O‘zbekiston | 12:05 / 25.02.2025
1663
2 daqiqa o‘qiladi

Faxriy donorlar uchun pul mukofoti 3 baravarga oshiriladi

Senatning yalpi majlisida “Donorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Qonun bilan bir qator yangiliklar joriy etilmoqda. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxs uchun bir yo‘la beriladigan pul mukofoti bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 15 baravari etib mustahkamlanmoqda (muqaddam BHMning 5 baravari miqdorida bo‘lgan).

Ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan donorlarga o‘zlari uchun qulay bo‘lgan vaqtda har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish, shahar yo‘lovchilar transportidan (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish, sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish huquqi berilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘z vakolatlari doirasida aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini shakllantirish, uni keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirish, donorlarga sifatli xizmatlar ko‘rsatish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish kabi vazifalar yuklatilmoqda.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid