O‘zbekiston | 12:01 / 02.06.2021
21894
2 daqiqa o‘qiladi

«Daryoning nariyog‘ida ertaga vaziyat qanday bo‘lishini kim biladi? O‘ylamanglar, bu tinchlik o‘z-o‘zidan bo‘ladi deb» – Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida viloyat faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qildi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Surxondaryodagi imkoniyatlar boshqa viloyatlarda yo‘q. Boysun qayerda bor, Sherobod qayerda bor? Andijonda chorva boqish imkoni yo‘q, lekin ular parrandachilikni rivojlantiryapti. Hozir eng qimmat parranda, eng qimmat tuxum Surxondaryoda.

Shuncha sharoit yaratilyapti, qani natija? Endi mehnat qilish vaqti keldi. Surxondaryoda bor yerlar Andijonda bo‘lsa, bir necha barobar ko‘proq daromad olinadi. Agar hammasini ilm bilan, fidoyilik bilan yo‘lga qo‘ysak, Surxondaryoda 100 ming ishsiz emas, umuman ishsizlik bo‘lmaydi. Marhamat, yer beraylik, mahsulot yetishtirsin. Kunlik yetishtirganini kunlik olamiz, eksportga chiqaramiz. Aholini band qilishimiz kerak, kambag‘allikdan chiqarishimiz kerak. Xitoy tajribasida ham dastlab aholiga qo‘y, echki, parranda boqish o‘rgatilib, kambag‘allik bartaraf qilingan.

Odamlarni band qilish, daromadini, farovonligini oshirish uchun barcha choralarni ko‘rishimiz kerak. Tinchlik ne'matining qadriga yetishimiz kerak. Daryoning nariyog‘ida ertaga vaziyat qanday bo‘lishini kim biladi? O‘ylamanglar, bu tinchlik o‘z-o‘zidan bo‘ladi deb. Men Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishi uchun bekorga jon kuydirayotganim yo‘q. Biz faqat jips bo‘lib birlashishimiz, hamjihatlikda ishlashimiz bilan xalqimizni himoya qila olamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid