Jahon | 17:10 / 12.09.2018
31075
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya Putinning tinchlik bo‘yicha taklifini rad etdi

Hududiy bahslar bartaraf etilmagunicha, Yaponiya Rossiya bilan tinchlik sulhi tuzmaydi. Bu haqda Yaponiya Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Yosixide Sugaga asoslangan holda «Interfaks» agentligi xabar tarqatgan.

«Biz shunday kurs asosidagi muzokaralarni o‘tkazishni davom ettiramiz — shimoliy hududlarni qaytarish muammosini hal etish. Shundan keyin tinchlik sulhi tuzilishi mumkin», — degan u.

Siyosatchi Yaponiya hukumati Rossiya prezidenti Vladimir Putinning har bir so‘ziga munosabat bildirmasligini aytib o‘tgan.

Bugun Sharqiy iqtisodiy forum doirasida  Vladimir Putin Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abega 2018 yil oxirigacha tinchlik shartnomasini dastlabki shartlarsiz imzolash bo‘yicha taklif bilan chiqqandi. U avval bitim tuzishni, keyin muammo hal bo‘lishini aytgandi.

Undan avvalroq esa, Abe Sharqiy iqtisodiy forum doirasida Moskva va Tokio o‘rtasida tinchlik shartnomasining yo‘qligi g‘ayritabiiy holat ekanligini ta'kidlab o‘tgandi.

Rossiya va Yaponiya o‘rtasidagi tinchlik shartnomasi 70 yildan ortiq vaqt mobaynida imzolanmayapti. Tokio Iturup, Kunashir, Shikotan va Habomai orollari qaytarib berilishini talab qilmoqda. Rasmiy Moskvaning bildirishicha, bu orollar Ikkinchi jahon urushidan keyin SSSR tarkibiga kirgan va ularning ustidan suverenitetga shubha qilib bo‘lmaydi.

IV Sharqiy iqtisodiy forum 11-13 sentabr kunlari mobaynida Vladivostokdagi Uzoq Sharq federal universitetida o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid