Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘onada shunday direktor bor: u 2500 o‘quvchini har kuni eshik oldida o‘zi kutib oladi
Sharofiddin Husanov Farg‘ona shahridagi 5-maktabning direktori. O‘quvchilar uni xuddi o‘z otasidek hurmat qiladi. Direktor deyarli har bir o‘quvchining ism-sharifini yoddan biladi. U har kuni o‘quvchilarini maktab eshigi oldida kutib olib, ularning hol-ahvolini so‘raydi. Bolalar ham bunga ko‘nikib ketgan.
Sharofiddin Husanov o‘zi rahbarlik qilayotgan maktabda o‘qigan.
“O‘z kasbimni, bolalarni, o‘quvchilarimni yaxshi ko‘raman. O‘quvchilarning maktabdagi otasiman. Men buni qo‘rqmay aytaman, sababi, ko‘pchilikning otasi yoki onasi tirikchilik maqsadida chet davlatlariga borib ishlashadi. O‘quvchilar meni o‘z otasidek ko‘rishadi. Ertalab maktab ostonasida bolalar qarshimga yugurib kelgandan keyin qanday bag‘rimni ochmay?
Dars paytida davomat olgani kirganimda men sizlarning otangizman deb o‘quvchilarga ko‘p aytaman. Ular ham meni o‘z otasidek ko‘rishadi. Menga ishonishadi. Darding bo‘lsa ayt, qizimsan yoki o‘g‘limsan, deyman. O‘quvchilar gapimdan xursand bo‘lishadi.
Maktabda psixolog ham bor. U ham o‘z ishini qiladi. Lekin asosan o‘zim psixolog vazifasini bajaraman. Maktab darvozasi qarshisida o‘quvchilarni kutib olishni boshlaganimga 16 yil bo‘libdi. Bundan 16 yil avval rahbar bo‘lgan bo‘lsam, 500 o‘quvchim bor edi. Bugungi kunda o‘quvchilarim 2,5 ming nafar. Direktorlik lavozim yoki amal emas. Bu xalq xizmatchisi degani.

1990 yildan 2000 yilgacha shu maktabda o‘qidim. O‘qishni tamomlab jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lib ishladim. Ma’lum vaqt o‘tib direktor bo‘ldim. Umrimning ko‘pi maktabda o‘tdi. Chorak asrdan beri mana shu maktabdaman.
100 foiz demayman, lekin 95 foiz o‘quvchilarimning ismini bilaman. Ota-onasi kimligigacha, oilaviy sharoitigacha bilaman. 2,5 mingga yaqin o‘quvchi... aytishga oson. Har bittasi bilan gaplashaman, erinmayman.
Bozorga borsam, qo‘limda yukim bo‘lsa o‘quvchilarim ko‘rib qolib, yukimni olib tashqarigacha olib chiqib berishadi. Xursand bo‘lib ketaman. Faxrlanaman”, – deydi maktab direktori.

E’tiborimizni 4-sinf o‘quvchisi Shohnura Saidaliyevaning yugurib kelib direktor bag‘riga otilganiyu, sevinganicha qo‘l berib so‘rashib ichkariga kirib ketgani tortdi. Shohnura direktor bilan suhbatlashib turganimizdan nimadandir xavotirlandi chog‘i yonimizga kelib direktorni boshqa maktabga olib ketmanglar, u juda yaxshi inson, deya yig‘lab yubordi.

Ma’lum bo‘lishicha, Shohnuraning otasi Yevropada muxojirlikda ishlar, u direktorni xuddi o‘z otasidek hurmat qilarkan. Aytishlaricha, bundan bir muddat avval direktor boshqa maktabga ishga o‘tayotganda shu qizaloq dod-voy qilib yig‘lab uning o‘z o‘rnida qolishiga sababchi bo‘lgan ekan.
Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz
Mavzuga oid
20:14 / 16.12.2025
Toshkentda 75 tadan maktab va bog‘cha yetishmayapti
11:00 / 11.12.2025
Inson organlari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruhga hukm o‘qildi
08:42 / 08.12.2025
Sinfni o‘zgartirish: ota-onalar qanday tartibda murojaat qiladi?
08:22 / 05.12.2025