sovet Ittifoqini qulatish bilan, na sanksiyalar bilan... Yashashda davom etamiz <...> Og‘riqlimi? Juda. Qalbim va yuragim  sportchilarimiz bilan. Omon qolamizmi? Ha.» — deya yozgan Zaxarova.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov

Checheniston respublikasi rahbari Ramzan Qodirov ma'lum qildiki, hech bir chechen sportchisi Olimpiadada neytral bayroq bilan chiqish qilmaydi.

«G‘arb hali yana bir marta o‘z yuzini ko‘rsatdi, bu ikkiyuzlamachilik va qo‘rqoqlikdir. Rossiyaning Olimpiadadan chetlatilishi — amaldorlar aybi uchun sportchilarni jazolashdir. Sport xalqlarni birlashtirishi kerak, dunyoni buzishi emas. Sportdan siyosiy manfaatlar yo‘lida foydlanish — kuchsizlik va qo‘rqoqlik belgisi.

Rossiyaliklar uchun o‘z bayrog‘i bilan harakat qilish muhimdir. Bizda Vatan bor, bizda vatanparvarlik bor! Hech bir chechen sportchisi neytral bayroqda qatnashmaydi. Olimpiadaga borishi kerak bo‘lgan barcha chechen sportchilarini biz g‘oliblar, deb bilamiz!

XOQ Rossiyaning uch rangi Olimpiadada ko‘p ko‘tarilishidan qo‘rqadi. G‘arbda bayrog‘imiz shunday qo‘rquv uyg‘otadi. Lekin siyosatchilar siyosatchilar bilan, sportchilar sportchilar bilan bahslashishi kerak. Bu oddiy mantiq.

Ammo hozir asosiysi, tushkunlikka tushmaslikdir. Bu bizni yanada kuchliroq qilishi kerak. Rossiya qudratli davlat va biz buni bir necha bor isbotlaganmiz», — deya Qodirovning so‘zlarini keltirgan RT.

Valuyev rossiyalik sportchilarni Olimpiadaga boshqa bayroq ostida bo‘lsa ham borishga chaqirdi

Foto: TASS

Davlat dumasi deputati, sobiq bokschi Nikolay Valuyev rossiyalik sportchilarga murojaat qildi.

«Bolalar, sport — sizning hayotingiz va taqdiringiz! Va bu hayot uzoq davom etmaydi. Shunday ekan, boring va barcha raqiblaringizga ko‘rsatib qo‘ying. Siz g‘alaba qozonar ekansiz, biz sizning g‘alabalaringizni xursandchilik bilan nishonlaymiz! Hammangizga rahmat! Sportga aloqador bo‘lmagan odamlar buni tushuna olmaydi. Xudo ularga to‘zim bersin», — deya Valuyevning so‘zlarini keltirgan RT.

Ikki karra olimpiada chempioni Yevgeniya Medvedeva

Foto: TASS

Medvedeva Olimpiadaga Rossiya bayrog‘isiz borishini tasavvur qila olmayapti.

«Men Olimpiya o‘yinlariga Rossiya bayrog‘isiz borish variantini qabul qila olmayman. Men o‘z mamlakatim bilan faxrlanaman, men Olimpiadada o‘z vatanim sharafini himoya qilishim kerak emasmi? Bu tuyg‘u meni chiqishlarim vaqtida ilhomlantirar va kuch berardi.

Bundan tashqari, men Olimpiadada shaxsiy chiqishlardan ko‘ra, jamoaviy chiqishlarni muhim bilaman. Agar men milliy bayroqsiz chiqsam, jamoaviy bo‘lib qatnasha olmayman. Boshqa raqiblarimda esa bunday imkoniyat bo‘ladi. Olimpiya xartiyasiga ko‘ra, barcha sportchilar teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak. Bu holatda esa tenglik ko‘rmayapman», — degan Medvedeva.

Endi nima bo‘ladi?

Foto: Konstantin Chalabov / RIA Novosti

XOQ o‘z qarorini e'lon qildi. Endi so‘z Rossiya tomoniga. «Sport jamoatchiligi 12 dekabr kuni olimpiya yig‘ilishi o‘tkazadi va bu masala muhokama qilinadi. Unda barcha sportchilar va murabbiylar qatnashib, Olimpiadada qatnashish shartlari bo‘yicha o‘z qarorlarini ma'lum qilishadi», - deya qayd etgan Jukov.

XOQ rahbari Tomas Bax qabul qilingan qarorni o‘qib berdi. U yakunda dopingga aloqador bo‘lmagan, lekin bu qarordan aziyat chekadigan rossiyalik sportchilarga achinishini qo‘shimcha qildi.

«Olimpiya boykoti natijalarga ta'sir qilmaydi. Rossiyalik sportchilar boykot qilishi uchun sabab ko‘rmayapman. Rossiyada «toza» sportchilar ham borligini ko‘rsatishimiz muhim. Men o‘zim ham sportchi bo‘lganman, men dopingga aralashmagan barcha rossiyalik sportchilar bu qarordan jabrlanayotgani uchun qattiq afsusdaman. Bunday «toza» sportchilar kelajakdagi «toza» sport uchun ko‘prik o‘rnatishlari mumkin», degan Bax.

Mavzuga oid