Moliya | 17:03 / 25.09.2025
8936
6 daqiqa o‘qiladi

Pul sotiladimi? Islom moliyasidan nigoh

“Tez pul ishlash”, “oson pul topish”, “bir zumda boyib ketish” kabi iboralar odamlarni beixtiyor o‘ziga tortadi. Bir qarashda ular jozibador, ba’zan esa haqiqatga yaqin tuyuladi. Ayrimlarda bu amalga oshayotgandek. Go‘yo qo‘l cho‘zsangiz bo‘ldi – boylik qo‘lingizga tushadigandek. Ammo bu xayollarning tagida nima yotadi? Haqiqatan ham pulni tez va oson ishlab topish mumkinmi?

Boyib ketish illyuziyasi

Ko‘pincha odamlarni tez boyishga ishontirish uchun katta natijaga erishgan tadbirkorlar misol keltiriladi. Ularning muvaffaqiyatlari orqali “qarang, siz ham shunday qilsangiz bo‘ladi”, deyiladi. Lekin bu yerda katta ziddiyat bor: tez va oson boyish deyarli imkonsiz. Biz ko‘rib turgan natijalar esa shunchaki noto‘g‘ri talqin qilingan bo‘ladi. Aslida muvaffaqiyatli insonlarning yo‘li oson bo‘lmagan. Ularning ortida yillar davomida yig‘ilgan tajriba, ilm, qattiq intizom, tinimsiz mehnat, sabr-toqat va qanoat yotadi.

Foto: Pixabay

Kishida ilmsizlik sabab “bo‘shliq” mavjud bo‘lsa, ko‘pincha qisqa muddatli daromad va’dasi bilan to‘ldiriladi. Bu esa odatda moliyaviy piramidalar shaklida namoyon bo‘ladi. Ularda keyin kirganlarning puli avvalgilarga qayta taqsimlanadi, go‘yo “investitsiya daromadi” kabi illyuziyalanadi. Lekin oxir-oqibat piramida qulaydi, minglab odamlar pulidan ayriladi.

Islomiy oltin qoida

Qadimiy, ammo hanuz amal qilib kelayotgan islom moliyasining bir qonuniyati bor: pul evaziga pul topilmaydi. Pul faqat real iqtisodiyotga kirib, mahsulot yoki xizmatga aylanib, qiymat yaratganidan so‘nggina foyda keltiradi.

Islom moliyasining eng asosiy tamoyillaridan biri ham shunda: pul – tovar emas. Pul sotilmaydi, faqat ayirboshlanadi. Shu sabab savdoga oid qoidalar pulga nisbatan qo‘llanmaydi. Pulning o‘ziga xos alohida tartiblari bor – ularni “sarf qoidalari” deb atashadi.

Foto: Pixabay

Biz tovarlarni yoki xizmatlarni bevosita iste’mol qilamiz: nonni yeymiz, liboslarni kiyamiz, mashinani minib yuramiz. Pul esa bunday emas. U jismoniy xususiyatiga ko‘ra qog‘oz, metall yoki hisobdagi raqamlardir. Bizga pul orqali olinadigan manfaat kerak. Masalan, qo‘lingizda bir million so‘m naqd mablag‘ bo‘lsa, uni qog‘oz sifatida ishlatmaysiz. Balki uni oziq-ovqatga yoki xizmatga sarflaysiz. Ya’ni pul ehtiyojimizni qondiruvchi boshqa mahsulot olishga sarflandi. Demak, pul – shunchaki vosita. Uning jismoniy qiymati yo‘q, asl mohiyati unga yuklangan ijtimoiy vazifadadir.

Pulning asl vazifasi

Tarix guvoh, turli davrlarda pul vazifasini tuz, teri, oltin, kumush va qog‘ozlar bajarib kelgan. Bugungi kunda raqamli vositalar ham bajarmoqda. Hatto biz yashab turgan kunlarda ham ko‘z o‘ngimizda pul shakllari o‘zgarishda davom etmoqda. Masalan, 500 so‘mlik kupyura endi savdoda qabul qilinmaydi – u qog‘oz, suvenir yoki kolleksion buyum xolos. Chunki unga berilgan “pul vazifasi” bekor qilingan. Bu shuni ko‘rsatadiki, pulning mohiyati uning jismida emas, balki jamiyat unga bergan vazifadadir. Mushukni qancha pardoz qilsangiz ham sher bo‘lmagani kabi, pul ham asliyatiga ko‘ra hech qachon tovar bo‘lolmaydi.

Pul tovar bo‘lmasa unda nima?  Javob oddiy: pul – vosita. Pul tushunchasi jismonan mavjud emas. Quyidagi 3 ta vazifani eng yaxshi shartlarda bajara oladigan tovarga pul vazifasi yuklatiladi: to‘lov vositasi, qiymat o‘lchovi, boylik to‘plash vositasi.

Mehnat, sabr va manfaat

Pulning mohiyatini anglagan kishi shoshilinch boylik va’da qilayotgan shiorlarga uchmaydi. Chunki tez va oson daromad – ko‘pincha aldamchi illyuziya. Hayotda tekin pishloq faqat qopqonda bo‘ladi. Shuning uchun investitsiya qilishdan oldin loyihani qanday qiymat yaratishi, jamiyatga qanday foyda keltirishi jihatidan yaxshilab o‘rganing. Shubhangiz bo‘lsa, ilmli mutaxassislardan maslahat so‘rang.

Foto: Pixabay

Pul ishlab topishda eng muhimi esa – qiymat yaratishdir. Ya’ni odamlar uchun foydali mahsulot, xizmat yoki yechim taklif etish, pulning natija bo‘lib qaytishiga sabab bo‘ladi. Haqiqiy boylikni aynan qo‘shimcha qiymat (oddiy xomashyo yoki resursni qayta ishlash, unga bilim, mehnat yoki innovatsiya qo‘shish orqali qo‘shimcha foyda hosil qilish) shakllantiradi. Bu asos e’tibordan chetda qolsa, “oson pul” g‘oyasi poydevorsiz imoratga o‘xshab, bir kun qulashga mahkum bo‘ladi. Haqiqiy baraka va mustahkam boylik faqat mehnat, sabr va jamiyat uchun foyda keltiruvchi qiymat yaratish orqali qo‘lga kiritiladi.

I.f.d. Abrorov Sirojiddin

Muallif:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid