O‘zbekiston | 09:21 / 11.12.2020
6037
4 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda N.Pirogov nomidagi Rossiya tibbiyot universiteti filiali va filial klinikasi tashkil etiladi

Respublika iqtisodiyotining sog‘liqni saqlash sohasi tarmoqlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish maqsad qilingan.

Foto: medvestnik.ru

Vazirlar Mahkamasining “N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti” federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasi filialini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va “N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti” Federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasining Jizzax shahrida “N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy tekshirish tibbiyot universiteti” Federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasi filialini va “N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti” Federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasi filiali klinikasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Quyidagilar Filial va Filial klinikasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • respublikaning sog‘liqni saqlash sohasi tarmoqlaridagi muhim tibbiy-kasbiy va tibbiy-texnologik vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali tibbiyot kadrlarni tizimli-uzluksiz xalqaro ta'lim standartlariga muvofiq tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • davolash ishi, pediatriya ishi, stomatologiya, farmatsiya va tibbiyotning boshqa sohalarida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish;
  • sog‘liqni saqlash sohasida tibbiyot kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan yangi ta'lim dasturlari hamda o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va tatbiq etish;
  • tibbiy ta'lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning yaqin integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • ilmiy-pedagogik salohiyatning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalar va o‘qitish usullarini faol takomillashtirish;
  • klinikada, klinik, o‘quv va o‘quv-amaliyot bazalarida talabalar amaliy ko‘nikmalarini samarali o‘zlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • tibbiy ta'lim hamda ilmiy-texnikaviy sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va biznes hamjamiyati bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • Filial va Filial klinikasi – yuridik shaxs maqomiga ega davlat tibbiyot muassasasi hisoblanadi, alohida mol-mulkka, mustaqil balansga ega bo‘lgan, tasarrufidagi pul mablag‘lari va mol-mulki bilan o‘z majburiyatlari bo‘yicha javobgar hisoblanadi;
  • Filial direktori va Filial klinikasi bosh shifokori O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Bosh muassasa bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
  • Filial klinikasi muassisi Filial hisoblanadi hamda Filial klinikasi faoliyati Filial tomonidan muvofiqlashtiriladi;
  • Filial tibbiyot kadrlariga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan holda o‘qitishning Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan asosiy bakalavriat yo‘nalishlari (magistratura va klinik ordinatura (rezidentura) mutaxassisliklari) bo‘yicha barcha darajalardagi mutaxassislarni, shu jumladan, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiradi;
  • Filialda o‘qitish rus tilida, Rossiya Federatsiyasining federal ta'lim standartlariga muvofiq O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda Bosh muassasa tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlarga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
  • Filialning ta'lim faoliyati 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi;
  • Filial bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ma'lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitet diplomi beriladi.

Filial Jizzax viloyati, Jizzax shahri, X.Nosirov ko‘chasi, raqamsiz uyda joylashgan, hozirda bo‘sh turgan Jizzax aviasozlik kasb-hunar kolleji binosiga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Mavzuga oid